O‘zbekiston | 22:03 / 20.08.2022
35394
14 daqiqa o‘qiladi

Ibodatdagi prezident, so‘kong‘ich hokim va yana avto-mahalliylashtirish - hafta dayjesti

Arablar O‘zbekistonda dunyodagi eng katta ShESlardan birini quradi: AES mavzusi yopildimi? Surxondaryo hokimi va prokuror voqeasi: To‘ra Bobolovning kursisi qimirlayaptimi? UzAuto elektromobil yig‘a boshlashi aniq bo‘ldi: bu nega xavotirli? O‘tgan haftaning shu va boshqa mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kun.uz yakunlanayotgan haftaning asosiy xabarlaridan dayjest taqdim etishda davom etadi. Biz hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan eng muhim voqea-hodisalarni imkon qadar qisqacha sanab o‘tamiz.

Shavkat Mirziyoyev – Umrada

Haftaning eng yorqin voqeasi, shubhasiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga safari bo‘ldi. O‘zbekiston prezidentining bu mamlakatga davlat tashrifi oxirgi marta bundan 30 yil oldin, 1992 yilda ro‘y bergan edi. Shundan keyin oradagi ma’lum davrda munosabatlar yetarlicha sovuqlashgandi ham.

Shavkat Mirziyoyev safarini Madina shahridan, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning qabrlarini ziyorat qilishdan boshladi. Masjidun Nabaviyda ikki rakat namoz o‘qib, duo qilgan prezident payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam yashagan va dafn etilgan Hujrayi saodatga kirib, payg‘ambarimizga salovat va salomlar aytdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Safar so‘ngida esa Shavkat Mirziyoyev Makkaga borib, umra amallarini bajardi. Davlat rahbari avvaliga muqaddas Ka’ba ichiga kirib, to‘rt tomonga qarab namoz o‘qidi, so‘ng Ka’bani 7 marta aylanib tavof qildi. Videolardan bu jarayonda prezident qattiq ta’sirlanganini ko‘rish mumkin. Shundan keyin Safo tepaligidan Marva tepaligi tomon 7 marta borib kelgan ziyoratchilar, Marva tepaligida 2 rakat namoz o‘qish bilan Umra amallarini yakunladi.

Davlat tashrifi doirasidagi rasmiy tadbirlar Jidda shahrida bo‘lib o‘tdi. Ko‘plab hujjatlar imzolandi. Ular orasida yashil energetikaga oid kelishuvlar alohida ahamiyatga ega. Saudiya O‘zbekiston energetika kompleksiga 5 yil ichida 10 mlrd dollar sarmoya kiritishiga kelishildi. Masalan, Qoraqalpog‘istonda dunyodagi eng yirik shamol elektr stansiyalaridan biri quriladi. Rejaga ko‘ra, 1,5 gigavattlik loyiha ishga tushgach, 1 mln 650 mingta xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlay oladi.

Eslatib o‘tamiz, bu – Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga prezident sifatidagi ilk safari emas. U 2017 yilda Ar-Riyoddagi xalqaro sammitda qatnashgan edi. Umuman, Mirziyoyev prezident sifatida jami 18 ta davlatga borgan.

Bobolov tergovga aralashganmi?

Foto: Kun.uz

Hafta antiqahramoni – To‘ra Bobolov. Internetda Surxondaryo hokimi Angor tumani prokurorini so‘kkan audio tarqaldi. Voqea bir necha oy oldin bo‘lgan. Viloyat hokimligi holat “boshqacha talqin qilinyapti” degan bo‘lsa ham, amalda audio haqiqiyligini tan oldi.

Rasmiy izohga ko‘ra, To‘ra Bobolov prokurorning sektor rahbari sifatidagi faoliyatidan norozi bo‘lgan. Kun.uz manbalariga ko‘ra esa, gap boshqa yerda.

