18:45 / 25.06.2023
49400

E’tirof etilgan migrantlar, Qo‘shtepa kanaliga munosabat va Navoiydagi kambek - hafta dayjesti

Prezident o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining qahramonligini e’tirof etdi. Suv mavzusi kun tartibiga chiqmoqda. Yangihayotning Yangi Darxonidagi yangi uyda lift quladi. Milliard so‘mni talon-toroj qilgan amaldor lavozimiga qaytdi va shov-shuvdan keyin yana bo‘shatildi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Yuqori qavatdan qulagan lift

Dushanba kuni barchaning e’tibori Toshkentda yangi qurilgan ko‘p qavatli uydagi lift halokatiga qaratildi. O‘zbekistonda sifatsiz qurilishlardagi turli-tuman nuqsonlar allaqachon yangilik bo‘lmay qolgan, lekin yap-yangi liftning qulab tushishi hali kuzatilmagan edi.

Voqea Yangihayot tumani Yangi Darxon mahallasidagi 16 qavatli uylardan birida ro‘y berdi. Yangi uy o‘tgan oyda foydalanishga topshirilgan, undagi aholi uchun mo‘ljallangan ikkita lift nosoz holatda bo‘lgani uchun odamlar uchinchi – yuk tashuvchi liftdan foydalanib kelgan. Lekin yuk tashiydigan lift ham soz holatda bo‘lmagan ekan: qurilma yakshanba kuni kechqurun 16-qavatdan tushayotganida qulab ketgan, 1-qavatga yaqinlashganda avtomatik tormoz tizimi ishga tushib, to‘xtagan.

Rasmiylarga ko‘ra, liftda 13 kishi, jumladan 2 nafar yosh bola bo‘lgan. Falokat natijasida 6 kishining yo oyog‘i, yo qo‘li singan, qolganlar biroz yengilroq jarohat olgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ko‘p qavatli uyni “Land House” MChJ qurgan. Qulagan lift esa Turkiyada ishlab chiqarilgan. Kun.uz suhbatlashgan aholi vakillarining aytishicha, bu lift avval ham 3-qavatdan tushib ketgan. Voqea guvohlari liftga “me’yordan ko‘p odam chiqqan” degan vaj bilan ishni yopdi-yopdi qilish harakati bo‘layotganini aytdi. Shu bilan birga, lift 1 tonnagacha yuk ko‘tarishga mo‘ljallangani inobatga olinsa, ikki boladan tashqari 11 nafar kattalarning hammasi vazni 85 kilodan oshiq odamlar bo‘lgan taqdirda, 13 kishining jami og‘irligi haqiqatan ham 1 tonnadan oshishi ehtimoli yo‘q emas. Boshqa tomondan esa, zamonaviy liftlar og‘irlik me’yordan oshganida pastga ham, tepaga ham harakatlanmasligi va maxsus signal berishi kerak.

Nima bo‘lganda ham, avvalo liftning o‘zi nosoz holatda bo‘lganini Sanoat xavfsizligi inspeksiyasi tasdiqladi. Inspeksiya voqeadan keyin butun O‘zbekiston bo‘ylab ko‘p qavatli uylardagi liftlarning sozligi tekshirib chiqilishini bildirdi. Holat yuzasidan dushanba kuni tergovga qadar tekshiruv boshlaganini ma’lum qilgan prokuratura tekshiruv natijasini hozircha ochiqlamadi.

Saylov kampaniyasi

Prezident Shavkat Mirziyeyov yangi muddatga saylanish uchun saylovoldi kampaniyasini davom ettiryapti. Uning bu haftadagi nutqlarida fuqarolarning uch toifasi – o‘qituvchilar, harbiylar va muhojirlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha rejalar alohida o‘rin tutdi.

