7 fevralga o‘tar kechasi va tongda Rossiya qo‘shini Ukraina shaharlari bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘lladi. Kiyev va Mikolayivda mahalliy rasmiylar hozircha besh kishi halok bo‘lgani va 20 ga yaqin kishi yaralangani haqida ma’lum qilgan. Rossiya mudofaa vazirligi yoppasiga zarbalar yo‘llanganini tasdiqlagan..

Kiyevda Goloseyevskiy rayonidagi 18-qavatli turar joy binosiga jiddiy shikast yetgan. Bu yerda ko‘plab kvartiralar kuchli yong‘in ichida qolgan. Uyda derazalarning oynalari to‘kilgan va balkonlar vayron bo‘lgan.

Shahar meri Vitaliy Klichkoning xabar berishicha, uyda yashovchilardan to‘rt kishi halok bo‘lgan. Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko 19 kishi jarohatlangani, 60 dan ortiq kishi evakuatsiya qilingani haqida xabar bergan.

Shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popkoga ko‘ra, harbiylar Kiyevga raketa hujumlarini qaytarish chog‘ida yigirmaga yaqin qanotli raketalarni urib tushirishga muvaffaq bo‘lishgan.

«2024 yilda Kiyevga uchinchi raketa zarbasi. Dushman Rossiya hududidan turib Tu-95MS strategik bombardimonchilari bortidan X-101/X-555/X-55 qanotli raketalarini uchirgan. Havo trevogasi uch soatga yaqin davom etdi», — degan Popko. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketalar Ukraina poytaxtiga bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishlardan bir necha to‘lqin bo‘lib yaqinlashgan.

Qurbonlar faqat Kiyev bilan cheklanmagan. Qutqaruvchilar xabar berishicha, Mikolayiv o‘qqa tutilishi oqibatida 70 yoshli kishi halok bo‘lgan. U «Naftogaz»ning gaz tarmog‘ida xizmat qiluvchi montyori bo‘lgan. Kompaniya matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, raketa uning uyi oldiga tushgan. Shaharda ikkita gaz quvuri shikastlangan.

Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘llanganini tasdiqlagan. Rossiyalik harbiylar harbiy-sanoat kompleksi korxonalariga «havo va dengizdan turib yuqori aniqlikda va uzoq masofaga harakatlanuvchi» qurollar, shuningdek dronlar bilan guruhli zarbalar yo‘llangan.

Kiyevdagi jabrlanuvchilar

Ikki haftalik tanaffusdan keyingi yangi zarba

Bu 23 yanvardan buyon ilk kombinatsiyalangan hujum bo‘ldi. O‘shanda, Ukraina QK ma’lumotiga ko‘ra, dronlar hujumi ortidan Tu-95MS bombardimonchi samolyotlari qanotli raketalar uchirib, Kiyev, Xarkiv va Pavlogradga zarba bergan. O‘nlab kishilar jarohatlangan, qurbonlar ham qayd etilgandi.