«Bu ishda boshqa kuchlar ham bor» – Suv xo‘jaligi vaziri Qo‘shtepa kanali loyihasi haqida
O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Kun.uz’ga bergan intervyusida Qo‘shtepa kanali bo‘yicha Afg‘oniston tomoni bilan olib borilayotgan muzokaralar haqida ham gapirdi.
— Qo‘shtepa kanali — biz uchun kutilayotgan eng katta xavflardan biri. Bu masala prezident Mirziyoyev tomonidan BMT minbarida ham gapirildi, xavotirlar aytildi, kelishuv kerak, deyildi. Mana shu kelishuv jarayoni bugun qay bosqich yoki nuqtada?
— Ha, dunyodagi eng katta minbar bo‘lmish BMTda prezidentimiz atrofimizda yana bir katta suv iste’molchisi paydo bo‘ldi, biz bu tomon bilan muloqot qilishimiz, suv taqsimoti jarayonida u ham qatnashishi kerak, dedi va boshqa masalalarni ham alohida ta’kidlab, xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratdi.
Qo‘shnilarimiz Panj daryosidan suv oladi. Bu daryo Afg‘oniston va Tojikiston chegarasi. Daryo irmoqlari quyilib shakllanadi va uning taxminan 35 foizi Afg‘oniston hududidan olinadi, shuning uchun ham Afg‘oniston suvga da’vogar bo‘lyapti. Hozirda shu bo‘yicha muloqotlar bo‘lyapti. O‘tgan oyda vazir birinchi o‘rinbosari Azimjon Nazarov, Suv xo‘jaligi vazirligi axborot-tahlil resurs markazi boshlig‘i Zokir Eshpo‘latov Afg‘onistondagi elchimiz bilan birgalikda Afg‘oniston tomoni bilan muloqotda bo‘ldi. Ammo muloqotda Afg‘oniston tomonidan energetika va suv xo‘jaligi vaziri qatnashmagan. Ular ba’zi ma’lumotlarni olsa, keyin uchrashishga tayyor ekanini bildirishgan. Prezidentimiz tomonidan bu masalaga e’tibor berilgach, Afg‘oniston tomoni yana aloqaga chiqdi va biz suv masalalari bo‘yicha hech qanday xalqaro majburiyat olmaganmiz, konvensiyalarni ratifikatsiya qilmaganmiz, dedi. Lekin baribir xalqaro talablar bo‘ladi, tarixan foydalanib kelganmiz biz. Tojikiston ham bor bu masalada, faqat O‘zbekiston emas. Surxondaryo hududidan o‘tgandan so‘ng Amudaryo suvi O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida taqsimlanadi. Sanitar ehtiyojlar uchun Orolbo‘yiga ham suv beriladi.
Hozirda Qo‘shtepa kanalining 100 kmdan ko‘proq qismi qazib bo‘lindi, qurib bo‘lingani yo‘q. Masalan, kanal va daryolarda taxminan har 10 kmda ko‘prik bo‘lishi kerak, suv oluvchi inshootlar ham quriladi. Ko‘priklari 100 mln, suv oluvchi inshootlarga esa 200 mln dollar atrofida mablag‘ kerak bo‘ladi. Ba’zi joylarga suv nasos orqali chiqariladi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, taxminan 600 mln dollar mablag‘ kerak. Afg‘onistonning o‘zining qurbi yetmaydi bu mablag‘ga. Qurilayotgan joylarga har davlatlardan kompaniyalar borgan, masalan, Xitoydan. Xitoyliklar neftni qayta ishlovchi korxona ochgan, ularga ham suv kerak. Qaysidir davlat geologik ishlar olib boryapti minerallar o‘zlashtirish bo‘yicha, ularga ham suv kerak.
— Bu loyihalarda bizning ishtirokimiz ham bormi?
— Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Abduhakimovich boshchiligida investitsiya vazirligi mutaxassislari bilan o‘rganish olib borilgan. Hozir muloqot olib borilyapti. Oktyabr oyining ikkinchi yarmida yana bir shunday tashrif mo‘ljallanyapti. Qobul va boshqa joylarda O‘zbekiston kompaniyalarining ko‘rgazmasi bo‘ladi. Shartnoma qilinadi, mahsulotlar sotib olinadi.
