Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sukunat miyaga qanday ta'sir ko‘rsatadi
Ba'zi tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, bir kun mobaynida sokin sharoitda bo‘lish inson salohiyatining ochilishiga turtki bo‘lar ekan: sukunat xotirani faollashtiradi, ma'lumotni tahlil qilishga yordam beradi va hattoki miya hujayralari o‘sishini rag‘batlantiradi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, baland tovushlar miya va tanaga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar shovqinning qon bosimi oshishi, uyqu jarayonining buzilishi va yurak kasalliklarini keltirib chiqarishini aniqlashdi.

Nautilus nashridan Deniyel Gross sukunatning inson miyasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishiga doir batafsil izoh berdi. U musiqa tovushi va boshqa shovqin tovushlari bo‘yicha bir necha tadqiqotlarni to‘plab, qiziq natijalarga ega bo‘ldi.
Quyida sukunatning uch ustuvor tomoni haqida ma'lumot beramiz.
Miyaning yangi hujayralari o‘sishi
Dyuk Universitetidan regenerativ biolog Imke Kirste bir guruh sichqonlarni turli shovqin tovushlari ta'siriga tushirib, sukunatni nazorat omili sifatida qo‘llashni rejalashtirgan.
Biroq sichqonlar ikki soat sokin muhitda saqlanganidan keyin ularning gippokampida yangi hujayralar paydo bo‘lishi aniqlandi. Miyaning bu bo‘limi his-tuyg‘ular shakllanishida va axborotning qisqa muddatli xotiradan uzoq muddatlisiga o‘tishida ishtirok etadi.
“Biz sukunatning yangi hosil bo‘lgan hujayralarga tizimga integratsiyalashishiga haqiqatda yordam berishini aniqladik”
Imke Kirste, regenerativ biolog
Xotirani faollashtirish
Atrofda “tiq” etgan tovush bo‘lmasa-da, bizning miyamiz haddan ziyod hushyor. Masalan, sevimli qo‘shig‘ingizni tinglayapsiz va kutilmaganda u uzilib qoldi. Agar siz qo‘shiqning kuyi va so‘zlarini yaxshi bilsangiz, u miyangizda jaranglashda davom etadi.

Miya xotiradan tanish ohanglar va matnni topib, xuddi qo‘shiq davom etayotgandek tasavvur qoldiradi. Nautilus sahifalarida berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, bu holat bosh miyaning eshituv qobig‘i izchil ishlashda davom etishi bilan izohlanadi. Hattoki quloqlaringizga hech qanday tovush bormasa-da, miya har doim faol qolishning yo‘lini topadi.
Refleksiyani rag‘batlantirish
Miya tashqi ta'sirlarga duch kelmasa ham, u diqqatni jamlashni to‘xtatib, “saralash tartibi”ga o‘tadi. Bu u butunlay o‘chadi degani emas. Aksincha. Xotirjam holatdagi miya ma'lumot to‘playdi va uni qayta ishlaydi. Bu refleksiya, deb ataladi.

Tashqi tovush qo‘zg‘atuvchilari miyani eshitishga majburlaydi. Atrof jimjit bo‘lsa, miyamiz ichimizda sodir bo‘layotgan narsalarga quloq tutishga majbur bo‘lar ekan.
Mavzuga oid
22:06 / 10.06.2026
Mutaxassislar 8 soatlik uyqu haqidagi afsonani rad qildi: aslida qancha uxlash kerak?
20:10 / 02.06.2026
Olimlar havodagi plastik zarralari yashirin xavf ekanini aniqladi
22:32 / 01.06.2026
Har kuni qahva ichishning salomatlik uchun 4 ta foydasi
17:17 / 31.05.2026