O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonovga milliy terma jamoa futbolchilari hamda murabbiylar shtabining Burkina-Fasoga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan madhiyani ijro etish yo‘sini yoqmagan.
«Nega futbolchilar madhiyani bunchalar ruhsiz ijro etishadi? Menda shunday taassurot paydo bo‘ldiki, ular madhiya so‘zlarini ham bilishmaydi», – degan Usmonov bugun UFFdagi yig‘ilish vaqtida.
«Babayan (terma jamoa bosh murabbiyi - tahr.) xuddi dafn marosimida turgandek, xuddi madhiya emas, dafn marosimi ohanglari yangrayotgandek turdi», – deya qayd etgan u.
Shu bilan birga u bu gaplarni hazilomuz ohangda aytgan.
Yakunda Usmonov Terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonovga bu borada tekshiruv o‘tkazishni tayinlagan va sportchilarni keyingi safar chin dildan kuylashga chaqirgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Burkina-Fasoga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi 24 avgust kuni Toshkentda o‘tkazildi va 1:0 hisobidagi g‘alaba qayd etildi. O‘yindagi yagona gol Yegor Krimets tomonidan o‘yinning 40-daqiqasida urildi.
Manba: Tribuna.uz















