O‘zbekiston | 15:14 / 13.05.2020
84864
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada og‘ir vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonliklarga bir martalik moddiy yordam to‘lab beriladi

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi «Mehr» loyihasini ishga tushirdi.

Foto: RIA Novosti

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi va Rossiya hududlaridagi bosh konsulxonalari 14 maydan e'tiboran karantin va cheklov choralari tufayli og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga bir martalik moddiy yordam to‘lab berishni boshlaydi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, moddiy yordam elchixona ochgan xayriya hisob raqamiga kelib tushgan mablag‘lar hisobidan ajratiladi.

Bir martalik moddiy yordam Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan quyidagi toifadagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga to‘lab beriladi:

  1. Nogironlar – tegishli tasdiqlovchi hujjat (ma'lumotnoma) taqdim etilgan taqdirda;
  2. Qaramog‘ida 2 yoshgacha farzandi bo‘lgan hamda homilasi 7 oylikdan oshgan ayollar – zarur tasdiqlovchi hujjatlar (bolaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma, tibbiyot muassasidan ma'lumotnoma) taqdim etgilgan holda;
  3. Covid-19 tashxisi qo‘yilgan shaxslar – tegishli tasdiqlovchi hujjat asosida;
  4. Rossiya OTMlarining kunduzgi bo‘limlarida tahsil olayotgan talabalar – o‘qish joyidan tegishli ma'lumotnoma asnosida.

Ma'lum qilinishicha, mazkur yordam Rossiyada belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kelib chiqqan holda bir martalik pul mablag‘ini to‘lab berish shaklida amalga oshiriladi.

Ma'lumot uchun, ayni paytda Rossiyada mehnatga haq to‘lashning minimal miqdori 12 130 rubl etib belgilangan (165 dollar atrofida).

Moliyaviy yordamni olish uchun elchixona tomonidan maxsus ishga tushirilgan o‘zbek va rus tillaridagi «mexr.rf» portali orqali murojaat yuborish lozim.

«Elchixona xayriya bank raqamiga moliyaviy mablag‘lar o‘tkazgan homiylar va sheriklarimizga minnatdorlik bildiramiz.

Vatandoshimiz, taniqli tadbirkor va homiy Alisher Usmonovga u ko‘rsatgan keng ko‘lamli yordami uchun alohida minnatdorlik izhor etamiz», – deyiladi O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, ehtiyojmand fuqarolarga moliyaviy mablag‘larni ajratish jarayoni shaffofligini ta'minlash maqsadida, elchixona har hafta tegishli hisobotlarni e'lon qilib boradi.

Mavzuga oid