Prezidentlikka nomzod o‘qituvchilarning oyligi 2030 yilgacha 2 barobarga oshirilishini aytdi. Bu raqam, muallimlarning hozirgi maoshi miqdori nuqtayi nazaridan kamtarroq ko‘rinsa-da, amaldagi iqtisodiy siyosat, davlat budjeti imkoniyatlari va uni taqsimlashdagi prioritetlardan kelib chiqsak, reallikka ancha yaqin deyish mumkin.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, muallimlarga ko‘p yillik ish staji uchun ustama to‘lash boshlanadi. Malaka sertifikatini olgan pedagoglarning ustamasi esa hozirgi 40 foizdan 70 foizga oshiriladi. Maktab o‘qituvchilarining haftalik ish yuklamasi 2 soatga kamaytiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ko‘plab chiqishlarida o‘qituvchilar nufuzini oshirish va ularning moddiy ta’minotini yaxshilashni ustuvor vazifa deb bilishini ta’kidlagan. Xususan, davlat rahbari 2021 yil 6 noyabr kuni ikkinchi prezidentlik muddatiga kirishish vaqtidagi inauguratsiya nutqida oliy toifali o‘qituvchi va shifokorlarning maoshini 5 yil ichida ming dollarga yetkazish choralari ko‘rilishini ma’lum qilgan.

Prezidentning yangi saylovoldi dasturidan maktablar yetishmovchiligini hal qilish ham o‘rin olgan. Buning uchun Maktablar infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi ochiladi va unga har yili 1 milliard dollardan mablag‘ ajratiladi. Har yili 500 mingta o‘quvchi o‘rni yaratish hisobiga, 2030 yilgacha maktablarning umumiy sig‘imini qo‘shimcha 2,5 millionta o‘ringa kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Xususiy maktablar soni ham bir necha barobarga ko‘payishi aytilyapti. Bolasini 1-sinfga xususiy maktabga bergan ota-onalarga 1 yil davomida oylik to‘lovning 450 ming so‘mlik qismi davlat tomonidan kompensatsiya qilib beriladi. Shu va boshqa choralar orqali maktablarda o‘quvchilar soni 35 nafardan ko‘p bo‘lgan birorta sinf qolmaydi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Ma’lumot uchun, hozir O‘zbekiston bo‘ylab 37 mingta sinfda 35 nafardan ko‘p o‘quvchi o‘qiyapti.

Davlat rahbari kontrakt asosida xizmat qilayotgan harbiylarning maoshi ham 2030 yilgacha 2 barobarga oshirilishini ta’kidladi. 2023 yil oxirigacha harbiylar uchun 2 mingta, 2030 yilgacha esa yana 20 mingta uy-joy qurib beriladi. 15 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun uy-joyga dastlabki badalning 50 foizini davlat ajratadi. Pensiyadagi harbiylarning farzandlariga alohida kvota doirasida oliygohga kirish uchun imtiyozlar beriladi. Og‘ir kasallikka chalingan harbiylarning chet elda davolanishi uchun pul ajratiladi.

Xorijdagi mehnat muhojirlariga kelsak, Shavkat Mirziyoyev ularning qahramonligini e’tirof etdi. “Musofir yurtda, turli qiyinchilik va mashaqqatlarga chidab, halol mehnat qilib, non topish oson emas. Xorijda bunday sharoitda yashab kelayotgan odamlarimizni haqiqiy qahramon desak to‘g‘ri bo‘ladi. Chet ellarda tajriba va malaka orttirayotgan ana shunday vatandoshlarimizga rahmat aytishimiz kerak”, dedi prezident.

Nomzodning dasturiga ko‘ra, chet ellardagi O‘zbekiston fuqarolarining huquqiy yordam olish imkoniyatlari ko‘paytiriladi, ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan migrantlarning hayoti va sog‘lig‘i davlat hisobidan sug‘urta qilinadi, konsullik hisobida turish badali bekor qilinadi. AQSh, Kanada, Yaponiya va Yevropa davlatlariga ketayotgan yurtdoshlarga yo‘l chiptasi va ishchi viza olish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Yana gaz haqida

Energetika vazirligi Rossiyadan gaz sotib olish bo‘yicha o‘tgan hafta imzolangan shartnomaga izoh berdi. Ma’lum bo‘lishicha, shartnoma 2 yilga tuzilgan bo‘lib, unga asosan 1 oktyabrdan e’tiboran Rossiyadan kuniga 9 mln kubometr tabiiy gaz import qilish boshlanadi. Yillik hajm esa qariyb 2,8 mln kubometrni tashkil etadi.

Gaz qancha narxdan sotib olinishiga aniqlik kiritilmadi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, gaz narxi mintaqadagi bozor narxlari asosida, shuningdek, respublikadagi amaldagi narxlar hamda ularni bozor tamoyillari asosida shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, kelishilgan. Bu izohdan kelib chiqilsa, qishga yaqin ichki iste’molchilar uchun gaz narxlari ko‘tarilishi mumkin. Birinchi bosqichda biznes uchun bozor narxiga yaqin narx belgilanishi taxmin qilinyapti. Chunki busiz Rossiyadan olinadigan gaz uchun to‘lov qilishga budjetda shunchaki pul yetmasligi mumkin.