Manbalarimizga ko‘ra, Angor tumani bandlik markazining sobiq direktori Aziz Yo‘ldoshev 30 dan ortiq kambag‘alning nomiga soxta hujjatlar bilan subsidiya ajratib, jinoiy sheriklari bilan davlatning 210 mln so‘mini “yeb yuborgan”. Tuman prokurori Sirojiddin Ramazonov holatni tekshira boshlagach, viloyat hokimi o‘rtaga tushib, tergovga aralashgani aytilyapti. Bobolov ham aynan Angor tumanida tug‘ilib o‘sgani shubhalarni dastaklayapti.

Aziz Yo‘ldoshev va ikki sherigi ustidan may oyida sud hukmi o‘qilgan. Sudlanuvchilar zararni qoplagani uchun jazo yengilroq bo‘lgan. Yo‘ldoshev 2 yil-u 3 oy davomida oyligining 15 foizini davlat hisobiga o‘tkazib turadigan bo‘lgan. Bundan tashqari, hukmning bundan jiddiyroq qismi bor: korrupsioner bir yarim yil davomida mansabdor bo‘lish huquqidan mahrum etilgan. Lekin ko‘p o‘tmay unga bu huquqni qaytarib beradigan odam topilgan va u hozir Angor tumani hokimligining mahallabay ishlash markazi direktori bo‘lib ishlayapti.

Qisqa qilib aytganda, uchta voqeaning ketma-ketligi bunday: viloyat hokimi tug‘ilib o‘sgan tumandagi amaldor korrupsion jinoyatga qo‘l urgan, viloyat hokimi bu jinoyatni ochgan prokurorni so‘kkan, ko‘p o‘tmay kimdir sud hukmini oyoqosti qilib haligi sudlanuvchiga yana mansab bergan.

Bu uchta voqea o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligi rasman aniq emas. Bosh prokuratura haqoratli audio bo‘yicha surishtiruv o‘tkazyapti.

O‘zbekistonda elektromobillarga ham uzun navbatlar yuzaga kelmasligiga kafolat bormi?

Foto: UzAuto

​​​​​​UzAuto Motors 2022 yil oxiridan boshlab Spark va Nexia avtomobillari ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Kompaniyaning rasmiy bayonotiga ko‘ra, nisbatan arzonroq bu ikki model o‘rnini ulardan sezilarli qimmat Tracker-2023 va Onix egallaydi. Ancha avval va’da qilingan Onix'ni ishlab chiqarishni boshlash yana kechiktirilib, keyingi yil boshiga surildi.

Bir necha hafta davomida shartnoma berish to‘xtab qolgan Spark va Nexia sotuvi qaytadan boshlandi. Rasmiy xabarga ko‘ra, bu ikki modelning eksport uchun mo‘ljallab chiqarilgan komplektatsiyalarining bir qismi mahalliy bozorga chiqarilgan.

Umuman, kompaniyaning eng xaridorgir modellari navbatlar yana uzayib, salkam bir yilga borib qoldi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, iyul oyida avtomobil ishlab chiqarish 3 baravarga qisqargan, Spark avtomobillaridan atigi 5 dona yasalgan. Oy davomida 28 ta Tracker avtomobili yig‘ilgan. UzAuto Motors yaqin haftalarda Tracker-2023 sotuvini boshlashi kutilyapti. Narxlar esa xuddi shu modelning Xitoydagi narxidan sezilarli qimmat bo‘ladi degan taxminlar bor. Asakadan chiqadigan Tracker'da qo‘shimcha qulayliklar bo‘lishi, narxdagi farqlar shu bilan izohlanishi mumkin.

