Jamiyat | 00:32 / 09.05.2016
10897
2 daqiqa o‘qiladi

“Yosh chegarachilar” an'anaviy harbiy-vatanparvarlik musobaqalarining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi

“Yosh chegarachilar” an'anaviy harbiy-vatanparvarlik musobaqalarining mamlakat bosqichi yakunlandi. Shu munosabat bilan Chirchiq Olimpiya zaxiralari kollejida musobaqaning g‘olib va sovrindorlarini  taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Madaniyat va sport ishlari, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. 

Final bahslarida musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi,  viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida muvafaqqiyatga erishgan 13  jamoaning 130 vakili ijtimoiy-siyosiy va huquqiy tayyorgarlik, birinchi tibbiy yordam, tarix, chet tillar, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonunini bilasizmi?” kabi 20 ga yaqin yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilim va mahoratini sinovdan o‘tkazdi. 

Surxondaryo viloyati vakillari – Termiz shahridagi 1-akademik litseyning “Sarhad posbonlari” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Toshkent viloyati sharafini hamoya qilgan Nurobod energetika va iqtisodiyot kasb-hunar kollejining  “Energetika” jamoasi ikkinchi, Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar sanoat kasb-hunar kollejining “Qalqon” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi. 

Musobaqada eng yaxshi natija qayd etgan 15 ishtirokchi qo‘shimcha nominatsiyalar bilan taqdirlandi. G‘olib va sovrindorlarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar berildi.

Mavzuga oid