Bundan tashqari, Rossiyadan gaz importini boshlash uchun infratuzilma yaratishga ham ozmuncha xarajat ketmaydi. Xususan, O‘zbekistonda 3 ta gaz haydash uskunasi yangilariga almashtiriladi, 11 ta turli rusumdagi gaz haydash uskunasi kapital ta’mirlanadi, 22 kilometrlik yangi magistral gaz quvurlari qurilib, 56 kilometrlik gaz quvurlari ta’mirlanadi. Energetika vazirligi bu ishlarga qancha mablag‘ yo‘naltirilishini ochiqlamadi.

2020 yilgacha Rossiyaga gaz sotgan O‘zbekiston endi bu mamlakatdan gaz xarid qilishni boshlashi asnosida, mamlakatning ichida bir necha yil oldin boshlangan gaz ishlab chiqarishning pasayishi bu yil ham davom etyapti. Shu hafta e’lon qilingan rasmiy statistikaga ko‘ra, yanvar-may oylarida gaz qazib olish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 foizga kamayib ketgan. 2022 yilning xuddi shu davridagi kamayish esa 4 foiz bo‘lgandi. Bu degani O‘zbekistonda gaz qazib olish qisqarishi ikki barobarga tezlashgan.

Suv mavzusi ham kun tartibida

Juda ko‘p isrof qilinadigan va o‘g‘irlanadigan yana bir tabiiy resurs – suv mavzusi oxirgi haftalarda tez-tez rasmiylar tomonidan tilga olinyapti. O‘tgan hafta iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Qudbiyev 2024 yilgi davlat budjetiga suvni isrof qilishga qarshi mexanizmlar kiritilishini aytgan edi. “Suvni sarflash madaniyati, uni o‘lchash va yetkazib berish bo‘yicha juda keskin takliflarimizni tayyorlayapmiz”, degandi vazir Qonunchilik palatasidagi chiqishida.

Bu hafta suv mavzusi endi Senatda ham ko‘tarildi. Senat raisi Tanzila Norboyeva bu muammoga mas’ul shaxslarning sukut saqlayotganini tanqid qilib, barcha darajadagi rahbatlarning suv masalasidagi javobgarligini oshirish kerakligini aytdi. Yalpi majlisda chiqish qilgan senator Boriy Alixonovning aytishicha, Toshkent shahrida suv sarfi ayrim paytlarda aholi jon boshiga sutkasiga 400 litrgacha yetyapti. Bu – dunyo shaharlari ko‘rsatkichidan ancha yuqori. Masalan, aholi jon boshiga sutkalik suv sarfi Berlinda 124 litrni, Amsterdamda 156 litrn, Londonda 165 litr, Moskvada 249 litr, Xitoy shaharlarida esa 204 litrni tashkil etadi, dedi senator.

Boriy Alixonov birinchi yechim sifatida qishloq xo‘jaligida zamonaviy sug‘orish tizimlariga tezroq o‘tish kerakligini aytdi. Chunki O‘zbekistondagi chuchuk suvning 90 foizi qishloq xo‘jaligida ishlatiladi. Dunyoda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 65 foizga teng. Bundan tashqari, senator suvni tejash bo‘yicha targ‘ibotni kuchaytirish va boshqa takliflarni ilgari surdi. Lekin iqtisodchilar “suvni tejang” degan targ‘ibotlardan foyda bo‘lmagani va bundan keyin ham bo‘lmasligi, aholi va tadbirkorlarni suvni tejashga undash uchun shunchaki uning bozor narxini belgilash kerakligini aytyapti.

Seshanba kuni suv xo‘jaligi bo‘yicha prezident farmoni ham qabul qilindi. Unga ko‘ra, Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga yangi vazifalar yuklatilib, idoraning nomi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi deb o‘zgartirildi. Ya’ni endi bu organ suvdan foydalanish bo‘yicha davlat nazoratini olib boradi. Inspeksiya xodimlariga fuqarolarni suv iste’moliga doir huquqbuzarliklar uchun jarimaga tortish vakolati berildi. Shuningdek, bu organ endilikda tadbirkorlarning suvdan foydalanishi bo‘yicha o‘tkazadigan tekshiruvlarini “Yagona davlat nazorati” tizimiga kiritishi ham shart emas. Farmonga ko‘ra, 2030 yil oxirigacha tumanlarda suv resurslarini boshqarish, fermer xo‘jaliklari va boshqa suv iste’molchilariga suv yetkazib berish hamda suvning hisobini yuritish funksiyasi bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklikka o‘tkaziladi.

