«Afg‘oniston muvaqqat hukumati o‘z va’dalarini bajarishi shart» – Abdulaziz Komilov
O‘zbekiston TIV rahbari asosiy vazifa qo‘shni mamlakatda gumanitar halokatning oldini olish ekanligini eslatdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘oniston muvaqqat hukumati tan olinishi uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘yilayotgan shartlarga doir o‘zining ko‘plab va’dalarini bajarishi shartligini eslatdi. Komilov bu haqda Latviya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvdan so‘ng tashkil qilingan matbuot anjumanida aytib o‘tgan.
«Bugun Afg‘onistonda mutlaqo yangi voqelik shakllangani haqiqat. Albatta, ushbu davlat muvaqqat hukumatini tan olish yoki tan olmaslik borasida turlicha yondashuvlar mavjud. Hukumatni tan olish masalasi – ikki tomonlama harakatlar evazigagina amalga oshishi mumkin. Ya’ni oldinga siljish kerak: muvaqqat hukumat o‘z va’dalarini bajarishi shart (va ular juda ko‘p). Bular xalqaro hamjamiyat qo‘yayotgan deyarli o‘sha shart va talablardir.
Boshqa tomondan esa xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonda amalga oshirilayotgan har qanday ijobiy qadam va o‘zgarishlarni rag‘batlantirishi kerak. Bu hukumat bilan ishlash, muloqot qilish, ta’sir o‘tkazish, xalqaro hamjamiyatning yondashuvlari va shartlari haqida ma’lumot berish kerak. Shu tariqa qarashlarni yaqinlashtirish, o‘zgarishlarni yaxshi tomonga burish mumkin.
O‘zbekiston eng og‘ir davrlarda ham Afg‘oniston vakillari bilan aloqalarni to‘xtatmadi. Bugun esa savdo-iqtisodiy hamkorlikni davom ettirmoqdamiz. Gap energetika va transport kommunikatsiyalari sohasida ham jiddiy loyihalarni amalga oshirish haqida bormoqda», – dedi Abdulaziz Komilov.
Shuningdek, O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari xalqaro hamjamiyat hamda Yevropa ittifoqining bugungi kundagi asosiy vazifasi – Afg‘onistonda gumanitar halokat va vaziyat keskinlashuvining oldini olish ekanini eslatdi.
«O‘zbekiston va Latviyaning Afg‘oniston masalasidagi umumiy manfaatlari xalqaro hamjamiyat manfaatlari bilan hamohangdir. Bu esa ayni paytda qanchalik g‘ayritabiiy tuyilmasin, Afg‘oniston muvaqqat hukumati pozitsiyasiga ham mos keladi. Ushbu hukumat mamlakatni terrorchilardan tozalash uchun ko‘plab choralarni amalga oshirmoqda. Ular mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy hamjamiyatga integratsiyalashish istagini bildirmoqdalar. Biz ushbu sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Shu bilan birga o‘z shartlarimizga amal qilinishi, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, terrorizmning bartaraf etilishi, Afg‘oniston xalqi uchun munosib yashash shart-sharoitlari yaratilishini talab qilishimiz zarur», — dedi Abdulaziz Komilov.
Ma’lumot uchun, 8 fevral kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Latviya tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Latviya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mehnat migrantlari va O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha bir qator hujjatlar, jumladan, tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish hamda bandlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim loyihalarini ko‘rib chiqishni jadallashtirish masalasi muhokama qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi va Latviya tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida hamkorlik va maslahatlashuvlar to‘g‘risida protokol imzolandi.
Mavzuga oid
16:26 / 12.12.2024
Abdulaziz Komilov Turkmanistonning «Hurmatli el yoshullisi» unvoni bilan taqdirlandi
17:52 / 07.12.2024
Qirg‘iziston prezidenti AQSh va Yevropani «Tolibon»ni tan olishga chaqirdi
23:50 / 29.11.2024
Rossiya «Tolibon»ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarmoqchi. Shoygu Kobulga bordi
18:05 / 06.11.2024