16:04 / 23.04.2021
17975

«Go‘sht narxi barqarorlashishi kuzatilmoqda» - Markaziy bank raisi

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovga ko‘ra, qoramol importi o‘tgan yilga qaraganda 4 barobar oshib, rastalarda go‘sht narxi barqarorlashishi kuzatilmoqda. Biroq, faqat Markaziy bankning xatti-harakati inflatsiyani pasaytirishga imkon bermaydi.

22 aprel kuni Markaziy bank asosiy stavkasi bo‘yicha boshqaruv yig‘ilishining qarori bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda MB rahbariyati Kun.uz muxbirining inflatsiyani targetlash bo‘yicha savollariga javob qaytardi.

Bank raisi Markaziy bank ta'sir ko‘rsata olmaydigan va boshqara olmaydigan barcha omillar rejalarni buzib yuborishi mumkinligini ta'kidladi. 

«Nomonetar omillar bevosita Markaziy bankka bog‘liq emas. Oziq-ovqat mahsulotlarining dunyo bozorida o‘zgarishi ichki bozorga ham ta'sir qiladi.  Shu o‘rinda bir narsani aytish kerak, hozirgi kunda go‘sht mahsulotlari bo‘yicha narxlar barqarorlashganini kuzatyapmiz. Ayrim hollarda ko‘zimiz tushadi: go‘sht narxlarining pasaytirib sotish holatlari bor. O‘tgan yil 1 chorakda 8,5 ming qoramol olib kirgan bo‘lsak, bu yil qoramol importi 4 barobarga ko‘payib, 32 mingga yetdi. Faqat Markaziy bankning xatti-harakati inflatsiyani to‘liq boshqarishga imkon bermaydi, tashqi omillar ham ta'sir qiladi. Bunda tashqi hamkorlar, tashqi jahon bozoridagi narx-navo o‘zgarishi o‘z aksini topadi. U yerda Markaziy bankning monetar instrumentlari ishlamaydi», dedi u.

Shuningdek, markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev inflatsiyani targetlashda Markaziy bank instrumentlari yetarli ekanini ta'kidladi. 

«Inflatsiyani targetlashda Markaziy bank instrumentlari yetarli, chunki inflatsiyaga nafaqat monetar omillar, balki nomonetar omillar ham ta'sir qiladi.

Nomonetar omillarga qanday qilib Markaziy bank ta'sir qila oladi? 2019 yil noyabrda inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish bo‘yicha qaror qabul qilingandi. Unda nafaqat MB pul-kredit siyosati, balki butun iqtisodiyot inflyatsion targetlash siyosatiga o‘tayotgani ko‘rsatib o‘tilgan. Raqobatni rivojlantirish, ishlab chiqarishni ko‘paytirish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish... umuman, nomonetar omillar bo‘yicha har bitta vazirlikka vazifalar belgilab berilgan», dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Avvalroq, Markaziy bank raisi imtiyozli kreditlar bank tizimida korrupsiyaga moyillikni oshirishini ta'kidlagani xabar qilingan edi.

Shuningdek, kecha, 22 aprel kuni Markaziy banki boshqaruvi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Joriy yil fevral oyida Markaziy bank oziq-ovqat mahsulotlari narxlariga bosim saqlanib qolishi kutilayotganini bildirgandi.

Top