Taniqli qiziqchi va so‘z ustasi Valijon Shamshiyev Kun.uz saytining mehmoni bo‘ldi. Valijon Shamshiyev ofisimizga qadam ranjida qilarkan, shu paytgacha hech qaysi internet saytga intervyu berishni istamagani, Kun.uz saytiga bo‘lgan qiziqishi bois suhbatga rozi bo‘lganligini aytib o‘tdi. Suhbatimiz mavzusi qiziqchining ijodi to‘g‘risida bo‘lib, bahonada  san'atkorning  ko‘ngliga qo‘l solishga, uning bir chetida yotgan nozik xotiralarini yod olishga undadik...

– Assalomu alaykum! Xush kelibsiz!

Va alaykum assalom! Xushvaqt bo‘ling! Mana hozir issiq choy uzatdingiz,(choyni xo‘play turib), bir gap yodimga tushdi. O‘zbeklar sayr-u sayohatni xush ko‘ruvchi xalq bo‘ladi-da. Bir kuni bir odam sayohatga chiqib, sovuq o‘lkalarga borib qolibdi. Shunda uni kutib olgan chukcha uyida mehmon qilibdi. “Ooo, mehmon yaxshi. Mehmon kelsa qanday yaxshi”, deb xotiniga muzlatkichdan koka-kola olib kelishini buyuribdi.  Shunda o‘zbekistonlik mehmon: “Voy, shu 70 darajali sovuqda muzlatkichdan koka-kola olib ichirasanmi”, desa chukcha ham bo‘sh kelmay:  “Men ham O‘zbekistonga borganimda 40 daraja issiqda, issiq choy ichirgansan-ku”, debdi.

– Valijon aka, suhbatimizni har doimgidek muxlislarga qiziq bo‘lgan an'anaviy savoldan boshlamoqchimiz. Yaqinda “Mirzo” teatrining sahnaga olib chiqqan repertuari, undagi sizning ijroingiz ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.  Hozirgi paytda nimalar bilan bandsiz?    

Avvalambor konsert dasturimizni kuzatganingiz uchun katta rahmat. 2016 yil oxiri, 6-7 may kunlarida “Kulgi bayrami” deb nomlangan konsert dasturimizni uyushtirishni mo‘ljallaganmiz. Shu bois ayni damda galdagi konsert dasturimizga tayyorgarlik ko‘rish bilan bandmiz. Bu gal konsertimizda yangiliklar bilan sahnaga chiqib, muxlislar kayfiyatini ko‘tarmoqchimiz. Kayfiyatni ko‘tarish yaxshi-da, qon bosimini ko‘targandan ko‘ra...

– Oxirgi paytda hamkasblaringiz taqdim etayotgan konsertlarda ko‘rinmay qoldingiz. Bunga sabab nima?  

O‘zi qiziqchilar ichida konsertga eng kam chiqadigani men bo‘lsam kerak. Sababi bunga o‘zim qarshiman, konsertlarda ko‘ringim kelmaydi. Ilgari qiziqchilar yarim soat davomida 15 daqiqadan ikki marotaba sahnaga chiqib, vaqtni o‘tkazib berardi. Shu 15 daqiqalar ichida san'atkorlar libosini almashtirib, konsertning keyingi blokiga o‘tilardi. Kim qanday tushunadi, bilmadim-u, menga san'atkorlarning libosini almashtirib olishi uchun sahnaga chiqish bir oz g‘alati tuyuladi. Kontsertimga chiqib bering, deb taklif qiladigan san'atkor do‘stlarimiz juda ham ko‘p. Do‘stlarimiz xafa bo‘lishsa ham ularning konsertida chiqish taklifini rad etaman. Aslida konsert dasturida qiziqchilarning chiqishi eskirgan usul bo‘lib qoldi. Shu bois qiziqchilar endi yubiley yoki gala konsertlarda chiqsa, yarashadi, nazarimda.