BAAga kelgani aytilgan Netanyahu va AQSH bazalari atrofidagi «terrorizm xavfi» – kun dayjesti
|13:401 2238 min
Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSH-Eron muzokaralari
AQSH prezidenti Donald Tramp shu haftada Eron bilan muzokaralar davom etishini kutmoqda. Bu haqda u Axios'ga bergan intervyusida maʼlum qildi.
«Men Eron bilan yangi muzokaralarni kutmoqdaman. Ular kelishuv tuzishni xohlayapti, ammo bu men tuzmoqchi boʻlgan kelishuv emas. Balki, biz bir yil oldin bunga rozi boʻlgan boʻlardik. Ular oʻz kuchlariga ortiqcha baho berib yuborishdi», dedi Oq uy rahbari. Eronga zarba berishni qayta boshlash mumkinmi, degan savolga esa Amerika yetakchisi «har doim bu haqda oʻylayotgani»ni taʼkidladi.
Nashr manbalariga koʻra, qatarlik vositachilar bugunning oʻzidayoq Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi va AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashuvlar oʻtkazadi.
Tehron har qanday muzokaralarni Hoʻrmuz boʻgʻozini toʻliq ochish va AQSH tomonidan qoʻyilgan dengiz blokadasini bekor qilishga qaratmoqchi. Vashington esa Eronning yadroviy dasturi boʻyicha yon berishlarni oʻz ichiga olgan kengroq bitim talab qilmoqda.
Bir necha kun oldin Tramp Eronning shartlari yozilgan kelishuvni rad etgandi. Wall Street Journal manbalariga koʻra, Amerika yetakchisi oʻz yordamchilariga – noyabrdagi oraliq saylovlardan soʻng Eronni bombardimon qilishni qayta boshlash niyatida ekanini aytgan.
Netanyahu BAAga kelgani aytilmoqda
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu yakshanba kuni Abu-Dabiga tashrif buyurib, BAA prezidenti Shayx Zoid Ol Nahayon bilan uchrashgan. Bu haqda Isroilning yuqori martabali rasmiysiga tayanib Reuters xabar bermoqda.
Netanyahu idorasi va BAA tashqi ishlar vazirligi bu xabarlarga hozircha izoh bermadi. Bu xabar chiqishidan biroz oldin Isroilning «Haretz» gazetasi ham BAAga aloqador tasdiqlanmagan xabar tarqatgandi. Unga koʻra, Ol Nahayon 2023-yil 7-oktabrdagi hujumlardan taxminan 10 kun oldin Netanyahuni – Hamas yirik operatsiya rejalashtirayotganidan ogohlantirgan boʻlishi mumkin. Ammo bu ogohlantirish Isroil razvedka idoralariga yoki armiyasiga yetkazilmagan, deb yozadi «Haretz».
Netanyahu esa ushbu xabarni rad etib, gazetani sudga berish bilan qoʻrqitdi. Chunki u hozirda ogʻir qayta saylanish kampaniyasini boshdan kechirmoqda. Muxolifat yetakchilari bosh vazirni 7-oktabrdagi hujum oldidan xavfsizlik tizimidagi nosozliklar uchun ayblamoqda.
Mavzuga oid
BAA esa Isroil gazetasining razvedka maʼlumotlariga doir xabariga izoh berishdan bosh tortdi. Biroq 2020-yilda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan beri BAA va Isroil «ochiq va toʻgʻridan toʻgʻri aloqa liniyalarini» saqlab kelayotganini taʼkidladi.
Joriy yil may oyida ham Isroil bosh vaziri idorasi Netanyahuning BAAga «yashirincha tashrifi» haqida xabar bergandi. Ammo BAA buni rad etgan.
Erondagi urush boshlanganidan beri BAA AQSH va Isroil bilan munosabatlarini mustahkamlamoqda.
Britaniyadagi AQSH bazalari atrofidagi xavf
Britaniya politsiyasi yakshanba kuni Fairford harbiy aviabazasi yaqinida besh erkakni portlovchi moddalar va terrorizm bilan bogʻliq jinoyatlarda gumonlab hibsga oldi. Ushbu baza AQShga tegishli boʻlgan va Eronga zarbalar berishda foydalanib kelinayotgandi.
