Taajjub... Qadimdan insonlar savob umidida yo‘l, qabriston, maktab, masjid uchun o‘z mulki bo‘lgan yerni kechib berishgan.
Biroq, navbatdagi murojaatda ko‘tarilgan muammoli masala – Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi Qorashoh mahallasidagi holatga hayron qoldik. Bu haqda imkon darajasida qisqaroq qilib yozishni maqsad qilgan bo‘lsak-da, masalaga oid hujjatlarning mo‘lligi maqola salmog‘ini ancha oshirdi.

“Stadionda tadbirkorlik” operatsiyasi yoxud qonunlarni chetlab o‘tish
Qorashoh MFYda istiqomat qiladigan oilalarning 650 nafardan ziyod farzandlari o‘z hududlaridagi 44-umumta'lim maktabida ta'lim va tarbiya oladilar.

Hamma o‘quv dargohlarida bo‘lgani singari mazkur maktabda ham o‘ziga biriktirilgan stadion mavjud. Stadion 28 yildan beri ta'lim muassasasiga xizmat qilib kelmoqda. Uning oldi qismida harbiy tayyorgarlik bo‘yicha sport anjomlari – turnik, brus va boshqa jismoniy mashqlar uchun snaryadlar o‘rnatilgan, qolgani atrofida yugurish uchun joy bo‘lgan futbol maydoni. Stadionning egasi maktab ekanligi esa, 1990-yildagi kolxoz pravleniyesi majlisida qaror bilan tasdiqlangan.
Ajab va ming ajabki, shu yerlik tadbirkor, yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak “Qosimov Sirojiddin chorvasi” rahbari Inomjon Qosimov stadion hududida ishbilarmonlik qilib, maishiy xizmat obektlari qurishni ixtiyor etibdi. Qonun bo‘yicha, bunday faoliyat yuritish uchun hududdagi bo‘sh turgan, qarovsiz joylardan yer ajratiladi. Stadion umumiy ta'lim maktabi balansida turadi; yer maydoni Xalq ta'limi vazirligining ruxsati bilan tuman hokimligi zaxirasiga olinmasa, tenderga qo‘yilmaydi, yana bir dunyo hujjatlar to‘plami ham kerak.

Quvada har qanday ishni imi-jimida bitirib yuborsa bo‘lar ekan. “Uddaburon tadbirkor” qanday qilib “qor yoqqani qalov topgan”, bilmadik. Uni qarangki, Inomjon Qosimov, stadion hech kimga kerak emasligi haqida MFY vakillari qarorini chiqargan, tuman xalq ta'limi bo‘limidan yer maydonida do‘kon qurishga “Rozilik xati” olgan (lekin mazkur xat XTB devonxonasi ro‘yxatidan o‘tmaganligi aniq bo‘ldi), yer maydonini tanlovga qo‘ydirib, yutib, yer maydonidan foydalanish bo‘yicha tuman hokimi qarorini ham chiqara olgan.
Samarasiz murojaatlar va tadbirkorning qurilishni boshlashi

















