Qarshida milliard so‘mlik savdo majmuasi buzilgan tadbirkor deyarli uch yildan beri kompensatsiya ololmayapti
2016 yil 15 yanvar sanasi Qarshi shahrida yashovchi Oston To‘xtayevning xotirasida butun umr shug‘ullanib kelgan sevimli tadbirkorligidan ayrilgan kun sifatida muhrlanib qolgan.
Tadbirkorning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, 1995 yildan beri ishlab kelayotgan, 40 kishini ish bilan ta'minlab turgan 7ta do‘kondan iborat 640 kvadrat metrli ikki qavatli savdo majmuasi 2016 yilda Qarshi shahar hokimligi tomonidan buzib tashlangan.
Barcha tegishli hujjatlarga ega bo‘lsa-da, bir so‘m kompensatsiya olmagan. Tadbirkor o‘sha yilning o‘zida belgilangan tartibda sudga murojaat qilgan.
«O‘sha vaqtda majmuada 644 million so‘mlik mahsulotlar bor edi. Qarz sabab binomiz garovga qo‘yilgandi. Biz oilaviy tadbirkorlar bir kunda kasodga uchradik. Eskirgan oziq-ovqat mahsulotlari hamda boshqa zararlarni qoplash uchun barcha mol-mulk va uy joyimizni sotishga majbur bo‘ldik. 2016 yil mikroinsultni boshimdan o‘tkazdim», — deydi Oston To‘xtayev.
Tadbirkorning ma'lum qilishicha, ko‘chmas mulk 1.020.711.200 (bir milliard yigirma million yetti yuz o‘n bir ming ikki yuz) so‘mga baholangan, shu va boshqa hujjatlar Qarshi shahar hokimligiga taqdim etilgan. Ammo bu murojaat e'tiborsiz qoldirilgan.
Mazkur ish bir necha marta sudda ham ko‘rib chiqilgan. Dastlab Qarshi shahar xo‘jalik sudi ishni ko‘rib da'vogar O.To‘xtayevga tegishli «Sanoat oziq-ovqat va qurilish materiallari ta'minoti» korxonasi foydasiga javobgar Qarshi shahar hokimligidan 1.020.711.200 so‘m zarar undirish bo‘yicha qaror chiqargan.
Hokimlik arizasi bilan ko‘rilgan keyingi sud ishida qo‘shimcha javobgar – «Qashqadaryo maxsus qurilish dizayn» sho‘'ba korxonasidan tadbirkorga 1.006.044.280 (bir milliard olti million qirq to‘rt ming ikki yuz sakson) so‘m zarar undirish belgilangan. Ammo mazkur qaror bo‘yicha prokuror apellyatsiya tartibida protest keltirgach, qo‘shimcha javobgar javobgarlikdan ozod qilinib, zarar javobgar Qarshi shahar hokimligidan undirish belgilangandi.
Shu tarzda tadbirkor ko‘rgan zararni Qarshi shahar hokimligi to‘lab berishi sud qarori bilan hal etilgan bo‘lishiga qaramasdan, tadbirkor bir necha yil davomida bir milliard so‘mdan ziyod mablag‘ini ololmasdan kelmoqda.
Quyidagi hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Qarshi shahar hokimligining arizasi qanoatlantirilmasdan rad etilganini ko‘rish mumkin.
Tobora qarzga botib borayotgan tadbirkor kompensatsiyani undirishda yordam so‘rab bugungacha O‘zbekiston Bosh prokurori, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi, viloyat hokimligi, viloyat xalq qabulxonasi kabi qator tashkilotlarga bir necha marta murojaat qilgan.
Qashqadaryo viloyati va Qarshi shahar hokimliklari mutasaddilari tadbirkorga kompensatsiya puli qachon berilishi haqda bizga aniq ma'lumot berolgani yo‘q.
Mutasaddilar tomonidan hozircha davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yerlari olingan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha respublika jamg‘armasi tashkil etilgani, faqatgina Qashqadaryo viloyati hokimi tasdiqlagan jadval Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangach, tadbirkorga tegishli mablag‘ to‘lab berilishi mumkinligi ma'lum qilinmoqda.
Yuqorida aytilganidek, tadbirkor bir vaqtlar davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan va buzilib ketgan mulki uchun qachon kompensatsiya olishini bilmaydi. Hatto hokimlik vakillari ham aniq muddat ko‘rsatgan emas. Vaqt esa o‘tib bormoqda. Tobora og‘ir ahvolga tushib qolayotgan tadbirkor endi kimga, qayerga murojaat qilishni bilmay boshi qotgan.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
20:11 / 20.07.2024
Qarshi aeroporti yaqinida yong‘in sodir bo‘ldi
07:43 / 27.04.2024
O‘zganing sir saqlanishi lozim bo‘lgan videolarini tarqatmaslik evaziga pul talab qilgan ayol ushlandi
22:32 / 20.04.2024
Qarshida DAMAS avtomobilida 25 nafar bolani tashigan haydovchi aniqlandi
23:02 / 16.04.2024