O‘zbekiston | 12:45 / 12.10.2018
39607
3 daqiqa o‘qiladi

Abdusalom Azizov va Sergey Shoygu nimalar haqida kelishib olgani ma'lum bo‘ldi

Foto: Zvezda

O‘zbekiston Rossiya bilan har tomonlama hamkorlikni, shu jumladan, harbiy-texnikaviy sohada rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov Rossiya mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu bilan uchrashuvda ma'lum qildi, deb xabar bermoqda «Interfaks».

«Biz do‘stlarimizni bu yerda ko‘rib turganimizdan juda mamnunmiz. Avvalo, shuni ta'kidlashni istardimki, bizning rahbarlarimiz, davlat rahbarlarining uchrashuvlari mudofaa sohasidagi hamkorlikka turtki berdi. Bu yil O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirliklari o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun juda ko‘p narsani qilishdi», - dedi Azizov.

«Biz Rossiya Federatsiyasida o‘tkaziladigan mashqlarda faol ishtirok etmoqdamiz, harbiy-texnik rejalarda juda katta hamkorlik davom etmoqda, Rossiya tomoni kadrlarni o‘qitish va tayyorlashda yordam beryapti», - deya davom etgan u.

Rossiya mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoyguning xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining 340dan ortiq harbiy xizmatchilari shu yil Rossiya Federatsiyasi harbiy o‘quv muassasalarida o‘qishni boshladilar, bu Mudofaa vazirligi o‘quv muassasalariga chet ellik eshituvchilarni qabul qilish bo‘yicha eng katta ko‘rsatkichga aylandi. 

Uning ta'kidlashicha, Rossiya harbiylari Rossiya va O‘zbekiston Mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik rivojining ijobiy dinamikasidan qanoatlanmoqda.

«Talab qilinadigan sur'at may oyida Toshkentda erishilgan kelishuvlarimiz bilan belgilandi. Bu, birinchi navbatda, harbiy kadrlarni ta'minlash va tayyorlash bo‘yicha birgalikdagi chora-tadbirlarni nazarda tutadi», - deya ta'kidlab o‘tdi Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari.

Ma'lum bo‘lishicha, mudofaa vazirlari har ikki mamlakat havo kengliklaridan harbiy havo kemalari foydalanishi to‘g‘risidagi kelishuvga erishdilar. 

Shuningdek, kelishuv harbiy yuklarni tashish va harbiy-transport samolyotlari tomonidan qo‘nishlarsiz parvozlar amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni darhol hal qilish imkonini beradi.

Foto: Zvezda

Bundan tashqari, ikki mamlakat harbiy idoralari rahbarlari Mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2019 yilga hamkorlik rejasini imzoladilar. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya mudofaa vaziri Toshkentga kelgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid