Tasviriy san'at namunalari suratlardan nimasi bilan ustun
Erazm Rotterdam Universiteti olimlari odamlar san'at asariga yaqinlashganda ularning bosh miyasida o‘ziga xos reaksiya sodir bo‘lishini aniqlashdi. Ushbu tadqiqot tafsilotlari Brain and Cognition jurnalida havola etilgan.
Olimlar 24 nafar talabadan iborat guruhdan bir qator tasviriy san'at namunalarini baholashni so‘rashdi va bir vaqtning o‘zida EEG (elektroentsefalografiya) yordamida ularning miya faolligini o‘lchashdi. Birinchi bosqichda sinovdagilar bir qator tasvirlarni hissiy jihatdan baholashdi. Shuningdek ular tasvirning san'at asari yoki oddiy rasm ekanligini aniqlashlari kerak bo‘lgan.
Ikkinchi bosqichda tadqiqotchilar ishtirokchilarning miya qobig‘idagi elektromagnit faollikni o‘lchashgan. Bu bosqichda talabalarga qanday xarakterdagi tasvirni ko‘rishlari aytildi: hayotiy suratlar, hujjatli yoki o‘yin filmlaridan lavhalar yoxud kartinalar. Elektromagnit faollik darajasi tasvir namoyishidan 0,6-0,9 soniya o‘tgach o‘lchangan.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ishtirokchilar hujjatli film lavhalarini ko‘rishganida, ularning miyalaridagi elektromagnit faollik darajasi oshgan, san'at asarlari ko‘rsatilganida esa - bu ko‘rsatkich pasaygan. Bundan tashqari tadqiqot ishtirokchilari kartinalarning jozibasi ko‘proq, deb topishgan. Olimlarning ta'kidlashicha, kontekst miyaning qabul qilish jarayoniga katta ta'sir o‘tkazadi.
Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, insonlar "haqiqatdan yiroq bo‘lgan" narsalarga duch kelganda, ularning hissiy reaksiyasi neyron darajasida xiralashadi. Mutaxassislar buni tasvirning shakli, rangi va kompozitsiyasini tahlil qilish uchun uning mazmunidan uzoqlashishga urinish bilan bog‘lashadi. Olimlar hissiyotlarni "mexanik boshqarish" jarayonini endi anglay boshlayotganliklarini aytib, shu mazmundagi tadqiqotlarni ko‘proq o‘tkazishlari kerakligini ta'kidlashgan.
Mavzuga oid
17:34 / 18.11.2024
Xitoy Oy tuprog‘idan yasalgan g‘ishtlar yordamida u yerda baza qurmoqchi
15:52 / 16.11.2024
Amerikalik olimlar bioorganizmlarning “uchinchi holati”ni aniqladi
15:12 / 16.11.2024
Uyqu to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi - tadqiqot
15:46 / 14.11.2024