Darvoqe, juma kuni “O‘zavtosanoat” Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi BYD kompaniyasi bilan kelishuvga erishgani, O‘zbekistonda elektromobil ishlab chiqarilishi aniq bo‘lganini e’lon qildi. Bizda hozircha ikkita savol bor: O‘zbekistonda chiqadigan elektromobil xuddi Tracker'ga o‘xshab Xitoydagiga qaraganda qimmatroq bo‘lmaydimi? Va eng muhimi: hozir O‘zbekistonda elektromobil olib kirish uchun boj ham, aksiz solig‘i ham yo‘q, bunaqa tartib elektromobil zavodi ochilganidan keyin ham saqlanib qoladimi?

Qizlar uchun bepul magistratura: Ariza yozishga 10 kun muhlat

Talabalar shaharchasi / Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda ayollar va qizlar uchun davlat oliygohlarining magistraturasida o‘qish bepul bo‘lganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Aniqrog‘i, bepul emas, bo‘lajak magistr ayollarni o‘qitish xarajatlari davlat budjetiga o‘tkazildi. Shu hafta buni amalga oshirish tartibi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlar har yili 15 sentabrgacha kontraktini davlat budjetidan qoplab berishni so‘rab, rektorga ariza yozishi kerak. 15 sentabrdan keyin berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi va kechikkanlarning kontrakt summasi qoplab berilmaydi. Bu yil darslar 5 sentabrdan boshlanayotgani inobatga olinsa, ularning ixtiyorida 10 kun vaqt bo‘ladi.

Muxbirimizning vazirlik bilan bog‘lanib aniqlik kiritishicha, super-kontrakt asosida o‘qishga kirgan qizlarning to‘lov-kontrakti qoplab berilmaydi. Ular 2-kursda davlat budjeti hisobidan o‘qishni so‘rab ariza berishi mumkin.

Ikki fojiada 14 qurbon

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bu hafta ham dahshatli yo‘l-transport hodisalarisiz o‘tmadi. 15 avgust kuni tunda Qashqadaryoning Muborak tumanida Spark va Gentra to‘qnashib, ikkala mashina ham yonib ketishi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi.

Undan-da dahshatlisi, Gentra'da ketayotgan 6 kishi bir oila a’zolari bo‘lgan va ulardan hech biri omon qolmagan. Oila boshlig‘i harbiy xizmatchi bo‘lib, u mashinada ayoli va to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi bilan ketayotgan bo‘lgan.

Spark'dagi qurbonlar esa ikki nafar – haydovchi va bir yo‘lovchi ayol. Ayol abituriyent qizini imtihonga olib borib, ortga qaytayotgan bo‘lgan. Qiz halokat paytida avtomobildan tashqariga otilib chiqib ketgan va omon qolgan. 17 avgust holatiga uning ahvoli og‘ir ekanini xabar qilingandi.

Voqea joyiga borgan muxbirimiz yo‘lning “avariya” ro‘y bergan qismi hodisadan bir kun o‘tib zudlik bilan ta’mirlab qo‘yilganiga guvoh bo‘ldi. Bu yerdan yuruvchi odamlarning aytishicha, yo‘ldagi asfalt qoplamasining baland “garmoshkalari” sabab haydovchilar ba’zan qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishga majbur bo‘ladi.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Yo‘llarda ko‘plab insonlar o‘limi bilan bog‘liq yana bir hodisa Sirdaryo viloyatida ro‘y berdi. Oqoltin tumanida “Isuzu” avtobusi metan gaz to‘ldirib chiqqan vaqtda unga o‘rnatilgan gaz ballonlaridan biri portlab ketdi. Hodisa oqibatida 6 kishi voqea joyida vafot etdi, 15 kishi yaralandi.

