Farg‘ona shahri ichki ishlar bo‘limi xodimlari xizmat xonasida fuqaroni kaltaklagan. Xonadagi kuzatuv kamerasi qayd etgan tasvirda ichki ishlar xodimi xizmat kiyimidagi ikki nafar shaxsning biri fuqaroni bo‘g‘ib qiynayotgani, bu vaqtda ikkinchi xodim uni ayovsiz kaltaklayotgani ko‘rinadi.
Olishuv boshlangan vaqtda xonada bo‘lgan, janjalda ishtirok etmagan uch nafar erkakning faqat bittasi fuqaroni ichki ishlar xodimlari qo‘lidan ajratishga urinadi. Biroq shunda ham xodimlar fuqaroga kuch ishlatishda davom etishadi.
Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov Kun.uz’ga fuqaroga kuch ishlatgan xodimlar hududiy ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat-qidiruv bo‘limi katta tezkor xodimi va profilaktika inspektori ekanini ma’lum qildi. Ular tomonidan qiynoqqa solingan shaxs esa Azizbek Meliboyev ekani ma’lum.

Shoxruh G‘iyosov o‘z Telegram-kanalida voqea bundan bir yil muqaddam, 2021 yil 14 iyulda Farg‘ona shahri IIBda sodir etilganini ma’lum qildi. G‘iyosovning bayonotida keltirilishicha, ro‘y bergan holat yuzasidan prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda 2021 yil 2 dekabrda sudga oshirilgan.
Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning bayonotida javobgarlikka tortilgan xodimlarning har ikkisi profilaktika inspektori ekani keltiriladi. Qayd etilishicha, bu xodimlar Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudining 2022 yil 14 martdagi hukmi bilan har ikkisiga nisbatan ish haqining 30 foizini davlat foydasiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.










