O‘zbekiston | 14:01 / 22.03.2020
85078
4 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus aniqlangan shaxslarning 16 nafari bitta bemor bilan aloqada bo‘lgan – Ichki ishlar vaziri

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning aytishicha, 15 martidan 22 mart kuniga qadar koronavirus aniqlangan 42 kishining 16 nafari bitta bemor bilan aloqda bo‘lgan. 

Arxiv foto: KUN.UZ

«Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 27 fevralidan 22 martiga qadar mamlakatimizga chegara orqali kirib kelgan jami 837 ming nafar fuqaro chegara xizmati va tibbiyot xodimlari bilan birgalikda ko‘rikdan o‘tkazilgan. Tibbiy ko‘rik davomida epidemik vaziyat noxush bo‘lgan davlatlardan kelgan 19479 nafar shaxs aniqlanib, yashash manzili bo‘yicha 14 kunlik tibbiy kuzatuvga yuborilgan.

Bugungi kunda 14 kunlik karantinga olinganlarning 6748 nafari Sog‘liqni saqlash vazirligining xulosasi asosida tibbiy kuzatuvdan chiqarilgan bo‘lib, 12731 nafari tibbiy kuzatuvda qolmoqda. 

Tibbiy kuzatuvdagi shaxslardan 7416 nafari shifoxonalarda, 5315 nafari uy sharoitida saqlanmoqda. Uy sharoitida karantin o‘tayotgan fuqarolar, belgilangan qoidalarga rioya qilishlari, karantin tartiblarini buzib tashqariga chiqishlarini oldini olish va aholining xotirjamligini ta'minlash maqsadida, jami 9564 nafar, ya'ni har bir uyga bir nafardan profilaktika inspektori, mahalla raisi va tibbiyot xodimi biriktirilgan.

15 martdan 22 martgacha yurtimizda ushbu kasallik 42 nafar shaxsda aniqlangan bo‘lsa, bu holatlarning 16tasi 1 bemor bilan kontaktda bo‘lganlar bilan bog‘liq. Ushbu raqamlar hozirgi vaziyatda o‘zaro muloqotni kamaytirish, kasallik yuqishining oldini olish borasidagi tartib-qoidalarga qat'iy rioya qilish zarurligini ko‘rsatmoqda», deya Po‘lat Bobojonovning so‘zlari keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirning ta'kidlashicha, uy sharoitida «oilaviy karantin»da saqlanayotgan barcha fuqarolar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) va Jinoyat kodeksining 2571-moddasi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan tanishtirilib, rasmiy ogohlantirilgan.

Po‘lat Bobojonovning so‘zlariga ko‘ra, IIV tomonidan ham COVID-19 koronavirusining respublikamiz hududida yanada tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash, karantin rejimi davrida xavfsizlik va jamoat tartibini ta'minlash hamda boshqa mutasaddi idoralar bilan o‘zaro axborot almashish va ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida vazirlik va hududiy ichki ishlar organlarida tezkor shtablar tashkil etilgan.

«Maxsus ajratilgan davolash va boshqa muassasalarda «umumiy karantin»da saqlanayotgan, tibbiy kuzatuvdagi shaxslarning belgilangan qoidalarga rioya qilishlari, karantin tartiblarini buzib tashqariga chiqishlarini oldini olish, bir so‘z bilan aytganda, sanitariya cheklovlarini ta'minlash maqsadida, ushbu maskanlar Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari hamda Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qo‘riqlovga olingan.

Chet ellarda bo‘lgan yurtdoshlarimizni mamlakatimizga qaytarish borasidagi sa'y-harakatlar natijasida, bugungi kunga kelib, 8ta avia va 11ta temir yo‘l reyslari orqali xorijiy mamlakatlarda bo‘lgan 4173 nafar fuqaro mamlakatimizga evakuatsiya qilinib, 22ta tibbiyot muassasalariga joylashtirildi. 

Yuqoridagi harakatlarning barchasi respublikamiz hududida ushbu xavfli infeksiyaning keng tarqalib ketishining oldini olish, har bir yurtdoshimiz salomatligini qat'iy muhofaza qilishga qaratilgan», deydi vazir.

  • Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalinishning ilk holati 15 mart kuni qayd etildi. Fransiyadan kelgan bu bemor o‘ndan ortiq qarindoshlari va yaqinlariga virus yuqtirgan.

Mavzuga oid