O‘zbekiston | 09:40 / 02.11.2025
8225
18 daqiqa o‘qiladi

Xaloskor migrantlar va iqtisodiy siyosatdagi iste’fo - hafta dayjesti

Agar pul o‘tkazmalari ko‘paymaganda, bu yil 8 ta viloyatda aholi kambag‘allashgan bo‘lardi: Timur Ishmetovning bojlarni kamaytirish chaqirig‘iga yangi maslahatchi Obid Hakimov qanday qaraydi? Poytaxt hokimligi 174 ta daraxtni qirib tashladi: shunga qaramay joylardagi ekologiya boshliqlari hokimlarga bo‘ysundiriladimi? Haydovchilarning xohlagancha qoida buzish “huquqi” bekor bo‘ladi, lekin yangi “lazeyka”ga chora bormi?

Haftaning O‘zbekiston hayotiga oid dolzarb mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Pul o‘tkazmalari – aholining xarid qobiliyatini o‘stirayotgan asosiy omil

Statistika agentligi O‘zbekiston aholisining topish-tutishi haqidagi yangi ma’lumotlarni e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yil aholining real daromadlari o‘sishi biroz tezlashgan. O‘tgan yili yanvar-sentabr oylarida aholi jon boshiga real daromadlar o‘sishi 5,5 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 6,3 foizga yetgan. Ya’ni hozirgi o‘rtacha o‘zbekistonlikning xarid qobiliyati o‘tgan yilgisidan 6,3 foizga yuqoriroq. Lekin bu respublika miqyosidagi umumiy ko‘rsatkich bo‘lib, hududlar kesimida jiddiy farq qiladi.

Masalan, Toshkent shahrida yashovchilarning topish-tutishi bu yil 10,3 foizga yaxshilandi, farg‘onaliklarning real daromadi esa bundan-da ko‘proq – 13,3 foizga ko‘paydi. Xuddi shu paytda Farg‘onaning yonidagi Andijonda real daromadlarning o‘sishi atigi 1,1 foiz bo‘lgani hayratlanarli. Ikki qo‘shni viloyat o‘rtasidagi bunchalik farqli tendensiyaning sababi tushunarsiz.

Respublikaning eng boy hududi bo‘lmish Toshkent shahrida jon boshiga 9 oylik umumiy daromad 52 mln so‘m bo‘lgan. Poytaxtdan boshqa hududlarda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 19,8 mln so‘mga teng. 5 yil oldin toshkentliklar qolgan 13 ta hudud aholisiga nisbatan o‘rtacha 2 barobar ko‘p pul topardi, hozir esa bu farq 2,6 barobarga yetgan. Xususan, Toshkent va Qoraqalpog‘istondagi aholi daromadlari naq 3,5 barobarga farq qilyapti.

Shunga o‘xshash tafovutni oylik maoshlar statistikasida ham ko‘rish mumkin. Yanvar–sentabr oylarida Toshkent shahridagi o‘rtacha oylik 10 mln 380 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, poytaxtdan boshqa hududlarda o‘rtacha 5 mln so‘m bo‘lgan. Respublika bo‘yicha o‘rtacha oyliklar 6 mln 167 ming so‘mga yetgan, bu – hisobot davridagi o‘rtacha kurs bo‘yicha 483 dollarga teng. Bundan daromad solig‘ini chegirib tashlasak, oylik maoshdan boshqa daromadi yo‘q o‘zbekistonliklar o‘rtacha 425 dollarga kun kechirayotgani ma’lum bo‘ladi.

