Kun.uz hali tadqiq qilinmagan hududda bo‘lib, qoyatoshlarda aks etgan hayvonlar va boshqa anglash qiyin bo‘lgan suratlarni tasvirga oldi.


Bizni Jomboy tumanidagi 51-umumta'lim maktabida tarix fanidan dars berib kelayotgan Muhriddinxo‘ja Xolsaidov hududga boshlab bordi. O‘qituvchi bevosita arxeologik topilmalarga ham qiziqqani bois, Bulung‘urda maktab o‘quvchisi tomonidan qoyatoshlarda noodatiy tasvirlar topilganiga e'tibor qaratganini aytmoqda.

Tasvir tushirilgan qoyatoshlar aholi yashash punktidan 6–7 kilometr ichkarida Bog‘bon mahallasining Botbot qishlog‘ida joylashganiga guvoh bo‘ldik. Hududga odamlar juda kam borisharkan. Qir-yalangliklarda cho‘ponlarnigina uchratishingiz mumkin. Qoyatoshlardagi tasvirlarga esa hamma ham sinchiklab e'tibor qilmagani uchunmi, shu kungacha bu haqda kimdir ma'lumotga ega bo‘lmagani aytilmoqda.
Bulung‘ur tumanidagi 19-umumta'lim maktabi o‘quvchisi ham tasvirlarni tasodifan payqab qolganini bildirdi. Kitoblardagi tasvirlarni eslatib yuborgan bu suratlar uni bu haqda boshqalarga ham ma'lum qilishga undaganini aytmoqda.



«Qoyatoshlardagi tasvirlarda shoxdor tog‘ echkilari suratini ham ko‘rdim. Bunday hayvonlar hozirgi kunda bizning hududlarda uchramaydi. Qolaversa, bu joyda chashmaning borligi ham e'tiborimni tortdi. To‘rt faslda ham bu tog‘ tizmalarida suv bo‘ladi. Aynan shu jihat ham ushbu manzil qadimiy odamlar makoni bo‘lganiga ishora qila oladi. Chunki azaldan hududda yashash uchun sharoit bo‘lgan. Shuningdek, dastlabki qurollarni yasash uchun qulay bo‘lgan toshlar ham ko‘p uchradi bu yerda. Shu kabi xulosalarga asoslanib, Samarqand davlat universiteti arxeolog olimlariga xabar berdik. Ular tezlik bilan yetib kelishdi va bu tasvirlar kecha yoki bugun paydo bo‘lmaganini, kamida yetti-sakkiz ming yillik tarixga ega ekanligini tasdiqlashdi», — deydi Jomboy tumanidagi 51-umumta'lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi Muhriddinxo‘ja Xolsaidov.





