Vazir – Qo‘shtepa kanali haqida

Afg‘onistonning shimolida toliblar qura boshlagan Qo‘shtepa kanali Markaziy Osiyo uchun suv tanqisligi muammosini chigallashtirgan yangi chaqiriq bo‘lib turibdi. Bu yirik kanal qurib bitkazilsa, Amudaryo suvining 20 foizdan 30 foizgacha qismi Afg‘oniston ichkarisiga yo‘naltiriladi. Bu esa O‘zbekiston va Turkmanistonning qator viloyatlari uchun jiddiy oqibatlar yaratadi.

O‘tgan yili boshlangan kanal qurilishi masalasiga O‘zbekiston rasmiylari shu hafta ilk marta jamoatchilikka munosabat bildirdi. 20 iyun kuni matbuot anjumani o‘tkazgan suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev O‘zbekiston delegatsiyasining 22 mart kuni Kobulga tashrifida bo‘lib o‘tgan muzokaralarning ayrim tafsilotlarini ochiqladi.

“Biz ularga: “Shu kanalni qurayapsizlar, biz pastda suvga qiynalyapmiz, sizlarga o‘zimizning tashvishimizni bildirgani keldik”, – deb albatta aytdik. Ular: “Tashvishingizni tushunamiz, lekin bizni o‘z vaqtida inglizlar, SSSR, keyin Amerika bosib olgan. Hamma bizga talon-torojlik orqali dushmanlik qilgan. Hozir ham ko‘p davlatlar bizni tan olmaydi, qiynalyapmiz. Juda katta mablag‘larimiz, hisobraqamlarimiz muzlatilgan. Ammo xalqimiz och, biz yeyishimiz kerak, nimadir ekishimiz lozim. Buning uchun suv kerak va hokazo”, deb tushuntirishga harakat qilishdi”, – dedi vazir.

Shavkat Hamroyevning aytishicha, O‘zbekiston tomoni toliblarga kanal loyihasida xato-kamchiliklar ko‘pligini aytib, uni birgalikda amalga oshirishni taklif qilgan.

“Bizda aqlli loyihachilar, loyiha institutlari bor, birgalikda qilaylik, dedik. Kanal loyihasi bo‘yicha 6 ta variant qilingan. Hammasini chuqur o‘rganganman… Bir-birimizni do‘stona xalqlar, deb hisoblashimiz kerak. Biz shunday niyat qildik: bu [kanal] ikki xalqni urishtiradigan emas, birlashtiradigan do‘stlik kanali bo‘lib qoladi. Ular niyatimizga qo‘shildi. Biz ham yordam beramiz. Ular bilan shunday kelishganmizki, ishchi guruh tuzamiz”, – dedi Suv xo‘jaligi vazirligi rahbari.

Vazir O‘zbekiston hukumati vakillari yaqinda yana Afg‘onistonga borishi, bu safar delegatsiya Qo‘shtepa kanali va qurilish joylariga tashrif buyurib, loyihachilar bilan birga ishlashi, O‘zbekistonning qayerda va qanday yordam berishi shundan keyin aniq bo‘lishini aytdi.

“Ular suv olishi kerak, baribir oladi. Yopasan, qilmaysan, degan gap yo‘q bu yerda. Tarixan va hozirgi kunda ham suvning shakllanishiga qarab, ma’lum bir miqdorda suv olish huquqi bor. Shu huquqning chegarasini ham, boshqasini ham kelishib, ishchi guruhi ish olib boradi”, – dedi Hamroyev.

Mansab, talon-toroj va yana mansab

Navoiy shahri hokimi va uning xodimi – hafta antiqahramonlari. Hokim Murodxon Egamqulov chorshanba kuni imzolagan qarori bilan Yusuf Tursunovni shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinladi. Bu ishi ommaviy axborot vositalarida yoyilib ketishi ortidan, bir kun o‘tib uni ishdan bo‘shatdi.

