O‘zbekiston | 13:10 / 27.02.2023
12010
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilayotgani aniqlandi

Kegeyli tumanidagi ayrim maktablarda olib borilgan o‘rganish davomida o‘quvchilarga chirigan olma berilayotgani ma’lum bo‘lgan.

Foto: Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 avgustdagi tegishli qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimi joriy etilgandi.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi topshirig‘iga ko‘ra Kegeyli tumanidagi maktablarda Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori talablari o‘rganilgan. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kengesi axborot xizmati xabar bermoqda

Foto: Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi

Ma’lum qilinishicha, Kegeyli tumanidagi 1-, 8-, 19- hamda 55-sonli maktablarda o‘tkazilgan o‘rganish ishlari davomida qator kamchiliklar aniqlangan. Xususan, bolalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari miqdori kamligi, issiq choy bilan ta’minlash uskunalari to‘liq o‘rnatilmagani kuzatilgan.

Foto: Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi

Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati talab darajasida emasligi, o‘quvchilarga chirigan holatdagi mevalar berilayotgani ma’lum bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, mazkur oziq-ovqat mahsulotlari maxsus transportlarda emas, yo‘lovchi tashuvchi mashinalar orqali yetkazib berilgan. Ayrim maktablarda esa kunlik oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini tekshirib oluvchi komissiya tuzilmagan. 

O‘quvchilarni ovqatlantirish talablariga rioya qilinayotganlik holati bo‘yicha respublikadagi barcha maktablarda o‘rganish ishlari olib boriladi. Bu borada mas’uliyatsiz bo‘lgan maktab direktorlariga qat’iy jazo choralari ko‘riladi”, — deyiladi Jo‘qorg‘i Kenges xabarida.

Mavzuga oid