2021 yil 9–10 oktyabr kunlari xizmat safari bilan Qozog‘istonda bo‘ldim. Maqsad: “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona nazorat posti (Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasi)da O‘zbekistonga kirib kelayotgan har qanday kishidan Covid-19 ekspress-testi olinayotgani, buning uchun 100 ming so‘m undirilayotgani, PZR-test muddati o‘tmagan bo‘lsa-da, inobatga olinmayotgani haqida tahririyatga kelib tushgan bir necha shikoyatlarni o‘rganish kerak edi.

Keling, barchasini boshidan boshlaymiz.

Safar uchun tadorik 2 kun avval boshlandi. Garchi O‘zbekiston Qozog‘iston fuqarolari uchun quruqlikdan kirish imkonini taqdim etgan bo‘lsa-da, hozircha Qozog‘iston bunga nisbatan javob chorasini qo‘llashga shoshilayotgani yo‘q. Qo‘shni mamlakatga faqat va faqat havo yo‘li orqali kirib borish mumkin. Shu bois Toshkent–Almati–Chimkent yo‘nalishida 1 mln 631 ming so‘mga aviachipta xarid qilib, koronavirusga PZR-test topshirdim.

Almatiga parvoz oldidan. Soxta PZR-testlar “savdosi” haqida

Parvoz kuni, 9 oktyabrda soat 10dan o‘tganda Toshkent xalqaro aeroportiga yetib bordim. Aeroport hududida tashkil etilgan PZR-test topshirish markazida xizmat narxi 180 ming so‘m bo‘lib, natijasi 4 soatda chiqishi ma’lum bo‘ldi. Testni topshirgach, javobi chiqquniga qadar fursatdan foydalanib, soxta PZR-test tayyorlab berilayotgani haqidagi mish-mishlarga ham aniqlik kiritishga qaror qildim. Laboratoriya xodimidan shunday imkoniyat bor-yo‘qligini so‘raganimda u tashqarida turganlarga uchrashishim kerakligini aytdi.

Tashqarida barchadan ajralib turgan yigitdan PZR-test qilib berayotganlar haqida so‘ragandim, u bir avtomobilga yo‘llab qo‘ydi. 3 yigit o‘tirgan avtomobilga kirib, masalani aytdim. Bir zumda tayyor qilinadigan PZR-test sertifikati 700 ming so‘m turishini aytishdi. Savdolashib, 500 ming so‘mga ko‘ndirdim. Hech qanday tibbiy tekshiruvlarsiz 15 daqiqada test javobini qo‘limga tutqazishdi.

Soxta PZR-test Foto: Kun.uz 

“Sal shustriy bo‘lish kerak”ligi, “aks holda aviakompaniya xodimi “lox” qilib, o‘rnimga kimnidir uchirib yuborishi mumkinligi”ni aytib, beminnat maslahatlarini berishni ham unutishmadi.

Aeroport estakadasiga meni qoldirishgach, soxta PZR-test sertifikatidagi QR-kodni tekshirib ko‘rdim. Kodni skanerlaganimda mening ism-familiyam biriktirilgan allaqanday telefon raqamning kontakti kelib chiqdi. Tushunishimcha, “shovvozlar”ning metodi oddiy: duch kelgan xayoliy telefon raqamga mening ism-familiyamni biriktirishadi va bu kontaktni QR-kodga aylantirishadi. Hosil bo‘lgan QR-kodni soxta PZR-test sertifikatiga tushirishadi. Natijada sertifikatdagi kodni skanerlagan odam sertifikatning rasmiy saytdagi pdf variantiga emas, mening ism-familiyam yozilgan allaqanday telefon raqamga duch keladi.