Prezident Islom Karimov O‘zbekiston xalqiga mustaqillikning 25 yilligi munosabati bilan bayram tabrigini yo‘lladi. Tabrik televideniyeda o‘qib eshittirildi. Tabrik matni O‘zA tomonidan tarqatilgan.

Aziz vatandoshlar!

Mamlakatimizning ko‘p asrlik tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan, el-yurtimizni mustabid tuzum kishanlaridan ozod qilib, erkin va farovon hayot qurish yo‘lini ochib bergan O‘zbekiston davlat mustaqilligining 25 yillik bayrami bilan barchangizni, butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklayman.

Qadrli do‘stlar!

Barchamizga ayonki, mustaqillik hech qaysi xalq, hech qaysi millat tarixida osonlik bilan qo‘lga kiritilgan emas. Bu haqiqatni chuqur anglaydigan xalqimiz    shu  kurashda  fidoyilik   ko‘rsatgan, qurbon bo‘lgan ota-bobolarimizning xotirasini qalbida abadiy saqlaydi.

Ayni shu kunlarda o‘zini oqlamagan eski tuzumdan yangi tizimga o‘tish davrini eslar ekanmiz, boshimizdan kechirgan mashaqqatli kunlar va og‘ir sinovlar beixtiyor ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi.

Ayniqsa, sobiq tuzum asoratlari tufayli respublikamizda ahvol naqadar xatarli tus olganini avvalo ta'minot masalasi butunlay izdan chiqib, xalqimizni boqish uchun bor-yo‘g‘i bir hafta-o‘n kunga yetadigan un zaxirasi qolgani, tartib-intizom bo‘shashib, turli qo‘poruvchi va g‘alamis kuchlar bosh ko‘tarib, yurtimiz deyarli jar yoqasiga kelib qolgani misolida tasavvur qilish qiyin emas.

Ana shunday o‘ta tahlikali vaziyatda ham biz o‘z tanlagan yo‘limizdan – mustaqillik yo‘lidan qaytmadik.   Chunki   biz   yaxshi     tushunardik   –      hayot-mamotimiz hal bo‘layotgan ayni shunday damlarda qiyinchilik va to‘siqlar oldida bo‘sh kelish – bu hozirgi va kelajak avlodlar oldida xiyonat qilish bilan barobar bo‘lur edi.

Ayni shu paytlarda xalqimiz o‘zining qat'iyati va matonatini amalda namoyish etib, O‘zbekistonimizning yorug‘ va buyuk kelajagiga ishonchini yo‘qotgani yo‘q va inshoollo, hech qachon yo‘qotmaydi.

Haqiqatan ham, mustaqillikning birinchi kunlaridanoq, ahvolimiz qanday og‘ir va xavf-xatarli bo‘lmasin, har qadamda paydo bo‘layotgan to‘siq va g‘ovlarni, turli muammolarni yechish bilan band bo‘lishdan qat'i nazar, mamlakatimizning bugungi kuni va istiqboliga javob beradigan, chuqur o‘ylangan strategiyamiz ustida ishimizni to‘xtatganimiz yo‘q.

Biz oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarga erishishda – erkin, demokratik davlat qurish, bozor iqtisodiyotiga o‘tish, fuqarolik jamiyatini barpo etishda,   mamlakatimizni   taraqqiy   topgan davlatlar  qatoriga ko‘tarish yo‘lida shoshma-shosharlik va pala-partish ishlarga yo‘l qo‘ymadik, jahondagi ilg‘or tajribalarni o‘rganib, lekin kimdandir ko‘r-ko‘rona nusxa olganimiz yo‘q. Bu borada chuqur ma'noga ega bo‘lgan “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan g‘oya asosida el-yurtimizga xos xususiyatlar, shart-sharoitlarga mos bo‘lgan, xalqaro maydonda “o‘zbek modeli” deb tan olingan, uzoqni ko‘zlagan yo‘lni o‘zimizga ma'qul topdik va uni amalga oshirishga kirishdik.