Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin O‘zbekistonga kelib, 28 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Toshkentdagi idoralarning rasmiy axborotlarida aytilishicha, mazkur uchrashuvlarda O‘zbekiston–Rossiya aloqalarining rivojlanib borayotgani e’tirof etilgan, o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish haqida so‘z borgan.
Nurdinjon Ismoilov va Vyacheslav Volodin ikki mamlakat parlamentlari quyi palatalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha komissiya tuzishga kelishib olgan va komissiyaning reglamentini imzolagan.



Rossiya delegatsiyasi tashrifini 27 noyabr kuni Samarqandda boshlagan. Mehmonlarni kutib olish uchun Samarqand xalqaro aeroportiga Nurdinjon Ismoilovning shaxsan o‘zi chiqqan. Delegatsiya birinchi prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qilgan, Boqiy shahar majmuasida bo‘lgan. Toshkentda esa G‘alaba bog‘i va Amir Temur muzeyiga borgan.
28 noyabr kuni Duma rasmiy saytida Volodinning O‘zbekistonga safariga doir rasmiy bayonoti e’lon qilindi. Bayonot AQShga qarshi ayblovlardan iborat.
Vyacheslav Volodinning fikricha, O‘zbekiston AQSh bilan hamkorlikning “ehtimoliy oqibatlariga baho berish”da Yevropaning Amerika bilan hamkorligi “natijalari”dan saboq chiqarishi kerak.
“Bu yerdagi odamlar donishmand, aqlli – bu xat-xabarlar nimaga olib kelishini tushunishadi”, – degan u AQSh vakillarining Markaziy Osiyoga tez-tez kelib turishiga izoh berarkan.














