«Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 12-moddasiga ko‘ra, davlat bolalarni tarbiyalayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashni kafolatlaydi, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatilishini ta'minlaydi.

Bolalarni nafaqalar bilan qamrab olish – bola huquqlarini amalga oshirilishining kelgusida salbiy iqtisodiy oqibatlar xavfini kamaytiradi.

Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tezkor e'tiborni talab qiladigan sohadir. Ularni imtiyozlar bilan qamrab olishni kengaytirish bolalarning ovqatlanishini va rivojlanishini, ularning o‘qishdagi muvaffaqiyatlarini yaxshilashni anglatadi, bu esa bola manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqlarini yanada rag‘batlantirish borasida yutuqlarga erishishga imkon beradi.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tayyorlangan O‘zbekistondagi bolalar vaziyatining tahlilida keltirilishicha, O‘zbekistonning ijtimoiy himoyaga kiritadigan investitsiyalari nisbatan past darajada bo‘lib, YaIMning 6 foizi ijtimoiy himoyaning milliy tizimiga sarflanadi.

O‘zbekistondagi bolalarning ko‘pchiligi (54 foiz) biror ijtimoiy nafaqa oladigan oilalarda istiqomat qiladi. Shunday bo‘lsa-da, kam ta'minlangan oilalarning yarmidan ko‘pi (52 foiz) milliy ijtimoiy himoya tizimi tomonidan hech qanday ko‘mak bilan qamrab olinmagan va vaqt o‘tishi bilan turli nafaqalarning qamrovi qisqardi.

Bugungi kunda 0–17 yoshdagi bolalarning atigi 17 foizi, bola uchun mo‘ljallangan uch turdagi nafaqalarning (bolani parvarishlash bo‘yicha nafaqa, oilaviy nafaqa va nogironlik nafaqasi) birortasini olayotgan oilalarda yashaydi.

Bundan tashqari, bolalari bor oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan bolalar nafaqalarining uch turi bilan qamrab olish darajasi muntazam pasayib borishi kuzatilmoqda. Masalan, 2 yoshgacha bo‘lgan bolani parvarishlash uchun nafaqa oluvchilar soni 2009 yildan boshlab 60 foizga kamaydi va 2 yoshdan 14 yoshgacha bolalari bor bo‘lgan oilalarga to‘lanadigan nafaqalar vaqt o‘tib qisqardi va endilikda atigi 10 foizgina bolalarni qamrab olmoqda. Bolali oilalar ham bugungi kunda aholining eng kambag‘al qatlamlariga mansub bo‘lib qolgan.

Shu bilan birga, imkoniyatlari cheklangan bolalarning 48 foizi nogironlik nafaqasi ola olmayapti.

Bolalar nogironligi bo‘yicha nafaqa to‘lash uchun ajratilgan budjet past darajada bo‘lib, YaIMdan atigi 0,21 foizni tashkil qilgan.

Shuningdek, turli yoshdagilar guruhlari orasida ham ijtimoiy nafaqalar bilan qamrab olinganlikda nomutanosiblik bor. Masalan, 15–17 yoshli bolalar aksariyati ijtimoiy nafaqalar dasturlari bilan qamrab olinmagan. Bolalar kambag‘alligi darajasi umuman aholi kambag‘alligi darajasidan yuqoridir.