23:52 / 11.04.2020
120777

Farg‘onada koronavirusga chalingan bemorlardan biri vafot etdi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirusdan to‘rtinchi o‘lim holati qayd etilganini ma'lum qildi.

«Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida yashagan, Umra safarida bo‘lib qaytgan 59 yoshli fuqaro N.da joriy yil 25 mart kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan edi. Bemor (ayol) shu yili 31 mart kuni sun'iy nafas olish apparatiga ulangan. Bemorda o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, gipertoniya 3-bosqich, arterial gipertenziya 3-daraja, xavf o‘ta yuqori bo‘lganligi sababli kasallik og‘ir kechib, u 12 kun davomida sun'iy nafas olish apparatida bo‘lgan.

Davolanish davrida tibbiyot fanlari doktori, professor A.Xadjibayev rahbarligida Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh pulmonologi, professor I.Liverko, yetakchi reanimatologlar D.Sobirov va X.Sattorov ishtirokida bir necha bor videoaloqa orqali kerakli tavsiyalar berib borilgan. Bundan tashqari, davolash standartlariga muvofiq, virusga qarshi, antibakterial, infuzion, mukolitik, simptomatik va respirator terapiya muolajalari ham olib borilgan.

Ammo joriy yil 11 aprel kuni kechki payt bemorning ahvoli keskin yomonlasha boshlagan. Unga qator soha mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan shoshilinch reanimatsion muolajalar ko‘rsatilgan. Lekin standart asosida olib borilgan chora-tadbirlarga qaramasdan bemor N.da o‘tkir respirator disstres sindrom, o‘tkir nafas yetishmovchiligi hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligi natijasida biologik o‘lim qayd etildi», deyiladi vazirlik xabarida.

Kun.uz tahririyati marhumning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari 11 aprel kuni 98taga oshib, jami 767taga yetdi. Ulardan 42 nafari sog‘aygan, jami 4 kishi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda koronavirusning dastlabki qurboni 27 mart kuni qayd etilgan – 72 yoshli namanganlik ayol unda virus aniqlanganining ertasiga yurak hurujidan vafot etgandi. Shundan so‘ng Toshkent va Chirchiq shaharlarida yashab, shifokorga kech murojaat qilgani aytilgan 39-40 yoshli erkaklar ham koronavirus oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.

7 aprel kuni berilgan ma'lumotga ko‘ra, jahonning 9 mamlakatida O‘zbekistonning kamida 23 nafar fuqarosiga COVID-19 tashxisi qo‘yilgan, ulardan uch nafari vafot etgan. 10 aprel kuni Qozog‘istonda ikki o‘zbekistonlik virusni yuqtirib olgani xabar qilindi, ular uzoq masofaga qatnovchi yuk mashinalari haydovchilari ekani aytilmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top