21:15 / 05.05.2020
161629

Karantin cheklovlari saqlanib qoladigan sohalar ma'lum qilindi

Karantin choralari yumshatilishi doirasida nooziq-ovqat do‘konlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, ta'mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat beriladi. Teatr, konsert va sport zallari, to‘yxonalar, jamoat transporti bo‘yicha cheklovlar saqlab qolinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 may kuni karantin sharoitini yanada yengillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda karantin choralari saqlab qolinadigan sohalar ma'lum qilindi. 

«Koronavirus to‘la bartaraf bo‘lmagani sababli, odamlar ko‘p to‘planadigan obektlar, jumladan, teatr, konsert va sport zallari, to‘yxonalar, jamoat transporti bo‘yicha cheklovlar ma'lum muddatgacha saqlanib qoladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Respublika komissiyasiga xizmat ko‘rsatish turlarini qaysi hududlarda va qanday shartlar asosida yo‘lga qo‘yishni belgilash topshirildi.

«Epidemiologik vaziyat yaxshilangani sari cheklovlarni bekor qilishni davom ettiramiz. Aksincha, vaziyat yomonlashsa, karantin choralarini qayta tiklaymiz», degan Shavkat Mirziyoyev.

O‘z navbatida hozirda faoliyati tiklangan sanoat, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalariga qo‘shimcha ravishda xizmat ko‘rsatish sub'yektlari ham bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilandi.  

Jumladan, epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan hududlarda, sanitariya talablarini belgilagan holda, nooziq-ovqat do‘konlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, ta'mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berish kerakligi qayd etildi.

Bundan avvalroq, stikerlar bekor qilinib, shaxsiy avtomobillardan foydalanish mumkin bo‘lishi xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarayotgani bois 22 apreldan karantin sharoiti bosqichma-bosqich yumshatila boshlagan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top