Covid-19'ga qarshi sinalayotgan dorilardan biri tuzalish jarayonini sezilarli tezlashtirishi tasdiqlandi
Keng ko‘lamda sinalayotgan remdesivir preparati koronavirusdan davolashdagi birinchi effektiv dori vositasi deb topilishi mumkin. Bu haqda AQSh Allergik va infeksion kasalliklar milliy instituti direktori Entoni Fauchi ma'lum qildi.
AQShning bosh infeksionisti remdesivir haqidagi ijobiy yangilikni e'lon qilar ekan, bu xushxabarni 34 yil oldin OIVdan davolashga yordam beradigan birinchi preparat – zidovudinning kashf etilishiga o‘xshatdi.
«Sinovlar shuni ko‘rsatmoqdaki, remdesivir koronavirusdan sog‘ayish vaqtini qisqartirishda katta va aniq-ravshan ijobiy ta'sirga ega», deya Fauchining chorshanba kuni Oq uyda o‘tgan matbuot anjumanidagi so‘zlarini keltirmoqda Politico.
Mutaxassisning aytishicha, «remdesivir virusni to‘xtata olishi isbotlangan». Shu boisdan ham mazkur sinovlarning ahamiyati yuqori deb baholanmoqda.
Klinik sinovda remdesivir bilan davolangan bemorlar platsebo qabul qilganlardan ko‘ra 31 foizga tezroq sog‘ayishyapti.
«Remdesivir berilganlar orasida o‘lim ko‘rsatkichi birozgina past, lekin hali o‘rganilishi kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p», – dedi Entoni Fauchi.
Sinov guruhida o‘lim darajasi 8 foiz, platsebo guruhida esa 11,6 foizni tashkil etgan.
Preparatni koronavirusga chalinganlarni davolashda sinash 21 fevraldan boshlangan edi.
Ikki oydan oshiqroq vaqtdan buyon davom etayotgan tajribalar bo‘yicha hali yakuniy xulosaga kelinmagan, ammo olingan dastlabki natijalardan kelib chiqib, ekspertlar remdesivirga katta umid bog‘lashmoqda.
BBC`ning qayd etishicha, klinik sinovlar AQSh, Osiyo va Yevropada Covid-19 tashxisi qo‘yilgan mingdan ziyod bemorni qamrab olgan.
Tadqiqot doirasida patsiyentlar ikki guruhga bo‘lingan: birinchi guruhdagi bemorlarga odatiy davolash kursidan tashqari remdesivir ham berilmoqda, ikkinchi guruhdagilarda platsebo effekti sinalyapti. Bemorlarning o‘zlari qaysi guruhda ekanliklarini bilishmaydi.
AQSh Allergik va infeksion kasalliklar milliy instituti bergan dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, remdesivir qabul qilayotgan bemorlar o‘rtacha 11 kunda sog‘ayishmoqda. Platsebo guruhidagilarning tuzalishi uchun esa o‘rtacha 15 kun talab etilyapti.
Agar yakuniy xulosalar oraliq natijalardan katta farq qilmasa, remdesivir keng ko‘lamdagi klinik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan Covid-19ga qarshi birinchi preparat bo‘ladi.
Sinovdagi dori vositasi Amerikaning Gilead Sciences biofarmatsevtik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Kompaniya o‘z bayonotida preparatga hali litsenziya berilmagani, hech qaysi davlatda rasman ro‘yxatga olinmagani, uning xavfsizligi to‘la-to‘kis tasdiqlanmaganini eslatib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, jahon bo‘ylab 200 mingdan oshiq insonni hayotdan olib ketgan Covid-19 kasalligiga qarshi hozircha maxsus davo choralari yo‘q, bemorlar faqat simptomatik davolanmoqda. Ya'ni hozirgi davolash infeksiyaning o‘ziga emas, u keltirib chiqargan alomatlarga qarshi yo‘naltirilgan.