E’tiborga molik yana bir jihat shundaki, hududlarda nafaqat turmush darajasining oshishi sekin ketyapti, balki aholining xorijdan pul o‘tkazmalariga bog‘liqligi ham o‘ta yuqoriligicha qolyapti. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar pul o‘tkazmalarining miqdori o‘tgan yilgi darajasida o‘zgarishsiz qolganida, O‘zbekiston aholisining jon boshiga umumiy daromadlari bu yil o‘smagan bo‘lardi. Qolaversa, aynan pul o‘tkazmalaridagi o‘sish 8 ta viloyat aholisini kambag‘allashishdan saqlab qolgan. Masalan, agar xorijda yurgan samarqandlik migrantlarning soni va ular yuborgan pullar miqdori oshmaganida, bu yil viloyat aholisi 5 foizga kambag‘allashgan bo‘lar edi.

Ma’lumot uchun, yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari 13,9 mlrd dollar bo‘lgan. Bu – bir yil oldingidan 24 foizga, ikki yil oldingidan 66 foizga ko‘p. Demak, zahmatkash migrantlarimizga xalq farovonligini oshirayotgani uchun minnatdorchilik bildirishning hozir ayni payti.

Iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchi o‘zgardi. Savdoga to‘siqlar kamayadimi?

Aynan iqtisodiyot sohasiga, demakki xalq farovonligiga mas’ul eng katta amaldorlardan biri bu hafta ishdan olindi. O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot bo‘yicha maslahatchisi Ravshan G‘ulomov lavozimini tark etdi. U 6 yildan beri iqtisodiy siyosat bo‘yicha davlat rahbariga maslahatchilik qilib kelayotgan edi. G‘ulomov hududiy rivojlanish bo‘yicha maslahatchi lavozimiga o‘tkazilgan. Uning o‘rniga iqtisodiyot bo‘yicha maslahatchi etib, shu paytgacha G‘ulomovning o‘rinbosari va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori lavozimlarida ishlab kelgan Obid Hakimov tayinlandi.

Obid Hakimov

AQSh universitetlarida o‘qigan Obid Hakimovni jamoatchilik – o‘tmishdoshidan farqli ravishda – nisbatan ochiq rahbar sifatida taniydi. U – O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi mualliflaridan biri sifatida, bu masala siyosiy kun tartibiga olib chiqilgan ilk yillarda bir necha bor intervyular bergan, maqolalar e’lon qilgan, matbuot anjumanlari o‘tkazgan. O‘z chiqishlarida kambag‘allikka qarshi kurashish uchun kompleks yondashuv kerakligi, ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimi samarali ishlashi zarurligi, iqtisodiyotda samaradorlik ortishi kerakligiga urg‘u bergan. Shu bilan birga, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zolik masalasi kun tartibiga chiqqanida, O‘zbekistonning bu tashkilotga kirishiga xayrixohlik bildirgan.

Rasmiylarga ko‘ra, O‘zbekistonda milliy o‘lchovlar asosidagi kambag‘allik darajasi 2016 yilda 34-35 foiz bo‘lgan, hozir esa 6,6 foizga tushgan. 9 yildagi natija darhaqiqat e’tirofga loyiq. Lekin aytish kerakki, kambag‘allikni qisqartirishning “Yangi O‘zbekiston modeli” deb atalayotgan siyosat kamchiliklardan xoli emas. Hukumatdan mustaqil iqtisodchilarga ko‘ra, kambag‘allikka qarshi kurashning eng yaxshi yo‘li bu – iqtisodiy o‘sish. Iqtisodiy o‘sishning, ya’ni kambag‘allikni qisqartirishning tez yoki sekin bo‘lishi esa sud-huquq organlarining xolisligi va savdoning erkinligi kabi fundamental omillarga bog‘liq. Boshqacha aytganda, sudlar chiqarayotgan har bitta adolatsiz hukm va savdoga qo‘yilayotgan har bitta yangi to‘siq – aholini kambag‘allashtiradi. Kambag‘allikni qisqartirish uchun qabul qilinayotgan har xil dasturlar esa qaror qabul qiluvchilarni ana shu fundamental muammolardan chalg‘itishi mumkin, deydi iqtisodchilar.