Avtobus Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi avtomaktabga tegishli bo‘lgan. Shundan boshqa tafsilotlar hozircha ma’lum emas. Toshkentdan vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat guruh voqea joyiga bordi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qarshilik erkak nega o‘ziga o‘t qo‘ydi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan kadr

Qarshi shahridagi terini qayta ishlash korxonasi chiqarayotgan hiddan zada bo‘lgan erkak o‘z ustiga benzin quyib, yoqib yubordi. Uning muxbirimiz bilan suhbatda aytishicha, sexdan chiqadigan hid bolalarini kasal qilmoqda, topgan puli doriga ketyapti, sex ustidan shikoyat qilib ko‘p joylarga borgan, lekin natija bo‘lmagan. Ko‘p marta arz qilavergach, korxona rahbari bilan munosabatlari yomonlashgan va oxir-oqibat isyon sifatida o‘ziga o‘t qo‘ygan. Erkakning tanasi 45-50 foizga kuygan.

Ayolining aytishicha, oiladagi bolalarda allergik kasallik bor, korxonadan chiqayotgan qo‘lansa hid ularga yomon ta’sir qilyapti. Badbo‘y hid sabab oilaning uyiga mehmon ham kelmay qo‘ygan.

Kun.uz Shayxali mahallasidagi bu muammo haqida bir yil oldin Ekologiya qo‘mitasiga asoslanib xabar bergan edi. O‘shanda ekologlar korxona faoliyati to‘xtatilib, yetkazilgan zarar uchun 346 mln so‘m kompensatsiya undirilganini aytishgan edi. Ma’lum bo‘lyaptiki, bir yil ichida vaziyat ijobiy tomonga deyarli o‘zgarmagan.

Islom birdamligi o‘yinlari: O‘zbekiston – vitse-chempion

Foto: Islom birdamligi o‘yinlari

Turkiyaning Konya shahrida V Islom birdamligi o‘yinlari yakuniga yetdi. Unda O‘zbekiston 158ta medal bilan umumjamoa hisobida mezbonlardan keyingi 2-o‘rinni egalladi. 24 ta sport turi bo‘yicha qatnashgan 268 nafar sportchimiz 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medali bilan qaytdi.

51 ta oltindan 15 tasini og‘ir atletikachilar olib berdi. Bellashuvlarning oxirgi kunida 47 yoshli afsonaviy gimnastikachi Oksana Chusovitina ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Prezident qaroriga asosan, sportchilarga har bir oltin medal uchun 5 ming dollardan pul mukofotlari berilmoqda. Kumush va bronza medallari uchun mukofot miqdori mos ravishda 3 ming va 2 ming dollar deb belgilandi. G‘olib va sovrindorlarning murabbiylariga ham har bir medal uchun ming dollardan 2,5 ming dollargacha rag‘bat pullari beriladi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Foto: Kun.uz

Namanganda noyob Qur’oni Karim mushafi o‘g‘irlab ketildi. XIX asr oxirida yozib tugatilgan mushaf Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohida saqlanayotgandi. Ko‘p o‘tmay qo‘lyozma Namangan shahridagi xonadonlardan biriga yashirib qo‘yilgani aniqlandi. O‘g‘irlikda gumon qilinayotgan ikki kishi qo‘lga olingan.

Gulnora Karimova va uning jinoiy sheriklari o‘margan 131 mln dollar O‘zbekiston xalqiga qaytariladi. 16 avgust kuni bu borada yakuniy bitim imzolandi. Bu pullar xalq manfaati uchun ishlatilishini Shveytsariya tomoni va BMTning trast fondi nazorat qiladi.

Namanganda er-xotin tarvuzdan zaharlanib vafot etgani taxmin qilinyapti. Norin tumanida yashagan chol-kampir bozordan sotib olinib, 2 kun muzlatkichda saqlangan tarvuzni iste’mol qilgan. Ularning ikki farzandi va ikki nevarasi ham ovqatdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Yakuniy xulosani ekspertiza beradi.

Prezident farmoniga asosan, ekologik huquqbuzarliklar bo‘yicha chora ko‘rish vakolati profilaktika inspektorlariga ham berildi. Endi, ular, masalan daraxt kesayotgan shaxslarni o‘zlari mustaqil jarimaga torta oladi. Jarimaning 30 foizi o‘zlariga mukofot qilib beriladi.

Mavzuga oid