Samarqandda maktab o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlandi
8-sinfda o‘qiydigan qiz ikki hafta bedarak ketgan va 6 oktyabr kuni tanasida zo‘ravonlik izlari bilan topilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi oradan bir oy o‘tib qo‘zg‘atilgan. Qizga arizasini qaytarib olish uchun bosim o‘tkazilayotgani aytilmoqda. Gumonlanuvchilar hali ushlanmagan.
Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va zo‘rlangan. Bu haqda “Sukut saqlama” (Nemolchi.uz) loyihasi xabar bermoqda.
Qizning yaqinlariga ko‘ra, u 2024 yil 23 sentabr kuni o‘g‘irlab ketilgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, qarindoshlari qiz yo‘qolgani haqida ariza yozishgan. Jabrlanuvchi oradan 13 kun o‘tib, 6 oktyabr kuni badanida zo‘ravonlik izlari bilan topilgan.
Qizning aytishicha, uni bir necha kun kaltaklab, spirtli ichimliklar va noqonuniy moddalar qabul qilishga majburlab, irodasiga qarshi ushlab turishgan va zo‘rlashgan. Yaqinlari uni shifokorga olib borishgan.
Bolalar ombudsmani bu ishni o‘z vakolati doirasida kuzatib borayotganini ma’lum qildi. Voqea bo‘yicha “jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Voyaga yetmagan qizga nisbatan sud-tibbiy va biologik ekspertizalari tayinlangan.
Ayni paytda, qizning yaqinlari “Sukut saqlama” loyihasi bilan suhbatda jinoyat ishi qo‘zg‘atish ortga surib kelingani, ish bor-yo‘g‘i bir-ikki kun avval ochilgani, zo‘rlaganlar orasida prokuraturada ishlovchi shaxs ham bo‘lishi mumkinligi, lekin u eski sana bilan ishdan bo‘shatilganini aytishgan. Ularning fikricha, ishning kech ochilgani va gumonlanuvchilar hali ham ozodlikda yurganiga sabab shu (sobiq) prokuratura xodimi bo‘lishi mumkin.
“Sukut saqlama” loyihasi tegishli idoralar bu ishga “qanchalik bepisandlik bilan” yondashganidan xavotir bildirgan, bu xavotirga jabrlanuvchining yaqinlari bildirgan quyidagi da’volarni asos sifatida keltirgan:
- 7 oktyabr kuni (qiz topilganning ertasiga) tergovchi uni gumonlanuvchilar bilan bitta mashinada, lekin ota-onasisiz ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketgan. Qiz esa ekspert erkak bo‘lgani uchun ekspertizadan bosh tortgan. Shuning uchun ekspertiza 10 oktyabr kuni (yana qarindoshlarsiz) o‘tkazilgan. Ammo qonida alkogol yoki zararli moddalar bor-yo‘qligini tekshirish uchun undan qon olinmagan.
- Qizning qarindoshlari prokuraturaga borishganida, tashqarida ularni psixiatrik brigada kutib turgan, ularni uchastka noziri chaqirgan bo‘lgan. Vaholanki, qizga psixiatrik emas, psixologik yordam kerak bo‘lgan.
- Jabrlanuvchi qiz bilan maktab psixologi ham ishlashi mumkin edi, lekin maktabda unga bunday yordam taqdim etilmagan. Lekin qiz maktabga bormagani uchun uning ota-onasi jarimaga tortilgan. Ko‘p bolali oilaga (5 nafar farzandi bor) 1,2 mln so‘m miqdorda jarima solingan. Ayni damda qiz maktabga borishdan qo‘rqib turibdi, negaki bo‘lgan voqeadan hamma xabardor.
- Ish odam o‘g‘irlash, uning erkiga qarshi zo‘rlik ishlatib uni ushlab turish, qiynoqqa solish moddalarisiz, faqat 119-modda bilan ochilgan.
- Oilani hech kim “Inson” ijtimoiy himoya markaziga yo‘naltirmagan.
Nemolchi.uz. qizga arizasini qaytarib olishi uchun har turli bosim o‘tkazilayotganini ham yozgan.
Manbada yozilishicha, qizni o‘g‘irlaganlardan biri Turkiyaga qochib ketgan bo‘lishi mumkin.
Kun.uz hodisa haqida ma’lumot olish uchun Samarqand viloyati IIB axborot xizmati rahbari Jahongir Sa’dullayevga murojaat qildi. Biroq u savollarni javobsiz qoldirdi.
UPD. Qiz 7 noyabr emas 7 oktyabr kuni (qiz topilganning ertasiga) tergovchi uni gumonlanuvchilar bilan bitta mashinada, lekin ota-onasisiz ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketgan. Qiz esa ekspert erkak bo‘lgani uchun ekspertizadan bosh tortgan. Shuning uchun ekspertiza 10 noyabrda emas, 10 oktyabr kuni (yana qarindoshlarsiz) o‘tkazilgan. Nemolchi.uz tarqatgan xabarda sanalar xato ketib qolgan. Nashr xabarni tahrirlab xatolarni o‘g‘irlab qo‘ydi.
Mavzuga oid
14:30 / 26.12.2024
Zo‘ravonlik qurboni bo‘lganlar uchun xavfsiz boshpanalar tashkil etilishi mumkin
15:29 / 19.12.2024
Indoneziyada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tufayli favqulodda holat e’lon qilindi
12:49 / 16.12.2024
Kun.uz tanqididan so‘ng: Yangiyo‘l sudyasining shubhali hukmiga prokuratura protest kiritdi
18:14 / 11.12.2024