Savdoga qo‘yilayotgan to‘siqlardan o‘tgan hafta Markaziy bank ham noligan edi. Bu to‘siqlar regulyatorga 5 foizlik inflyatsion targetga yetishiga xalal beryapti. Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyotda narx-navo barqarorligini saqlash uchun inflatsiyaning tub omillarini bartaraf etish kerak. Buning uchun raqobat muhitini kuchaytirish, tarif va notarif cheklovlarni kamaytirish bilan tashqi savdoni erkinlashtirish, energiya barqarorligini ta’minlash va transport infratuzilmasini yaxshilash kerak, dedi Ishmetov. Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank avgust oyida aholining xarid qobiliyatini o‘stirish uchun oyliklarni tezroq oshirishga ham chaqirgandi.

Toshkentda yana daraxtlar qirg‘ini

HabiKatura chizgan surat

Dushanba kuni Kun.uz Telegram-kanalida ikkita qiziq xabar yonma-yon turib qoldi. Birinchi xabar kunlar sovib, havo sifati yana yomonlasha boshlagan kunlarda Ekologiya vazirligi Toshkent havosini yaxshilash choralarini ishlab chiqqani haqida edi. Ikkinchi xabarda esa ayni shu Toshkentda hokimiyat yuzlab daraxtlarni qo‘porib tashlagani yoritilgandi. HabiKatura loyihasi bu ketma-ketlikka e’tibor qaratib, uni karikaturada aks ettirdi. Hajviy suratda “biz Toshkent havosini yaxshilash choralarini ishlab chiqdik” deyayotgan ekologiya amaldorining ustiga kesilgan daraxt qulaganini ko‘rish mumkin.

Ekologiya vazirligining hukumatga kiritayotgan bu takliflari birinchi marta emas: gap yana poytaxt va uning atrofidagi korxonalar va issiqxonalarga filtrlar o‘rnatish va ko‘mirdan voz kechish haqida ketyapti. Avvalgi takliflar taklifligicha qolib ketgan. Voqealar ketma-ketligi ekologlarni hech kim eshitmayotganini ikki martalab tasdiqlab turibdi. Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidagi archalar qirg‘ini ekologiya xodimlarining ko‘z o‘ngida ro‘y berdi, ularning qarshiligi amalda hech narsani hal qilgani yo‘q.

Yam-yashil bo‘lib o‘sib turgan joyida noqonuniy kesib tashlangan daraxtlar va butalar soni, Ekologiya vazirligiga ko‘ra, 174 ta. Tabiatga yetkazilgan zarar – qariyb 1,5 mlrd so‘m. Bu zararni kim to‘laydi, aynan kim javobgarlikka tortiladi – aniq emas. Go‘yoki namoyishkorona jinoyat bor-u, jinoyatchi yo‘qdek. Vazirning maslahatchisi Rasul Kusherbayevning aytishicha, archalarni kesib, o‘rniga qimmat daraxtlarni ekish topshirig‘ini Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov bergan. Vaziyatga aralashmoqchi bo‘lgan ekologiya inspektorlari esa bosimga uchragan.

“Rahmonov kelib, bizning respublika inspeksiyamiz xodimining telefonini zo‘rlik qilib olib qo‘ygan. Ichki ishlar xodimlariga buyurib, olib qo‘yinglar, degan. Ichki ishlar xodimi telefonni olib, keyin “Bu Toshkent shahar ekologiya xodimi emas, respublika vazirligi xodimi”, deganidan keyin qaytarib bergan. Qizig‘i, o‘sha yerda prokuratura vakillari ham bo‘lgan”, – dedi Kun.uz bilan suhbatda ekologiya vazirining maslahatchisi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Kusherbayevning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent shahridagi ekologiya xodimlari shu yil bahorda “Yashil makon” dasturi doirasida aslida ekilmagan daraxtlarni ekildi deb yozishga majburlangan. Bu talabga ko‘nmagani uchun xodimlardan biri hatto qamab qo‘yilgan. Yana bir necha kishi ishxonasiga kiritilmagan. “Biz o‘sha holatlarni ham o‘rgandik, tegishli mutasaddilarga jo‘natdik, lekin hech qanaqa chora ko‘rilgani yo‘q. Hozir prokuratura ham hokimiyatning izmidan chiqib keta olmayapti”, – deydi u.

