Jahon | 00:20 / 20.09.2023
20212
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasida don va yadro quroli haqida gapirdi

Shuningdek, barcha siyosiy yetakchilarni Ukrainadagi urushni hal qilish rejasi muhokama etiladigan «Tinchlik sammiti»ga taklif qildi.

Foto: AP

Agar Rossiya kabi davlatlar atom stansiyalarini qurolga aylantirayotgan bo‘lsa, yadroviy qurolni taqiqlash mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi. U Yevropa davlatlarini don embargosini uzaytirgani uchun tanqid qildi va davlatlarni «Tinchlik sammiti»ga qo‘shilishga chaqirdi.

Volodimir Zelenskiy yadroviy qurolsizlanishga qaratilgan sa’y-harakatlarni tanqid qildi. Uning eslatishicha, 90 yillarda Ukraina xavfsizlik kafolatlari evaziga yadroviy kallaklardan voz kechgan. Oqibatda bu mamlakat uchun keng ko‘lamli urush bilan yakunlandi.

«Rossiya yadro qurolidan foydalanmayapti, ammo natijalar shunga o‘xshash... Ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llashdan bosh tortish — yaxshi strategiya, ammo bu «so‘nggi urush»dan yagona himoya vositasi bo‘lmasligi kerak», dedi Ukraina prezidenti.

«Har o‘n yilda Rossiya yangi urush boshlaydi. Moldova va Gruziya hududining bir qismi okkupatsiya ostida. Rossiya Suriyani vayron qildi. Rossiya Belarusni amalda yamlab bo‘ldi, Qozog‘iston va Boltiqbo‘yi davlatlariga tahdid qilmoqda», dedi u.

Zelenskiy Rossiya bolalar, energiya resurslari va oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanayotganini qayd etdi. Hozircha BMT davlatlari bunga qarshi chiqish yo‘lini topa olmadi, dedi u. Bu haqda gapirar ekan, Zelenskiy don importiga taqiq joriy etgan qo‘shni davlatlarni tanqid qildi.

«Biz quruqlikdan eksport yo‘nalishlarini saqlab qolish uchun qattiq ishlayapmiz. Ayrim yevropalik hamkorlarimiz g‘alladan fojia yaratishga urinayotgani juda xavotirli. Ular o‘z mustaqil rolini o‘ynayapti, deb o‘ylashi mumkin, lekin aslida faqat Moskva uchun sahna tayyorlamoqda», dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, endi butun dunyo agressorni mag‘lub etishga e’tibor qaratishi, shundan so‘ng, boshqa muhim bo‘lmagan muammolarni hal qilishga o‘tishi kerak. Masalan, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash. Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, nafaqat yadro arsenaliga ega superdavlatlar, balki barcha davlatlar tinchlik o‘rnatishi va kafolatlashi kerak.

«Hayotda birinchi marta hujumga uchragan mamlakatlar shartlariga ko‘ra tajovuzni to‘xtatish imkoniga ega bo‘lyapmiz. Biror mamlakatga tajovuz ushbu mamlakatni bo‘lib yuborish, aholisi harbiy yoki siyosiy ta’qibga uchragani uchun emas, balki mamlakat va suverenitet tiklangani uchun to‘xtashiga ishonch hosil qilish imkoniyati berilmoqda», dedi u.

Zelenskiy barcha siyosiy yetakchilarni Ukrainadagi urushni hal qilish rejasi muhokama qilinadigan «Tinchlik sammiti»ga taklif qildi. U Rossiyaning dunyo yetakchilari bilan parda ortida kelishuvga erishishga urinishlaridan xabardor ekanini aytdi. Moskva bilan kelishish mumkinligiga, Putinning va’dalariga ishonganlarga esa undan «Prigojin haqida so‘rashni» maslahat berdi.

Mavzuga oid