22:10 / 11.09.2018
65425

​​«Jinoyatga aloqador emas​». Imom ishida prokuror so‘nggi so‘zni aytdi

Foto: Fotolia

11 sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasida prokuror M.Hayitov xorazmlik imom Hikmatulla Yusupov hech qanday jinoyat ishi doirasida aybli emasligini ta'kidladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi imom Hikmatulla qori Yusupov ishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga protest keltirib, mahkumning turmush o‘rtog‘i M.Rahmatullayevaning murojaatini qanoatlantirgandi. Shundan so‘ng joriy yilning 14 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi mazkur ishni keltirilgan protestga ko‘ra qayta ko‘rib chiqishi ma'lum bo‘ldi.Biroq o‘sha kuni «ma'ruzachi sudya Mo‘minov xizmat safariga ketgan»i sababidan sud ishi noma'lum muddatga qoldirildi. Oradan ikki kun o‘tishi bilan Oliy sud Hikmatulla qori Yusupovga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishini nazorat bosqichida ko‘rib chiqdi. 

Sudda ishtirok etgan prokuror Bosh prokuratura protestini quvvatlab, sud Hikmatulla Yusupovga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda JPKning 22,463-moddalari talablariga rioya qilmaganligi, uni ayblash tergov hibsxonasida bergan ayrim sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari asos qilib olingani hamda jinoyat ishida Yusupovning aybini tasdiqlovchi boshqa biror bir dalil mavjud emasligi va boshqa vajlarga ko‘ra ajrimni bekor qilib, ishni yangidan ko‘rib chiqish uchun kassatsiya instansiyasiga yuborishni so‘ragandi.

Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati protestni qanoatlantirib, kassatsiya bosqichida imom Hikmatulla Yusupovning ishtiroki albatta ta'minlangan holda ko‘rilishini ma'lum qilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 14.02.2017 yildagi ajrimini bekor qildi

11 sentabr kuni jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasida raislik etuvchi B.Alimov, sudyalar Z.Nurmatov va I.Turgunovalardan iborat tarkibda​ ko‘rib chiqildi. Unda prokuror M.Hayitov​ fikri tinglandi. Undan so‘ng, advokatlar Abdumalik Abdullayev va Xurshed Rustamov prokurorni qo‘llab-quvvatlab, Yusupovning sodir etilgan jinoyatlarga aloqador emasligini ta'kidladi. Yusupov kassatsiya instansiyasida shaxsan ishtirok etib, prokuror va advokatlarning fikrlariga munosabat bildirdi. 

«Bismillahir rohmanir rohiym. Assalomu alaykum, hurmatli sudya, prokuror va sud ishtirokchilari! Uzoqdan tashrif buyurib, adolat tantana qilishini kutayotgan qarindosh, do‘stlar, barchangizga tashakkur. Odil va oqilona siyosat yuritayotgan Yurtboshi bilan siylagan Allohga hamdlar bo‘lsin. Men aytilayotgan jinoyatlarga aloqador emasman, buni avval ham aytganman, yana takrorlayman. Prokuratura xodimlari ishni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqib, xulosani o‘qib eshittirdi. Men prokuror va advokatlarning so‘zlarini tingladim, ularni qo‘llab-quvvatlayman», deydi Yusupov. 

Eslatib o‘tamiz, 1993 yildan buyon O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi madrasa va masjidlarda ishlab kelgan Hikmatulla Yusupov Xorazm viloyati MXX xodimlari tazyiqi ostida mudhish jinoyatlarda ayblangandi. Xorazm viloyati MXXning diniy masalalar bo‘yicha «kuratori» Mahmud  Ermetov va Hikmatulla qori o‘rtasidagi ziddiyat, Yusupovning qamalishi bilan yakunlandi

Masjid imomi vazifasida ishlab kelgan Hikmatulla qori go‘yoki, ayol kishiga shilqimlik qilgani uchun MJtKning 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun 2015 yil 21 aprel kuni 15 sutka, 6 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudining sudyasi Hayitboyev qarori bilan yana 15 sutka qamoq jazosini o‘tashga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng, u Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan va 13 yilga qamoqqa «tashlandi». Keyinchalik, Xorazm viloyati Harbiy prokuraturasi 13 yillik qamoq jazosi ortida MXXning ayrim  xodimlari turganini aniqladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi esa imom ishi doirasida barcha sud qarorlarini bekor qilinishini so‘rab, Oliy sudga protest kiritdi.

Shu paytgacha, imomning turmush o‘rtog‘i adolat qidirib, 97ta murojaat xati yozgan, jumladan Senat raisiga 3ta, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 3ta, Oliy sud raisiga 2ta,  Inson huquqlari bo‘yicha vakilga 3ta, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiyga 2ta, Toshkent shahar prokuroriga 4ta xat yuborilgan. Hikmatulla qori uzoq yillar O‘zbekiston Musulmonlari idorasida to‘g‘ri va halol ishlagan bo‘lishiga qaramay, sud ishlarida idoraning hech qanday rasmiy vakili ishtirok etmayapti. Sudya Alimov​ 12 sentabr kuni mahkum Yusupovga mazkur ish doirasida so‘nggi so‘z taqdim etishini ma'lum qildi va ishni 1 kunga qoldirdi.

Mavzuga oid
Top