18:55 / 07.04.2020
65879

Koronavirusga test qanday topshiriladi?

Koronavirusni aniqlovchi test sinovlari olinish jarayoni bilan tanishish maqsadida, Kun.uz muxbiri Andijon viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazida bo‘ldi.

Markazga borganimizda, hududdagi harbiy qism xodimlari ham test topshirgani kelishgan ekan. Maxsus ajratilgan joyda uch nafar SEOM xodimi navbat bilan kelganlarni qabul qilib, tahlil uchun tekshira boshladi.

Koronavirusga test topshirish jarayoni quyidagicha amalga oshirilar ekan: Uch xodimdan biri test topshiruvchining burun halqumidan surtma oladi. Ikkinchisi surtmani probirkaga solib, maxsus idishga joylaydi va uchinchi xodim test topshiruvchi haqidagi shaxsiy ma'lumotlarni yozib oladi.

Test topshirish jarayoni ikki-uch daqiqa davom etadi.

«Hozir zaxiramizda Xitoyda ishlab chiqarilgan 10 mingta test sinamasi bor. Bir kunda 400ga yaqin kishidan namunalar olyapmiz.

Bakteriologlar va virusologlardan iborat brigadalarimiz sutkaning 24 soati davomida ish olib borishyapti», – deydi Andijon viloyat sanitariya-epidemilogik markazi rahbari Akromjon Ikromov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, test javobi 6 soatda ma'lum bo‘ladi.

Bizga ma'lum qilishlaricha, o‘zida koronavirus alomatlarini sezgan fuqarolar test uchun bepul namuna topshirishlari mumkin.

Viloyat shtabidan olingan ma'lumotga ko‘ra, 7 aprel soat 15:00 holatiga Andijon viloyatida koronavirus infeksiyasi bilan zararlanganlar soni 61 nafarni tashkil etmoqda. Ular viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

Kun.uz muxbirlari:
Elmurod Ermatov, Sarvarbek Nazarov.

 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top