Shveytsariya Bosh prokuraturasi jinoiy tergov yakuniga ko‘ra, 2023 yil 28 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Federal sudga O‘zbekiston Respublikasi sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova va Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasi o‘zbek filialining sobiq direktoriga nisbatan ayblov xulosasini topshirdi. Prokuratura axborotida kompaniya nomi va rahbarining ismi-sharifi ochiqlanmagan.
Ikki ayblanuvchi turli mamlakatlarda, jumladan, Shveytsariyada faoliyat yuritgan jinoiy tashkilotga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Ayblovlar 2005 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi va jinoiy tashkilotda ishtirok etish, jinoiy daromadlarni legallashtirish, xorijiy davlat amaldori sifatida pora olish va hujjatlarni qalbakilashtirish kabilarni o‘z ichiga oladi.
Qayd qilinishicha, 2018 va 2021 yillar oralig‘ida tergov natijasida to‘rt kishi sudlangan va pul yuvish va hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topilgan. Shu bilan birga, 340 million Shveytsariya frankidan (4,5 trln so‘m) ortiq pul O‘zbekistonga qaytarilishi uchun musodara qilingan. Hozirda Gulnora Karimova va ikkinchi ayblanuvchi ishi bo‘yicha 440 million Shveytsariya frankidan (5,8 trln so‘m) ortiq mablag‘lar hibsda qolmoqda.
«Ofis»ning tashkil etilishi va maqsadi
Ayblov xulosasiga ko‘ra, 2001 yildan 2013 yilgacha Gulnora Karimova bir necha o‘nlab odamlar va ko‘plab kompaniyalarni o‘z ichiga olgan «Ofis» deb nomlanuvchi iyerarxik jinoiy tashkilot tuzgan va unga rahbarlik qilgan. Shveytsariyada ushbu tashkilot 2005 yilda, xususan, Shveytsariya banklaridagi hisob raqamlari va seyflarida, shuningdek, ko‘chmas mulk sotib olish yo‘li bilan o‘zining jinoiy operatsiyalaridan olingan kapitalni yashirish maqsadida o‘z faoliyatini boshlagan.
«Ofis» o‘z faoliyatini professional biznes sifatida, majburiy qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshirgan. Unda vazifalar qat’iy taqsimlangan, ammo zo‘ravonlik va qo‘rqitish usullaridan foydalanilgan. Tergov jarayonida butun tuzilmaning shaffof bo‘lmasligini ta’minlash uchun tashkil etilgan yuzlab kompaniyalar aniqlangan. Bu kompaniyalar turli yurisdiksiyalarda, xususan, Shveytsariyada bank hisob-varaqlarini yuritgan.
O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasidagi faoliyat
Ayblov xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasiga kirish va faoliyat yuritish istagida bo‘lgan xorijiy kompaniyalar Gulnora Karimovaga «Ofis» tarkibidagi kompaniyalar orqali pora berishi talab qilingan. Shu tariqa, Gulnora Karimova prezidentning qizi va O‘zbekiston hukumati amaldori sifatidagi ikki tomonlama maqomidan foydalangan, bu esa unga kompaniyalarning telekommunikatsiya sohasiga kirishi va faoliyat yuritishiga ruxsat berish masalasida davlat amaldorlariga cheksiz ta’sir o‘tkazish imkonini bergan.