Archalar qirg‘ini internetda norozilik keltirib chiqarishi ortidan, poytaxt hokimligi aybini tan olib, aholidan uzr so‘radi. “Toshkent shahar hokimligi bu holat uchun mas’uliyatni, javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga olgan holda, shahrimiz aholisidan yetkazilgan zarar uchun uzr so‘raydi. Kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun tizimli ish olib boradi”,dedi shahar hokimining matbuot kotibi Gulnoza Qosimova. U, shuningdek, voqea ortida Baxtiyor Rahmonov turganini rad etdi.

Eslatib o‘tamiz, kelasi yil 1 yanvardan boshlab 7 ta vazirlik, xususan Ekologiya vazirligining ham 41 ta tuman va 4 ta shahardagi bo‘limlari tajriba-sinov tariqasida mahalliy hokimliklar tuzilmasiga o‘tkaziladi. Bu degani, tumandagi ekologiya rahbarini lavozimga tayinlash va ishdan olish ham, rag‘batlantirish yoki jazolash ham hokimlar vakolatida bo‘ladi.

Haydovchilar uchun uchta yangilik

Avtomaktablardagi nazariy darslarda davomat bekor qilinadigan bo‘ldi. Hukumat qaroriga asosan, 2026 yil 1 fevraldan boshlab, “A” va “B” toifadagi, ya’ni mototsikl va yengil avtomobilni boshqarish huquqini beradigan haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy darslarda qatnashish ixtiyoriy bo‘ladi. Talabgorlar agar yo‘l harakati qoidalarini mustaqil o‘rganaman desa, avtomaktabda o‘qish paytida faqat amaliy mashg‘ulotlarga borishi kifoya. Nazariy darslarda qatnashish esa majburiy bo‘lmaydi.

Hukumat qaroridagi yana bir yangilik moped va skuter haydovchilarining og‘irini qisman bo‘lsa-da yengillatadi. 1 yanvardan boshlab ular uchun haydovchilik guvohnomasining “A1” kichik toifasi joriy etiladi. Bu guvohnoma moped va skuter kabi kichik transport vositalarini boshqarish huquqini beradi va uni olish uchun avtomaktabda o‘qish shart emas: to‘g‘ridan to‘g‘ri imtihon topshirib, guvohnoma olish mumkin. Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1 oktyabrdan e’tiboran mopedlar va skuterlarga avtoraqam taqish va faqat guvohnoma bilan haydash talabi kuchga kirgan.

Qarordagi yana bir band esa ko‘pchilik haydovchilarning ta’bini xira qildi: unga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan boshlab radarlar ham jarima ballarini yoza boshlaydi. Xabaringiz bor, bungacha jarima ballari faqat YHX inspektorlari qo‘l rejimida tuzgan bayonnomalar asosida hisoblab kelinayotgan edi. Yangi tartib esa, “xohlaganingcha tez yuraver, pulini to‘lasang bas” qabilidagi buzuq o‘yin qoidasiga yakun yasaydi. Har safar radarga tushganda, 0,5 balldan 2 ballgacha jarima balli hisoblanadi. 12 oy ichida 12 ball to‘plagan qoidabuzar sudga chaqirilib, kamida 6 oyga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.

