WhatsApp tijorat maqsadlarida foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Facebook’ga yuborishni boshladi. Bu servislar qanday ma'lumotlarni to‘playdi va ularni uzatishdan qanday voz kechish mumkin?
25 avgust kuni WhatsApp o‘zining blogida foydalanuvchilarning telefon raqamlari va boshqa tahliliy ma'lumotlarni Facebook’ga uzatishi haqida e'lon qildi. Kompaniyada barcha xabarlar avvalgidek shifrlanishi, akkauntning suratlari va ma'lumotlari Facebook’ga uzatilmasligi, reklama beruvchilar esa raqamlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmasligiga ishontirishmoqda. Facebook shu tarzda tijoriy maqsadlarini yaxshilashni rejalashtirmoqda. Agar siz ma'lumotlarni messenjerdan Facebook’ning tijorat platformasiga uzatishga rozilik bersangiz, u holda tez kunda o‘zingizga tanish bo‘lgan kompaniyalarning tijorat e'lonlarini ko‘rasiz. WhatsApp telefon raqamlaridan tashqari, quyidagi ma'lumotlarni to‘playdi:
• Operatsion tizim turi
• Ekran o‘lchamlari
• Aloqa operatori
• Qurilmaning identifikatori (ID)
• Ilovani qo‘llash chastotasi
• Mamlakatning telefon kodi
WhatsApp bu ma'lumotlardan tashqari kompaniya oshkor qilmagan boshqa ma'lumotlarni ham yuborishi mumkin.
WhatsApp’dan Facebook’ga shaxsiy ma'lumotlar uzatilishini qanday to‘xtatish mumkin
Barcha foydalanuvchilar ham o‘zlarining shaxsiy ma'lumotlari bilan bo‘lishgilari kelmasligi aniq, shu bois kompaniya to‘plangan ma'lumotlarni Facebook’ga uzatishdan voz kechish imkonini taqdim etdi. Agar siz WhatsApp’da ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsangiz, bu kuzatuv funksiyasini o‘chirib qo‘yishning ikki yo‘li mavjud.

Ilovani ishga tushirganingizda ekranda yangi “Konfidentsiallik shartlari va siyosati” bo‘limining paydo bo‘lganini ko‘rasiz. Shartlarni qabul qilishga shoshilmang, havolani bosib, uning shartlarini o‘qib chiqing. Sahifaning quyi qismida o‘chirish tugmasi bo‘ladi. Agar ma'lumotlaringizni Facebook’ga uzatishni istamasangiz, u holda belgini olib tashlang va tugmani faollashtirmang.

















