11:30 / 14.09.2016
18829

Turkmanistonning yangi konstitutsiyasiga ko‘ra prezidentlik muddati uzaytirildi

Turkmaniston parlamenti (Majlis) bugun prezidentlikka nomzodlar uchun yosh cheklovini bekor qilingan yangi konstitutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Shuningdek, yangi konstitutsiyaga binoan prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilgacha uzaytirilgan

Yangi konstitutsiyani qabul qilish uchun ovoz berish Turkmaniston Oqsoqollar kengashi yig‘ilishida bo‘lib o‘tdi. Unda hukumat vakillari ham ishtirok etdi.

«Respublika prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov yig‘ilishda ushbu qonunga imzo chekdi va shu paytdan boshlab hujjat qonuniy kuchga kirdi», deyilgan RIA Novosti xabarida.

«Turkmanistonda yangi konstitutsiya qabul qilinishi — mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy rivojlanishning yangi bosqichiga o‘tganidan dalolatdir. Turkmanistonning yangi konstitutsiyasi xalqaro huquqning tan olingan normalari asosida xalqaro qonunchilik tajribasi inobatga olingan holda ishlab chiqilgan», — deya qayd etgan Gurbanguli Berdimuxammedov.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldingi konstitutsiyaga ko‘ra, Turkmanistonda tug‘ilgan, 40 yoshdan kichik bo‘lmagan va 70 yoshdan oshmagan shaxs Turkmaniston prezidentligi uchun nomzod sifatida ko‘rsatilishi mumkin edi.

2016 yilning 29 iyunida Gurbanguli Berdimuhammedov 61 yoshga kirgandi. Uning konstitutsiya bo‘yicha ikkinchi muddati 2017 yilda nihoyasiga yetishi kerak edi.

Turkmanistonda oxirgi marta prezident saylovlari 2012 yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan. 2008 yilning sentabr oyida konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, navbatdagi prezidentlik saylovi 2017 yilning fevralida o‘tkazilishi kerak hisoblanadi.

Top