Zoyir Mirzayevning markaz tomon qaytishi. U Toshkent viloyatida rahbarlar qo‘nimsizligiga barham bera oladimi?
Toshkent viloyati O‘zbekistondagi rahbarlar eng qo‘nimsiz viloyat hisoblanadi. 2016–2021 yillarda viloyatga olti nafar shaxs hokimlik qilgan, biroq ulardan uch nafari lavozimida bir yil ham o‘tirmagan. Zoyir Mirzayev ushbu silsiladagi yettinchi hokim bo‘lmoqda.

Fotokollaj: Kun.uz
«Quvilish» tarixi
Zoyir Mirzayev Shavkat Mirziyoyev muvaqqat prezident etib tayinlangan vaqtda Samarqand viloyati hokimi edi. 2016 yil 4 dekabrdagi saylovlarda rasman O‘zbekiston prezidenti etib saylangan Mirziyoyev hukumat tarkibida qator o‘zgarishlarni amalga oshiradi. Ana shu tayinlovlarda Zoyir Mirzayev ham hukumatdagi yuqori lavozimlardan birini egallagandi.
U 2016 yil 15 dekabrdan 2018 yil fevraligacha bosh vazir o‘rinbosari – Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, agrosanoat majmuasi rahbari (bir vaqtning o‘zida qishloq va suv xo‘jaligi vaziri) bo‘lib ishlagan. 2018 yilning oktyabrida uning lavozimi bosh vazir o‘rinbosari – agrosanoat, oziq-ovqat va xalq iste'mol mollari majmuasi rahbari deb qayta nomlangan.
2018 yil 26-27 oktabr kunlari ro‘y bergan voqealar Zoyir Mirzayevning karerasida o‘chmas iz qoldirdi. U bosh vazir o‘rinbosarligidan shov-shuvli tarzda ishdan olingandi.
Dastlab ijtimoiy tarmoqlarda 26 oktabr kuni olti nafar erkakning ariqda tizzagacha suv ichida turgan surati tarqalgan, Kun.uz muxbirlari surishtiruvi davomida ushbu holat Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, «Abdunosir G‘ulom» fermer xo‘jaligi maydonida yuz bergani, fermerlar va tuman hokimligi mas'ullari g‘allani vaqtida sug‘ormagani uchun bosh vazir o‘rinbosari tomonidan shu tarzda jazolangani aniqlangandi.

Voqeadan 1 kun o‘tib, 27 oktabr kuni tarmoqda qo‘llarida katta-katta kesaklar ko‘tarib olgani aks etgan boshqa bir oltovlonning surati tarqaladi. Surishtiruvlardan so‘ng bu voqea Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi g‘alla dalalarida sodir bo‘lgani oydinlashdi. Bosh vazir o‘rinbosari tashrifi chog‘ida yaxshi tayyorlanmagan maydonga bug‘doy ekilgani aniqlangan va mas'ullar shu maydondan topilgan ulkan kesaklarni ko‘tarib turishga majbur qilingan.

Yuqoridagi ikki voqea ham bir kunda, 25 oktabr kuni sodir bo‘lgan. Biroq suratlari oradan ma'lum vaqt o‘tib, boshqa-boshqa kunlarda tarqatilgan. Haligacha bu holatni kim suratga olgani va u qanday tarqalib ketgani ma'lum emas. Chunki bunday tekshiruvlarga odatda OAV yaqin yo‘latilmaydi, qolaversa, bosh vazir o‘rinbosarini «zarba» ostida qoldiradigan ma'lumotni sizdirishga har kim ham jur'at qilaveraydi. Shu bois, o‘sha paytda ayrim internet faollari bu voqea Mirzayevni lavozimdan ketkazish uchun uyushtirilganini ham taxmin qilgandi.
Bosh vazir Abdulla Aripov 29 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor paytida Zoyir Mirzayev ishdan olinganini e'lon qilgan va u internetda ko‘tarilgan shov-shuv ortidan mansabidan ayrilgan amaldorga aylangandi. Mazkur voqea xalqaro matbuotda ham keng yoritilgandi.
«Shaxsan men uchun bu juda noqulay va uyatli holat. Chunki mening o‘rinbosarim prezidentimiz olib borayotgan siyosatga qarshi ish qildi. Mirzayev bosh vazir o‘rinbosarligiga ko‘chadan kelib qolgan emas. U uzoq yillar Samarqand viloyatining Jomboy tumani hokimi, keyinroq respublikadagi eng salmoqli viloyatlardan biri Samarqand viloyati hokimi, keyinchalik qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib faoliyat yuritgan. Shuncha xalqqa xizmat qilgan, davlat tashkilotlarida mehnat qilgan bo‘lsa-da, prezidentimiz uni bu qilmishi uchun kechirmadi. «Qonun barchaga barobar, jazo muqarrar», deb aytdilar», degandi Abdulla Aripov yig‘ilishda.
Ushbu yig‘ilishda so‘zga chiqqan mamlakatning o‘sha paytdagi bosh prokurori Otabek Murodov Oqqo‘rg‘on tumanida mas'ullar suvga tushirilgan paytda bosh vazir o‘rinbosarining yonida bo‘lgan, biroq uning qonunga zid buyruqlariga qarshilik ko‘rsatmagan Toshkent viloyat prokurori o‘rinbosari, viloyat hokimi o‘rinbosari hamda boshqa mutasaddilar ham ishdan bo‘shatilganini ma'lum qilgandi.
Bosh vazir Abdulla Aripov videoselektor yig‘ilishida «Prezident topshirig‘i bilan 25 oktyabrda bo‘lgan voqealar Bosh prokuratura tomonidan qat'iy o‘rganiladi», deb aytgan bo‘lsa-da, olib borgan tekshiruvlar natijasi haqida hech narsa ma'lum emas. Bosh prokuratura aynan shunday tekshiruv olib borgan-bormagani ham so‘roq ostida.
Jazo. Tuman hokimligiga «qulash»
Iste'fodan bir hafta o‘tib, Zoyir Mirzayev uchun berilgan jazo – iqtisodiy jihatdan qoloq tuman hokimligiga tushirilish ekani ayon bo‘ldi. Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlangan Zoyir Mirzayev uchun bu tayinlov mansab pillapoyalaridan dahshatli qulash bo‘lgani shubhasiz. Bosh vazir o‘rinbosari sifatida respublikadagi katta bir tarmoqni boshqarib kelgan, tuman hokimlari tugul viloyat rahbarlarigacha birgina imosiga mahtal turgan shaxsning quyi bo‘g‘inga tushirilishi tom ma'nodagi jazo edi.

