Ho‘sh, arab liderlari va Putinning muhokama mavzusi nimalar? Rossiya Yaqin Sharqdan nima xohlaydi? “Geosiyosat”da shu kabi savollar bilan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

Putinning Yaqin Sharqqa borishi asosan kelasi yilgi saylovlar bilan bog‘liqmi yoki geosiyosiy ehtiyoj bilanmi?

— Bu yerda 3 ta muhim nuqta bor: geosiyosiy omil, saylov (ichki siyosat) va geoiqtisod. Rossiya ichki siyosatida arab davlatlari bilan aloqalar ob-havo hosil qiladigan omil emas. Saudiya va BAA Rossiya uchun qulay davlatlar, ular o‘rtasida qarama-qarshilikka sabab bo‘luvchi omillar yo‘q. Bir vaqtlar Saudiya va BAA G‘arbning asosiy ittifoqchilaridan edi, ammo bugun vaziyat o‘zgaryapti.

Rossiya ichki siyosatidagi eng bezovta qiluvchi omil – Rossiyaning iqtisodiy ahvoli. Chunki Ukraina bosqini boshlangach, unga nisbatan ko‘plab sanksiyalar qo‘llandi. Endi iqtisodiy ahvol ancha tarang. Arab davlatlari bilan aloqalar jamiyat kayfiyatiga ta’sir qilmaydi, ammo iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi. Bu 3 davlatni birlashtiruvchi yagona platforma – neft qazib olib sotuvchi davlatlarning OPEC+ platformasi. Rossiya rasman OPEC tashkilotiga kirmaydi, ammo bu tashkilotga a’zo bo‘lmagan, faqat neft qazib olish hajmi va narxini kelishishda ishtirok etadigan davlatlar uchun OPEC+ formati bor. Rossiya neft narxiga ta’sir qilishni istaydi.

Lekin Putinning u yerga borishidan asosiy maqsadi – geosiyosiy masalalar, menimcha. 7 oktyabrda boshlangan Isroil-HAMAS urushi mintaqadagi vaziyatni yanada qutblashtirdi. Ukraina urushi boshlangandan keyin arab davlatlari bosqichma-bosqich sekinlik bilan Vashington va Ukrainaga yaqinlashayotgan edi. G‘azodagi urushdan bir necha oy oldin Saudiya tashqi ishlar vaziri va BAAning rahbarlari Ukrainaga keldi va 400 mln dollarlik gumanitar yordamlar taklif qildi. Ammo 7 oktyabrdan keyin geosiyosiy vaziyat keskin o‘zgardi. Bu vaziyatda Putin muvozanatni ushlab qololdi, ammo Zelenskiy buni eplolmadi. U to‘laqonli Isroil tarafida bo‘lib, HAMASni Rossiya kabi terroristik xarakterga ega dedi. Bosib olingan Falastin yerlari haqida esa hech narsa demadi. Shu orqali arab davlatlari Zelenskiydan ma’lum darajada sovidi. Putin esa mohir siyosatchi sifatida bu vaziyatdan unumli foydalanib, “Isroil bilan munosabatlarimiz yaxshi, ammo biz har doim Falastin davlati tuzilishi tarafdorimiz”, degan fikrni aytdi va ommaviy qatliomni yumshoq tarzda qoralab ham o‘tdi. Bu bilan geosiyosiy muvozanatni ushlab qoldi.

Sovet ittifoqi qulashidan oldin Yaqin Sharq to‘laqonli AQSh nazoratida edi, bugun ham Yaqin Sharq AQSh xavfsizlik tizimi doirasida turibdi. Arab amirligi ham, Saudiya ham eng katta qurol-yarog‘ni baribir AQShdan oladi, ammo vaziyat murakkablashib boryapti. BAA va Saudiya BRIKSga kirmoqchi.