16:37 / 30.03.2023
5342

“Juda ko‘p davlatlarda bu narsa yo‘q” – adliya vaziri saylovda elektron ovoz berish imkoniyati joriy etilishi haqida

Adliya vaziri Akbar Toshqulov taraqqiyot darajasi O‘zbekistondan yuqori bo‘lgan davlatlarda ham haligacha saylovda qog‘oz byulletenlarda ovoz berib kelinayotganini ta’kidladi. Vazirga ko‘ra, elektron tizim mukammal degani emas.

Foto: Adliya vazirligi axborot xizmati

Adliya vaziri Akbar Toshqulov 28 mart kuni jurnalistlar bilan uchrashib, o‘zi rahbarlik qilayotgan vazirlikning 2022 yildagi faoliyati yuzasidan hisobot berdi. Ochiq muloqot davomida vazir OAV va jamoatchilik vakillarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga ham javob berdi.

Tadbirda qatnashgan jurnalistlardan biri an’anaviy saylov tizimida byulletenlarni soxtalashtirish va boshqa qing‘irliklar uchrab turishi, shularni inobatga olib O‘zbekistonda yaqin kelajakda saylovlarda elektron ovoz berish mexanizmiga o‘tilishi rejalashtirilayotgani bilan qiziqdi.

“Saylov kodeksi qabul qilindi. Saylov tizimi yillar davomida takomillashtirib boradi. Saylovda elektron ovoz berish imkoniyatini yaratish uchun elektron baza bo‘lishi kerak. Aholining elektron reyestri shakllantirilishi, ma’lum bir infratuzilmalar shakllantirilishi kerak. Juda ko‘p davlatlarda bu narsa yo‘q hali. Rivojlanish darajasi bizdan yuqori bo‘lgan davlatlarda ham onlayn saylov yo‘lga qo‘yilgani yo‘q, qog‘oz byulletenlarda ovoz berib kelinadi”, deya Akbar Toshqulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir saylovda elektron ovoz berish imkoniyatini yaratish uchun fuqarolarning shaxsiy identifikatsiya ma’lumotlarini qamrab olgan mexanizm ishlab chiqilishi, ushbu ma’lumotlar himoyalangan bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, u ayrim saylovchilar elektron ovoz berishni xush ko‘rmasligiga ham urg‘u berishga harakat qilgan.

“Elektron ovoz berish ma’lum bir tayyorgarlikni talab qiladi. O‘zbekistondagi 36 mln aholining 18 millionini saylovchi deb olsak, shuncha odamning barmoq izlaridan tortib hamma shaxsiy identifikatsiya ma’lumotlarini elektron qurilma orqali yetkazib beradigan mexanizm qilinishi kerak. Ushbu ma’lumotlarni himoyalash vositasi bo‘lishi kerak.

Ba’zi odamlar elektron tizimda ovoz berishni xohlamaydi. Elektron tizim mukammal deb o‘ylamaslik kerak. U siz kimga ovoz berganingizni aniq aytadi. Ba’zilar buni xohlamaydi. Shuning uchun saylovda anonimlik degan narsa bor. Shuning uchun elektron tizim ideal degan tushuncha yo‘q”, deb aytgan adliya vaziri.

Top