Qashqadaryoda noqonuniy qurilayotgan binolar haqida ma'lumot berildi
Qurilish vazirligi Qashqadaryo viloyati hududida tadbirkorlar tomonidan olib borilgan qurilishlarni o‘rganib, ularning ba'zilaridagi xato va kamchiliklar haqida ma'lumot berdi.
1. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri «Sho‘rtan» MFY hududidagi «1-son kompleks loyiha qurilish va montaj» xususiy korxonasi tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar joy binosida majburiy yuritilishi lozim bo‘lgan ijro hujjatlari yuritilmagan. Shuningdek, binoda ishlatilgan monolit temir beton konstruksiyalarining loyihaviy mustahkamligiga mos kelishi bo‘yicha laboratoriya sinov xulosalari olinmagan, shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagan hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan qurilish-montaj ishlari boshlangan.
«Ushbu aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha pudratchi tashkilotga nisbatan 2020 yil 24 dekabrda yozma ko‘rsatma berilib, kamchiliklar bartaraf etilmagani sabab ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilgan va hujjatlar sudga topshirilgan», deyiladi vazirlik axborotida.
2. Qarshi shahar Islom Karimov hamda Tupxona ko‘chalari chorrahasida «Ulkan inshoot qurilish servis» MChJ tomonidan qurilayotgan mehmonxona binosida ham kamchiliklar aniqlangan. Obekt qurilishi uchun tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlariga ijobiy yig‘ma ekspertiza xulosasi hamda obektni loyihalashtirish uchun ishlab chiqilgan bosh reja, fasad ko‘rinishi uchun arxitektura va shaharsozlik kengashining bayonnomasi olinmagan. Shuningdek, bu yerda ham hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan qurilish-montaj ishlari boshlangan.
Bundan tashqari, obektda ishlatilayotgan qurilish materiallar sifat hujjatlari mavjud emas, temir beton konstruksiyalarida ishlatilgan beton qorishmalarining loyihaviy mustahkamligiga mosligi bo‘yicha laboratoriya sinov xulosalari ham yo‘q.
«Mazkur aniqlangan kamchiliklar hududiy inspeksiya tomonidan 1136-sonli yozma ko‘rsatmada belgilangan muddatda bajarilmagani sabab ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar sudga yuborilgan», deyiladi axborotda.
3. Qarshi shahar Jayxun ko‘chasi hududida «Nazira» xususiy korxonasi tomonidan qurilayotgan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va naves qurilishi hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan boshlangani sabab obektda qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi o‘tkazildi.
Tekshiruv jarayonida obektda «Qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish» qoidasining 7.2-bandi talabiga zid ravishda poydevorning tuproq osti zichligini aniqlash bo‘yicha laboratoriya sinov xulosalari olinmagan. Ishchi loyihada naves qurilishi ishlarida ustunlarga D150 mm.li metall quvurlar, tom yopma ishlarida metall fermalar ko‘rsatilgan bo‘lib, amalda esa ustunlar o‘rniga oldin foydalanilgan yig‘ma temir beton ustunlar va kolonnalar montaj qilingan.
Aniqlangan kamchilik va nuqsonlar bo‘yicha pudratchi “Nazira” xususiy korxonasi rahbariga berilgan yozma ko‘rsatma belgilangan muddatda bajarilmaganligi uchun ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, hujjatlar sudga yuborilgan.
4. Qamashi tumani Oqguzar mahallasi hududida «Zamin metan servis» MChJ tomonidan qurilayotgan ikki qavatli supermarket binosi qurilishi ham hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan boshlangan va shu sabab u yerda qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi o‘tkazilgan.
Tekshiruv jarayonida «Qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish» qoidasining 1.13-bandi talabiga zid ravishda obektda majburiy yuritilishi lozim bo‘lgan texnik ijro hujjatlaridan umumiy jurnal, materiallarning kirim nazorati, maxsus ishlar, beton, payvand, texnika xavfsizligi jurnallari yuritilmagani aniqlangan. Yuqoridagi qoidaning 2.4-bandiga asosan bino qurilishida ishlatilgan monolit temir beton konstruksiyalarining mustahkamligi loyihaga mosligi bo‘yicha laboratoriya sinov xulosalari olinmagan, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Bungacha Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Jizzax va Buxorodagi noqonuniy qurilishlar haqida ma'lumot berilgandi.
Mavzuga oid
22:36 / 20.12.2024
Qashqadaryoda isitish tizimidagi ta’mirlashda salkam 1 mlrd so‘mni talon-toroj qilgan MChJ aniqlandi
11:52 / 15.12.2024
Qashqadaryoda OTM hovlisida unashtirilgan qizini pichoqlagan yigitga hukm o‘qildi
16:27 / 11.12.2024
Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etiladi
16:33 / 04.12.2024