O‘zbekiston | 18:19 / 18.04.2022
62688
2 daqiqa o‘qiladi

Issiq kunlar kelyapti, «tonirovka» masalasida yengillik beriladimi? – IIV mas’uli izoh berdi

Tonirovka masalasidagi xizmatlar Davlat xizmatlari agentligi tomonidan ko‘rsatilmoqda va bu borada yengilliklar berilishi nazarda tutilmagan. Bu haqda bugun, 18 aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida IIV JXD YHXX boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Erali Bozorov ma’lum qildi.  

Foto: Kun.uz

Tadbirda Kun.uz muxbiri issiq kunlarda quyosh nuri haydovchilar va yo‘lovchilarga zarar ekanligini hisobga olib, IIV tomonidan «tonirovka» masalasida qandaydir yengillik berilishi borasida so‘radi.

«Tonirovka masalasiga keladigan bo‘lsak, xabarlaringiz bor, avvallari tonirovkalarga ruxsat berilishi yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan amalga oshirilar edi. Bugungi kunda bu Davlat xizmatlari agentligi tomonidan amalga oshirilyapti. Bu yerda belgilangan narxdan 10 foiz kamaytirilgan, ya’ni 2 million so‘m bo‘ladigan bo‘lsa, shunda 200 ming kam tarzda olib boriladi», – deya javob berdi IIV mas’uli.

Ma’lumot uchun, hukumat qarori bilan 2018 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekistonda avtomobillarga pulli asosda oynalarni qoraytirishga ruxsat berilgandi. Hozirda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat olish to‘lovi quyidagicha:

  • orqa yon oynalar – yiliga 5 BHM (1 mln 500 ming so‘m);
  • barcha yon oynalar – yiliga 50 BHM (15 mln so‘m).

Old eshiklarning yon oynalarini 50 foizgacha, orqa oynalarni esa 100 foizgacha qoraytirish mumkin.

Mavzuga oid