Moliya vazirligi yuridik va jismoniy shaxslarga soliq solish tartibiga 2021 yil 1 yanvardan kiritilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risidagi axborot xabarini Davlat soliq qo‘mitasi, hududiy boshqarmalar va quyi bo‘g‘in tashkilotlarga yubordi.
Soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash bo‘yicha asosiy o‘zgarishlar
1.QQS
Soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi, shuningdek, soliq stavkasi 15 foiz miqdorida saqlab qolinmoqda. Tushum hajmidan qat'i nazar QQS to‘lovchisi korxonalar doirasi quyidagi korxonalar hisobiga kengaytirilmoqda.
- Alkogol mahsulotlari, shu jumladan, pivoni chakana sotish bo‘yicha turg‘un savdo shoxobchalari;
- Bozor va savdo komplekslari.
Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmasi oyiga bir milliard so‘mdan oshmaydigan soliq to‘lovchilar uchun soliq davri chorak etib belgilanmoqda.
2.Aksiz solig‘i
Aksiz solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi saqlab qolinmoqda. Aksiz solig‘i stavkalari Soliq kodeksi (289(1) va 289(3) moddalari) bilan belgilanmoqda. Ushbu moddalarda tovar pozitsiyalari mavjud bo‘lmagan tovarlar pozitsiyalariga aksiz solig‘i hisoblanmaydi. 73 turdagi tovarlar bo‘yicha aksiz solig‘i bekor qilinmoqda, shu jumladan, elektrotexnika mahsulotlari, traktorlar va yarim tirkamalar, oziq-ovqat mahsulotlari va h.k.
3.Foyda solig‘i
Foyda solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning 2020 yilda amalda bo‘lgan tartibi, shuningdek soliq stavkalari saqlanib qolinmoqda. 2021 yilning 1 yanvardan boshlab, Soliq kodeksining 304-moddasining 8-, 9-, 14-, 15- va 17-bandlariga muvofiq, kelib tushgan mablag‘lar hisobidan olingan yoki sotib olingan (barpo etilgan), shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlari berilganligi natijasida bo‘shagan mablag‘lar hisobidan olingan yoki sotib olingan (barpo etilgan) mol-mulklar amortizatsiya qilinadigan aktivlar deb e'tirof etilmaydi va amortizatsiya qilinmaydi.
Amortizatsiyalanadigan aktivning qiymati qayta baholashni hisobga olmagan boshlang‘ich qiymatidan hisoblanadigan amortizatsiya ajratmalari orqali xarajatlar jumlasiga kiritiladi.
