Gap shundaki, Yusuf Tursunov Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida avval ham ishlagan va korrupsiyaga qo‘l urgan. 2021 yildagi sud hukmida yozilishicha, u 1 mlrd so‘mdan ortiq budjet pulini talon-toroj qilgan. Sud Tursunovning 1,5 yilga mansab lavozimlarida ishlashini taqiqlab, unga qariyb 2,5 yil axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlagan. Hokim Egamqulov esa sud hukmi bilan korrupsiyada aybdor deb topilgan shaxsni yana qaytib xuddi shu lavozimga tayinlagani jamoatchilikning katta e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Holatga viloyat hokimligi aralashgach, Navoiy shahar hokimi Tursunovni ishdan bo‘shatish haqida qaror chiqarishga majbur bo‘ldi.

Kun.uz bu amaldorning jinoyati haqida ikki yil oldin batafsil xabar bergan edi. O‘shanda Navoiy shahri hokimi lavozimida boshqa shaxs edi, lekin u ham jinoyati isbotlangan Yusuf Tursunovning sud tomonidan mansabdor bo‘lishi taqiqlanganiga qaramay, uni boshqarma boshlig‘i lavozimidan bo‘shatmagan, bu ham yetmagandek, o‘z mansabini noqonuniy egallab urgan Tursunovga mukofot ajratgan edi. O‘shanda Tursunov Kun.uz surishtiruvidan keyin ishdan bo‘shatilgandi.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, korrupsion jinoyatda aybdor deb topilgan shaxslarni davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish taqiqlangan. Ya’ni korrupsiyaga qo‘l urganlar aslida nafaqat davlat amaldori bo‘lishi, hatto oddiy xodim sifatida ham davlat ishiga kirishi mumkin emas. Shuningdek, roppa-rosa ikki yil oldin imzolangan farmonga asosan, korrupsionerlarning ochiq reyestri yuritilishi va bu reyestrdagi shaxslarga muayyan cheklovlar o‘rnatilishi kerak edi, lekin bunday reyestr haligacha tuzilmadi. Eslatib o‘tamiz, shu farmonda belgilangan talablardan yana biri – davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish masalasi ham anchadan beri ortga surib kelinyapti.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Surxondaryoning Bandixon tumani prokurori mahalla raislarini haqorat qildi. Internetda tarqalgan audioga ko‘ra, Soatmurod Maxmanov ularni yig‘ilishda “xotinchalish”, “itdan tarqagan” va yana boshqa, shaxsiyatga daxldor qo‘pol so‘zlar bilan so‘kkan. Mahalla raislari soliq tushumlarini ta’minlamagani uchun so‘kish eshitgan. Bu o‘rinda soliq undirish na prokurorning, na mahalla raislarining vazifasiga kirmasligini inobatga olsak, tizimli muammo ko‘lami ancha kattaroqligi ma’lum bo‘ladi. Bosh prokuratura holatni o‘rganayotganini ma’lum qilganiga 5 kun bo‘lyapti – biror yangilik yo‘q.

20 iyundan oliy ta’lim muassasalariga qabul boshlandi. Qabul kvotalari esa har yilgidek yana kechikyapti. Ro‘yxatga olish boshlangan paytda faqat grant asosidagi kvotalar ma’lum edi. Bu yil bakalavriatga o‘tgan yilgidan 10 foizga ko‘p – salkam 35 ming talaba grant asosida qabul qilinadi. 20 iyungacha e’lon qilinishi kerak bo‘lgan kontrakt kvotalari, tillar kesimidagi taqsimot va maqsadli qabul parametrlari esa 24 iyun holatiga hali ham noma’lum. Eslatib o‘tamiz, o‘qishga onlayn ariza topshirish 1 oy davom etadi.

2023 yilning birinchi choragidagi ma’muriy huquqbuzarliklarga doir statistika ochiqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, bor-yo‘g‘i 3 oy ichida 1 million 422 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bu – O‘zbekiston aholisining salkam 4 foiziga teng. Tabiiy ravishda huquqbuzarliklarning yarmidan ko‘pi yo‘llardagi qoidabuzarliklarga taalluqli.

Qurbon hayitining birinchi kuni 28 iyun, chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi. Oldinda O‘zbekiston aholisini bayram munosabati bilan ketma-ket 5 kun – chorshanbadan dushanbagacha dam olish kutyapti. Bugungi yakshanbangiz va kelayotgan haftangiz mazmunli va xayrli o‘tishini tilab qolamiz. Kirib kelayotgan Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin.

Top