«Mansab bor ekan — talash bo‘ladi»
Zoyir Mirzayev bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning «Ayting-chi…» loyihasi uchun bergan intervyusida bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan olinishiga sabab bo‘lgan «ariq» voqeasiga ham to‘xtalib, qachondir bu haqdagi bor haqiqat yuzaga chiqishiga, bularning barchasiga o‘sha paytda egallab turgan lavozimi sabab bo‘lganiga ishora qilgan.
«Orqaga qarab xulosa qilib olish uchun vaqt bo‘ldi. Bitta narsa aniqki, xatoga yo‘l qo‘ydingizmi — javobini berish kerak. U voqealarni eslamasdan iloj yo‘q. Sababi — mabodo shu savolni bermaganingizda ham, «shuncha narsani so‘rabsan-u, nega buni so‘ramading», degan savollar yozilardi.
Bilasizmi, yuqorida aytganimdek, hech kim xatodan xoli emas. Oradan vaqt o‘tar, bu narsaning tagi, negizida nimalar bo‘lganini butun xalqimiz biladi. Bu albatta, mening xatom bo‘lgan. Zamon o‘zgarganini hazm qila olmaganim, zamonga moslasha olmaganim. Ochiqlikni hamma ham birdan hazm qila olmaydi.

Masalaning ikkinchi tarafi ham borki, biz rahbar sifatida nishondamiz. «Sen mana shunday xatolikka yo‘l qo‘yding, bunga nima sabab bo‘ldi o‘zi?» deb o‘sha kunlari ko‘pchilik meni izlasa ham bo‘lar edi-ku? Lekin hech kim izlamadi. Men shu paytgacha shu to‘g‘risida gapirmadim, bugun og‘iz ochdim. Hali voqeaning haqiqiy negizini xolisona eshitamiz ham, ko‘ramiz ham. Bu narsa bo‘ladi.
Lekin bir jihatni aytishim kerak: o‘zingiz qatori yurgan xalqni kamsitish uchun odamda yurak bo‘lmasligi kerak, u odam boshqacha odam bo‘lishi kerak. Biz unaqa tarbiya ko‘rmaganmiz. Meni ishga o‘rgatgan, tarbiyalagan insonlarning barchasi — domlalarim, o‘qituvchilarim — bunday tarbiya berishmagan. Bu shaxsan o‘zimning kamchiligim. O‘shanda nima bo‘lgan bo‘lsa, o‘zim loqaydlik qilganman, qaysidir ma'noda.
Hayot bir tekis emas, hamma narsa kurashdan iborat. Albatta, lavozim bor ekan, mansab bor ekan — talash bo‘ladi», degandi Zoyir Mirzayev.
2 yil 23 kun ...
Sharof Rashidov tumani hokimi kursisida ikki hafta kam bir yil o‘tirgan Zoyir Mirzayev 2019 yilning 26 oktyabrida Zafar Ro‘ziyevning o‘rniga Qashqadaryo viloyat hokimi etib tayinlandi.