Mashinaning egasi emas, boshqa odam radarga tushsa-chi, bu holatda jarima balli kimning hisobiga yoziladi? Rasmiylarga ko‘ra, bu masala YHXXning mobil ilovasi orqali tartibga solinadi. O‘ziga tegishli avtomobilni haydash uchun kimgadir ishonchnoma bergan shaxs, mashinani topshirish paytida u bilan birgalikda ilova orqali tizimni xabardor qilib qo‘yishi kerak. Lekin bu holatda bitta “lazeyka” bor: jarima balli 12 ga yaqinlashib qolgan, ya’ni guvohnomasidan ayrilish xavfi ostida turgan haydovchilar tizimni aldash uchun fiktiv ishonchnomalar qilib olishi mumkin. Bunga qarshi qanday chora ko‘riladi – hozircha ma’lum emas.

Yevropa bilan aloqalar qalinlashmoqda

Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi muzokaralardan keyin qo‘shma bayonot qabul qildi. / Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

O‘tgan hafta O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tarixiy shartnoma – kengaytirilgan sheriklik bitimi imzolangan edi. Bu hafta esa Yevropaning birdaniga uchta davlati prezidenti O‘zbekistonga keldi.

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich, Slovakiya prezidenti Peter Pellegrini va Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb bilan kechgan oliy darajadagi muzokaralarning umumiy mundarijasi bir-biriga o‘xshash: avvalo savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiya olib kirish, shuningdek, o‘zbekistonliklar uchun mehnat migratsiyasining yangi yo‘nalishlarini ochish – muhokama markazida bo‘ldi.

Tashriflar davomida qator hujjatlar ham imzolandi. O‘tgan haftada Yevroittifoq bilan tuzilgan bitim ittifoqning a’zosi bo‘lmagan Serbiyaga taalluqli emasdi, shu sabab serblar bilan tuzilgan hujjatlar to‘plami zalvorliroq bo‘ldi. O‘ndan ortiq kelishuv imzolangan bo‘lsa, ular orasidan o‘zaro investitsiyalarni himoya qilish va iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalar alohida ahamiyatga ega. Prezident Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, bu kelishuvlar kelgusida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimga ham asos bo‘ladi. Shundan keyin esa munosabatlarni hatto erkin savdo darajasiga ko‘tarish reja qilingan. Toshkent va Belgrad o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi kutilyapti.

O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi oliy darajali muzokalar 30 yil ichida ilk marta o‘tkazilgan bo‘lsa, Finlandiya prezidentining Toshkentga tashrifi 1992 yildan beri, ya’ni 33 yil ichidagi birinchisi bo‘ldi. Aleksandr Stubb O‘zbekistonga alohida bortda emas, Uzbekistan Airways'ning Ostona–Toshkent yo‘nalishidagi odatiy reysida uchib kelgani e’tiborga molik. O‘zbek–fin muzokaralaridan keyin o‘nga yaqin hujjat imzolandi, xususan ta’limni rivojlantirish, o‘zaro savdoni moliyalashtirish va konchilik sohasida hamkorlikka kelishib olindi.

Slovakiya bilan aloqalar esa bosh vazir Robert Fitsoning iyun oyida Toshkentga tashrifi vaqtida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan va asosiy kelishuvlar o‘shanda imzolangan edi. Prezident Peter Pellegrinining tashrifida ana o‘sha kelishuvlarni kengaytirish muhokama qilindi. Shuningdek, Slovakiya va Serbiya prezidentlari Samarqandda ish boshlagan YuNeSKO sammitida ham mehmon bo‘ldi.

G‘arb bilan faol muloqot keyingi hafta ham davom etadi. 6 noyabr kuni Markaziy Osiyo prezidentlari Vashingtonda C5+1 formatidagi “Markaziy Osiyo – AQSh” sammitida qatnashadi. Aftidan, Toshkent va Ostonaning urinishlariga qaramay, Donald Trampni Markaziy Osiyoga kelishga ko‘ndirib bo‘lmagan. Sammitdan oldin Trampning mintaqamiz bo‘yicha vakili, o‘zi Toshkentda tug‘ilgan Serjio Gor dushanba kuni Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘lib, O‘zbekiston prezidentiga MAGA kepkasini sovg‘a qildi.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Mavzuga oid