12:31 / 20.09.2016
11791

Hollivudlik aktyor Jim Kerri sud qilinishi mumkin

Mashhur hollivudlik komik aktyor Jim Kerriga nisbatan ariza topshirilgan bo‘lib, unga ko‘ra Kerri 2015 yilda hayotdan ko‘z yumgan ma'shuqasi Katriona Uaytning o‘limida gumon qilinmoqda, deb xabar qilgan Amerika OAV. 

Uayt vafot etgan vaqtda u bilan nikohda bo‘lgan Mark Byortonning uqdirishicha, aynan Kerri Uaytni kuchli og‘riqsizlantiruvchi dorilar bilan ta'minlagan. Katriona shu dorilar yordamida alaloqibat o‘z joniga qasd qilgan. 

Grim ustasi bo‘lib ishlagan Uayt 2015 yil 28 sentabrda Kaliforniyadagi uyida o‘lik holda topilgandi. Sudtibekspertizasi xulosasiga ko‘ra, og‘riq qoldiruvchi va tushkunlikka qarshi dorilar, xususan Embien, Propranolol va Perkotset kabi malhamlardan zaharlanish oqibatida o‘lim yuz bergan. Bu dorilarning barchasi shifokor ruxsati bilan sotiladi. 

«Kerri «Artur King» nomi ostida ushbu malhamlarni noqonuniy ravishda olgan va Katriona Uaytga bergan», — deya da'vogar yozgan ariza matnidan nusxa keltiradi USA Today nashri. Da'vo arizasida ta'kilanishicha, Kerri ma'shuqasining tushkunlikka tushishini va o‘zini o‘ldirishga bo‘lgan urinishlarini bilgan. Bundan tashqari, aktyor qizning o‘limiga aloqadorligini yashirishga uringan. Endilikda advokatlar mazkur ishni hakamlar sudi ko‘rib chiqishini talab qilmoqda. 

Aytish joizki, AQShda opiyli og‘riqsizlantiruvchi dorilarni iste'mol qilish epidemiya hajmiga kelib qolgan: Kaiser Family Foundation tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, har besh amerikalikning biri shifokor ruxsati bilan sotilishi lozim bo‘lgan shu kabi dorilarni iste'mol qiladi.

Mavzuga oid
Top