2020 yilning yanvarida Nishon tumanida dalani payhon qilgan 21 bosh qo‘y Zoyir Mirzayevning topshirig‘iga ko‘ra so‘yib tashlangani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan, viloyat hokimligi matbuot xizmati tomonidan e'lon qilingan rasmiy munosabatda hokim qo‘ylarni so‘yishga topshiriq bermagani, holatga qonun doirasida ish ko‘rilishi kerakligi haqida topshiriq bergani ta'kidlangandi.
Joriy yilda 53 yoshni qarshilagan Zoyir Mirzayev Qashqadaryo viloyatiga 2 yil 23 kun hokimlik qildi va ta'kidlash kerakki, oxirgi ikki ish joyida mavqeyiga gard yuqtiradigan hech bir salbiy voqeaga aralashib qolgani yo‘q. Aksincha, OAV bilan yanada yaqin bo‘lishga, ochiqlikka intildi.

O‘z navbatida viloyat hokimligi axborot xizmati ham Mirzayevning piari bilan astoydil shug‘ullandi, uning faoliyatini jamoatchilikka ijobiy bo‘yoqlarda ko‘rsatib berishning uddasidan chiqa oldi.
Hokimlari qo‘nimsiz viloyat
Toshkent viloyati mustaqil O‘zbekiston tarixidagi hokimlari eng ko‘p o‘zgargan viloyat hisoblanadi. Viloyat va tuman ijroiya qo‘mitalari raisi lavozimi tugatilib, hokim lavozimi joriy etilgan 1992 yil 4 yanvardan 2021 yilning 18 noyabrigacha Toshkent viloyatida 14 marta hokim o‘zgargan. Zoyir Mirzayev ushbu ro‘yxatdagi 15-hokim bo‘ldi.
Chunonchi, 2016 yildan hozirgacha ushbu lavozimda Sodiq Abdullayev (2016 yilning 4 fevralidan 15 avgustigacha), Islomjon Ergashxo‘jayev (2016 yilning 12 avgustidan 15 dekabrigacha), Shukrullo Boboyev (2016 yilning 15 dekabridan 2017 yilning 30 oktyabrigacha), G‘ulomjon Ibragimov (2017 yilning 30 oktyabridan 2019 yilning 3 iyunigacha), Rustam Xolmatov (2019 yilning 4 iyunidan 2020 yilning 30 yanvarigacha), Davron Hidoyatov (2020 yil 30 yanvaridan 2021 yilning 18 noyabrigacha) – jami olti nafar hokim faoliyat olib bordi. Holbuki, 1992–2015 yillarda, ya'ni 24 yil davomida atigi sakkiz nafar hokim almashgan.

Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi kursisida 9 oy 19 kun o‘tirdi. Shu tariqa, u ushbu viloyat rahbarligida bir yil ham ishlolmagan 4-hokimga aylandi. Bungacha Islomjon Ergashxo‘jayev (4 oy 3 kun), Sodiq Abdullayev (6 oy 8 kun) va Shukrullo Boboyev (10 oy 15 kun hokimlik qilgan) ham lavozimda uzoq qololmagandi.
Samarqand (2010 yil 17 dekabrdan 2016 yil 15 dekabrgacha) va Qashqadaryodagi (2019 yil 26 oktyabrdan 2021 yil 18 noyabrgacha) faoliyatidan so‘ng uchinchi viloyatda rahbar sifatida ish boshlagan Zoyir Mirzayev ushbu lavozimda qancha muddat qolishi, umuman, hokimlar qo‘nimsizligiga barham bera olish-olmasligini vaqt ko‘rsatadi.
Jamshid Niyozov, jurnalist
Tavsiya etamiz
Putin Rossiya Odessaga da’vo qilmasligi shartini aytgan – «Kommersant»
Jahon | 22:26 / 19.03.2025
Qozog‘istonda amaldorlar qamoqxonalarga ekskursiyaga olib borilmoqda
Jahon | 18:16 / 19.03.2025
Tramp: «Ukrainaga bosim o‘tkazishga majbur bo‘lgandik»
Jahon | 20:53 / 18.03.2025
Temu O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi
O‘zbekiston | 20:25 / 18.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Toshkent metropoliteni TTZ dahasigacha olib boriladi
O‘zbekiston | 14:35
-
Yevropa davlatlari Istanbul meri qo‘lga olinganini qoralab chiqdi
Jahon | 13:49
-
Navro‘zda havo iliq bo‘lishi kutilmoqda, hafta oxirida salqin boshlanadi
O‘zbekiston | 13:48
-
Shimoliy Koreya bitkoin zaxiralari bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘ringa chiqdi
Jahon | 13:36
Mavzuga oid

20:30 / 18.03.2025
Toshkent viloyatida 29 ta kichik va mikro GES quriladi

09:13 / 17.03.2025
Toshkent viloyatida qizlarni shahvoniy maqsadda O‘zbekistondan olib chiqmoqchi bo‘lgan 8 nafar shaxs ushlandi

10:06 / 15.03.2025
Yangiyo‘lda ikki fuqaro 52 ta kaptarni nobud qildi

17:37 / 28.02.2025