Qaysidir bir kamchilik, kutilmagan holat yoki bir onlik ziddiyat tufayli iste'foga chiqishlar (yoki chiqarilishlar) haqida xorij xabarlarida eshitardik. Bu holat endi O‘zbekistonda ham kuzatila boshlandi. Oxirgi jiddiy iste'fo bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayevning o‘z vazifasidan chetlatilishi bo‘ldi.

Zoyir Mirzayev

Ta'kidlash kerak, jamiyat uyg‘onayotganining, ommaviy axborot vositalarining kechagidek o‘z qobig‘iga o‘ralib olmaganligining o‘ziga xos ramzi bo‘ldi bu holat. Olti kishining suvga tushirilishi va aybdorlarcha bosh egib turgani aks etgan surat tarqalishi bilan bu voqeaga aloqador mish-mishlar ham urchiy boshladi. Dastlab bu voqea vodiyda yuz bergani to‘g‘risida xabarlar berildi. Keyinchalik Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida yuz bergani ma'lum bo‘lgach, oltovlonning qanday qilib suvga tushib olishgani masalasi qalqib chiqdi va biri-biridan kulgiliroq hamda aqlbovar qilmas ma'lumotlar tarqaldi.

Olti kishining o‘zaro bahs boylashib, suvga tushib olganlari to‘g‘risidagi bema'ni fikrdan keyin tuman hokimligi rasmiylari bir kishi ortidan qolganlar ham suvga tushganlari haqidagi gapga hammani ishontirishga urinishdi va aybdorlar jazolanganini bildirishdi.

Lekin hamma bu jazo yuqoridan, anchagina yuqoridan – hududni tekshirayotgan bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev tomonidan berilganligi va uning o‘zi jarayonni bevosita kuzatib turganlaridan boxabar bo‘lib ulgurgandi.

Bo‘lar ish bo‘ldi. Majburiy mehnatga qarshi davlat darajasida kurash ketayotgan bir paytda hamma prezident va hukumatning bu holatga munosabatini kuta boshladi.

Natija ko‘p kuttirmadi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 29 oktabr kuni imzolangan «Barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatning har qanday shakl va ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi javobgarligini oshirish to‘g‘risida» farmon mazmunini keng jamoatchilik, xususan barcha hududiy rahbarlar, tashkilot, idora va tuzilma boshliqlariga yetkazish bo‘yicha videoselektor bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Bosh vazir Abdulla Aripov Zoyir Mirzayevning ishdan olinganini e'lon qilib, bu holatga munosabat bildirdi.

«Men uchun bu yomon holat. Hukumat rahbari sifatida, o‘rinbosarimning ushbu ishda tomoshabin bo‘lishi yo ishtirokchi sifatida turishi yomon. Prezident topshirig‘i bilan 25 oktabrda bo‘lgan voqealar Bosh prokuratura tomonidan qat'iy o‘rganiladi»,