Jahon | 23:40 / 28.11.2022
37075
2 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev Putinning O‘zbekiston ishtirokida uch tomonlama ittifoq tuzish g‘oyasi haqida gapirdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning o‘ziga xos uch tomonlama ittifoqini tashkil etish, shu jumladan, gaz sohasidagi muammolarni hal qilish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 

Vladimir Putin va Qosim-Jo‘mart To‘qayev / Foto: wikimedia

«Ha, qo‘shimcha muvofiqlashtirishni va hatto muzokaralarni talab qiladigan masalalar bor. Xususan, gap gaz sektori haqida ketyapti. Lekin biz qandaydir masalani dramalashtirmayapmiz. Men Vladimir Vladimirovichga shunday masalalar borligini aytdim, ular muhokama talab qiladi, lekin mutlaqo dramatizatsiyani emas. Bu ish yuzasidan bo‘ladigan masalalar», dedi To‘qayev. 

Qozog‘iston prezidenti bu so‘zlarni Kremlda, Rossiya-Qozog‘iston muzokaralaridan keyin Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytgan. Uning so‘zlarini Interfax keltirmoqda.

To‘qayev «tegishli kelishuvlarga erishamiz» deb ishonch bildirdi. «Bundan tashqari, bugun Vladimir Vladimirovich qandaydir uch tomonlama ittifoq tuzishimiz kerakligini aytdi va u O‘zbekiston prezidentiga qo‘ng‘iroq qilmoqchi», — dedi To‘qayev. 

Uning qo‘shimcha qilishicha: «Kerakli natija va kelishuvga erishish uchun biz ham bu masala mohiyatini tushunib olishimiz kerak, har holda o‘zim ham. Mutaxassislarimizni aytmasayam bo‘ladi. Nega endi yo‘q bo‘lishi kerak?» deb xulosa qildi Qozog‘iston rahbari. 

Mavzuga oid