O‘zbekiston | 08:47 / 23.08.2024
6440
2 daqiqa o‘qiladi

Iste’molchilarga suv ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga o‘zgartirish kiritildi

Vazirlar Mahkamasining “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra:

  • yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uylarning sovuq suv hisoblagichlari kvartira tashqarisida (zinapoyalar, yerto‘lalar va boshqa qismida) o‘rnatilgan holatlarda hisoblagich va plombalarni saqlash bo‘yicha javobgarlik ichimlik suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish markazlashtirilgan tizimlaridan foydalanish sohasida suv quvurlari — kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari zimmasiga yuklanadi;
  • ilgari I guruh iste’molchilari, bo‘nak tariqasida, kommunal xizmatlar uchun 12 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lovlarni avvaldan amalga oshirib qo‘ygan bo‘lsalar, ular shu vaqt mobaynida tariflar (shuningdek, maxsus ustama miqdori)ning o‘zgarishi tufayli to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lovlardan ozod etilgan bo‘lsalar, endilikda ushbu davr 2 oyni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun: I guruhga — xususiy uy-joylarda va ko‘p kvartirali uydagi xonadonlarda yashaydigan jismoniy shaxslar kiradi.

Shuningdek «Xorazm viloyatida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish» va «Namangan viloyatida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish» loyihalari va hududlardagi boshqa loyihalar muddatlari uzaytirilmoqda.

2018 yilda ushbu ikki loyihani amalga oshirish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan 120 mln AQSh dollari qarz olish to‘g‘risida kelishuv imzolangan bo‘lib, ushbu loyihalarni amalga oshirishning dastlabki muddati 4 yilni tashkil etgan (2019-2022 yillar).

Mavzuga oid