Yurist, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining Feysbukdagi sahifasida 1 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan test sinovlarini birmuncha adolatli o‘tkazish uchun o‘z taklifini o‘rtaga tashladi.
OTMlarga kirishdagi test sinovlarida adolatni, haqqoniylikni ta'minlash haqida ko‘p va xo‘b gapiriladi. Bu masala nafaqat bugunning masalasi, balki bu millat, yurt kelajagi bilan ham chambarchas bog‘liq.
1 avgustdagi testlar muhokamasidagi doimiy bir savol bor: “Nima qilsa, testlarda butunlay haqoniylikni ta'minlash mumkin?”. Bu savolga hamma o‘z dunyoqarashi, tajribasidan kelib chiqib fikr, taklif aytishga harakat qiladi. Hozirgi postimda men ham o‘zimning kichik taklifimni aytmoqchiman.
Avvalo bir narsani kelishib olaylik. Ushbu mavzu bo‘yicha eng oddiy haqiqatlar borki, ularni tan olmasdan turib, fikr yuritish nojoiz.
Birinchidan, imtihonlarda 100% adolatni ta'minlash qiyin, balki imkonsiz hamdir. Bu ko‘p faktorlarga bog‘liq. Masalan, ilmsiz biror abituriyent tavakkaliga hamma savolga bir xil harfli variantni belgilab chiqsayu, omadi kelib o‘qishga kirsa, aslida bu ham tom ma'noda adolatsizlik.
Ikkinchidan, kirish jarayonlaridagi adolatni bitta taklif bilan yoki bitta islohot bilan ta'minlab bo‘lmaydi. Buning uchun kompleks chora-tadbirlar zarur. Bunday deyayotganimning boisi, hukumat tomonidan ayrim yangiliklar qilingan payti ba'zi insonlar “bu bilan g‘irromlik butunlay yo‘qolmaydi-ku, shu ham yangilik bo‘ldimi” deya asossiz e'tiroz bildirishadi. Xuddiki bittagina qaror qabul qilinsayu, shu qaror bilan 100% hammasi yaxshi bo‘lib ketsa, deb umid qilishadi. Bunday bo‘lmaydi. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak.
Endi taklifimga kelsam. Aslida quyida yozilganlar yangilik emas. O‘zim o‘ylab topganim yo‘q. Shunchaki qog‘ozda bor, ammo amal qilinmaydigan bir qoida haqida.
Qonuniy asos
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda ham, bungacha amalda bo‘lgan Nizomlarda ham bir qoida bor. Ya'ni agar abituriyent test sinovlariga o‘zi bilan shpargalka, telefon, kalkulyator va h.k. yordamchi vositalarni olib kirishga urinsa, o‘sha abituriyent test sinovlaridan chetlatiladi, imtihonga kiritilmaydi.
Tasavvur qilyapsizmi, hali abituriyent o‘sha vositalardan foydalangani yo‘q, hali ichkariga kirgani yo‘q, shunchaki olib kirishga urindi xolos. Lekin shunday bo‘lsada amaldagi qonunchilik bo‘yicha bunday nopok yo‘lga uringan abituriyent testdan chetlatilishi kerak.