Afg‘onistonga o‘zim borganimda ham ularning o‘zbek xalqiga prezidentimizga alohida hurmatini ko‘rdim. Bizga shunga yarasha muomala qilishdi. Biz bilan muloqotga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Ularning qishloq xo‘jaligi vaziri aytdiki, kanalning qurilgan qismida suv olish imkoniyati bo‘lsa ham, yuqori hukumat bunga ruxsat bermayapti. Chunki kelishuvlar bo‘lishi, qo‘shni davlatlar bilan kelishuv bo‘lishi kerak deyishyapti. O‘zi oldindan ham Afg‘oniston Panj daryosidan 2,5 mlrd kubga yaqin suv olyapti. Agar Qo‘shtepa kanalidan ham 2 mlrd kub suv olinsa, bizga unchalik ta’sir qilmaydi. Muloqotlar yaxshi bo‘lmasa, 4 mlrd kub suv olishadi. Suv yaxshi bo‘lgan yillari 10 mlrd kubgacha suv olish imkoni bor, ya’ni suv ko‘p bo‘lganda 15-20 mlrd kub suv oqib o‘tadi daryoning shu qismidan. Suv kam yillarda Afg‘oniston suv olmasa ham, suvsiz qolib ketgan paytlarimiz bo‘lgan. Deylik, 2001, 2008, 2011, 2018 yillar shunday suv tanqisligi bo‘ldi. Tsikl bo‘lyapti 3, 7 yillik.
— Biz hozir Afg‘oniston tomonidan nima so‘ryapmiz-u, ular nima so‘ryapti? Kelishuv detallarini ochiqlay olasizmi?
— Hali bunaqa detalli muloqot bo‘lgani yo‘q. Lekin 6 xil loyiha variantini o‘rganib chiqdik. Qayerda qanday suv olishi, qayerlarda nasos qo‘yishi, suv omborli varianti, loyqalar to‘lib qolish masalalari ham inobatga olingan. Savollar, variantlar juda ko‘p. Suv tanqis bo‘lgan yillarda 4 mlrd kub suv olishsa, bizga og‘ir bo‘lib qoladi. O‘zi 2 mlrd kub olishsa ham, sezilarli ta’sir bo‘ladi.
Fikrimcha, bu joyda boshqa kuchlar ham bor. Nomlarni aytmaylik, lekin katta iqtisodiy qudratga ega bo‘lgan davlatlar bu masalaga aralashib, mablag‘ berishini aytyapti. Bizning tomon yo‘q, undan qilmanglar, desa, qanaqadir shartlar qo‘yishlari mumkin. Bunday davlatlar kanal loyihasida ham, qurilishida ham qatnashyapti. Siyosiy kelishmovchilik bo‘lmasligi uchun nomlarini keltirmaymiz. Umuman, Afg‘oniston yolg‘iz emas bu masalada.
Hali boshqa siyosiy masalalar bor. Kanal himoyasi, oziq-ovqat masalasi. Faqat kanal emas, siyosiy loyiha desa ham bo‘ladi buni.
— Muloqotda asosiy to‘siqlar nimalar bo‘lyapti?
— Tojikiston va Qirg‘iziston munosabatlari yomonligini ko‘pchilik suvga taqagan edi, ammo u yerda chegara masalalari ham bor edi, transport masalalari ham. Ko‘p yig‘ilib qolgan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan bunday masalalar hal bo‘ldi. Suv masalasida ham shunday yo‘l olib boryapmiz. Afg‘oniston bilan ham faqat kanal doirasida masala hal qilinmaydi, kompleks masalalar bor bu yerda. Suv masalasi boshqa yechilmagan masalalarga ulanib ketadi. Hali hal qilish kerak bo‘lgan narsalar ko‘p. Lekin bizni hurmat qilib, muloqotga xohish bildirishyapti, o‘zbek xalqiga hurmatlari katta.
· Suv xo‘jaligi vaziri bilan bo‘lgan intervyuni to‘liq holda tez orada tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
17:52 / 07.12.2024
Qirg‘iziston prezidenti AQSh va Yevropani «Tolibon»ni tan olishga chaqirdi
17:43 / 03.12.2024
Afg‘onistonda TAPI gaz quvuri qurilishi boshlandi
23:50 / 29.11.2024