12:18 / 11.12.2022
45753

Lacetti va Cobalt uchun shartnoma berish to‘xtatildi

Endilikda xaridorlar faqat Onix uchun shartnoma tuzishi mumkin.

O‘zbekistonda 8 dekabrdan Lacetti va Cobalt uchun shartnoma berish to‘xtatildi. Uch kundan buyon UzAutosavdo ilovasi va maxsus botda Lacetti va Cobalt kontraktatsiyasi imkonsiz bo‘lib qolmoqda, ya’ni mazkur rusumdagi avtomobillarga to‘lov uchun shartnoma berish to‘xtatilgan.

Kun.uz bog‘langan Toshkentdagi avtosalonlar shartnoma berish 8 dekabrdan boshlab to‘xtatilganini tasdiqladi, buning sababi va qachon tiklanishidan bexabar ekanini bildirdi.

Bundan avvalroq ishlab chiqarishdan olingani sababli Nexia-3 va Spark avtomobillarining kontraktatsiyasi to‘xtatilgandi.

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov endilikda xaridorlar faqat Onix uchun shartnoma tuzishi mumkinligiga e’tibor qaratgan.

«Hozirda o‘zbekistonlik sho‘rpeshonalar uchun eng arzoni 152 million so‘m bo‘lgan va bir yil kutish talab qilinadigan Onix sedanigina yagona tanlov bo‘lib qolgan.

Monopollashtirilgan avtomobil bozori bilan bog‘liq vaziyat o‘tgan epoxadan ham ko‘ra yomonlashgan. Hukumat monopolist erkatoyini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda», deydi u telegram-kanalida.

Ma’lumot uchun, avvalgi yillarda kontraktatsiya to‘xtatilganidan keyin narxlar oshgan holda qayta ochilgan edi. 

Mavzuga oid
Top