O‘zbekiston | 19:45 / 04.02.2021
63110
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorodagi ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan portlash sababi ma'lum qilindi. Hodisadan jabrlanganlar soni oshdi

Buxoro shahridagi Islom Karimov ko‘chasida qurilayotgan 9 qavatli binoda yuzaga kelgan portlash oqibatida 6 kishi jabrlangan. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati ma'lum qildi.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Hokimlik axborotiga ko‘ra, bino Jamshid Jalolovich Karomatov rahbarligidagi «White Group Trading» MChJ tomonidan 2019 yilda aholi tomonidan qabul qilingan buyurtma orqali qurilishi boshlangan. Loyiha bo‘yicha 3ta pod'yezdda jami 70ta xonadon qurilishi rejalashtirilgan. Qurilish uchun davlat tomonidan kredit moliyalashtirilmagan.

Portlash vaqtida bino ichida 10 nafar quruvchi va 3 nafar gaz payvandlovchi ustalar bo‘lgan.

Hokimlik matbuot xizmati tomonidan berilgan qo‘shimcha ma'lumotda hodisa sababi ham keltirilgan.

«Gaz payvandlash ishlari 3 oy oldin boshlangan. 4 fevral kuni montaj to‘liq tugatilib, sinovdan o‘tkazilgan. Sinovdan o‘tkazish vaqtida chaqnash sodir bo‘lgan xonadonda gaz quvurining to‘sgichi (zaglushka) bo‘lmaganligi sababli sizib chiqqan gaz havo bilan aralashib, chaqnash sodir bo‘lgan», deyiladi hokimlik xabarida.

Bundan tashqari, hodisa oqibatida jarohatlanganlar soni 6 nafarni tashkil qilmoqda - dastlabki xabarlarda kamida uch kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgani haqida aytilgandi.

Hokimlik jarohatlanganlarning ro‘yxatini keltirgan. Ma'lum bo‘lishicha, shifoxonadagilarning bir nafarining ahvoli og‘irligicha qolmoqda.

  • Rizoyev Ahad Toshevich,1982 yilda tug‘ilgan. Kogon shahridan, ahvoli og‘ir
  • Jo‘rayeva Feruza, Buxoro shahridan, ahvoli yengil
  • O‘rinova Shahnoza, 1981 yilda tug‘ilgan. Jondor tumanidan, ahvoli yengil
  • Roziqova Nargiza, 2000 yilda tug‘ilgan. Jondor tumanidan, ahvoli yengil
  • Jo‘rayev Behruz, 1999 yilda tug‘ilgan, Jondor tumanidan, ahvoli yengil
  • Mahmudova Mohinur, ahvoli yengil.

Mavzuga oid