Reuters xabariga koʻra, voqea bazaga qarab ketayotgan uchta shubhali furgon haqidagi xabardan boshlangan. Tunda qurollangan politsiyachilar besh kishini qoʻlga olgan, ular terrorchilik harakatiga tayyorgarlik koʻrishda gumonlanmoqda. Baza atrofida 400 metrlik toʻsiq oʻrnatilib, portlovchi moddalarni zararsizlantirish boʻlinmasi furgonlarni tekshirgan. Yaqin atrofdagi qishloqdan 85 ta uy evakuatsiya qilingan. AQSH foydalanadigan boshqa 2 ta bazada ham xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Politsiya rasmiylari tergov hali dastlabki bosqichda ekanini aytib, voqea ortida kim turgani haqida rasmiy bayonot bermagan. Tergovdan xabardor manbaning Reutersʼga aytishicha, Eron bilan bogʻliq motiv eng ehtimolli deb hisoblanmoqda. Biroq Rossiya tomonidan uyushtirilgan sabotaj ehtimoli ham oʻrganilmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa gumonlanuvchilar «katta zarar» yetkazmoqchi boʻlganini, ular uzoq vaqtdan beri Britaniya va AQSH idoralari kuzatuvida boʻlganini aytdi.
Eslatib oʻtamiz, Britaniya hukumati AQShga Fairford'dagi bombardimonchilardan Eron raketa pozitsiyalariga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat bergan. Iyul oyida Erondagi Muhofizlar korpusi Londonni bu borada ogohlantirib, hujumlar uchun ishlatiladigan har qanday baza «qonuniy nishon» boʻlishini bildirgan.
JARda ommaviy otishmalar
Janubiy Afrika Respublikasida shanba kuni kechqurun va yakshanba tongida roʻy bergan ikki ommaviy otishmada 27 kishi halok boʻldi.
BBC'ga koʻra, birinchi hujum Yoxanesburg yaqinidagi barda sodir boʻldi. Sakkiz nafar qurollangan shaxs avval bar tashqarisidagi mijozlarga, soʻng ichkaridagilarga qarata oʻq uzgan. Keyin ular ikki avtomobilga oʻt qoʻyib, qochib ketgan. Hujumda 17 kishi halok boʻlgan, yana 15 kishi yaralangan. Politsiya asosiy motiv talonchilik boʻlgan deb hisoblaydi.
Ikkinchi otishma Keyptaun yaqinidagi shaharchada, koʻngilochar maskan oldida yuz berdi. Unda 10 kishi halok boʻldi, 11 kishi yaralandi. Yakshanba tongiga qadar ikkala voqea boʻyicha hech kim hibsga olinmagan.
Aholisi 62 million boʻlgan JAR qotillik darajasi dunyodagi eng yuqori mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bu yerda har kuni oʻrtacha 60 ga yaqin qotillik qayd etiladi. Zoʻravonlik koʻpincha giyohvand moddalar savdosi va noqonuniy kon qazish bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruhlar raqobati bilan bogʻlanadi.
Joriy yildan qotillik eng koʻp qayd etiladigan hududlarga politsiya bilan birga armiya kuchlari ham jalb qilinmoqda.
Ukrainaga hujumlar
Yakshanba kuni Rossiya dronlari Ukraina poytaxti Kiyev chekkasidagi bozorni yoqib yubordi. Hujum tufayli ikki kishi halok boʻlgan. Mahalliy rasmiylarning maʼlum qilishicha, Ukrainaning turli hududlariga uyushtirilgan hujumlar oqibatida yana uch kishi halok boʻlgan.
Ukraina prokuraturasining taʼkidlashicha, dronlar Kiyevning gʻarbiy chekkasida joylashgan Sofiyivska hududidagi bozorga kelib tushgan. Natijada 2 kishi halok boʻlgan va 10 ga yaqin odam yaralangan.
Internetda eʼlon qilingan suratlarda yonayotgan inshootlar va transport vositalari, shuningdek, yerga sochilib yotgan vayronalar aks etgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy soʻnggi hujumlarni qoralab, tinch aholi obyektlarining nishonga olinishi – «terrorizm»ni anglatishini aytdi.
Chegara yaqinidagi Sumi shahrida esa uchta boshqariluvchi aviabomba oilani qoʻllab-quvvatlash markazi yaqiniga tushib, ikki kishining hayotiga zomin boʻlgan.
Rossiya uzoq vaqtdan beri Sumi viloyati hududlarini bufer zonasiga aylantirish niyatida ekanini taʼkidlab keladi.
Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, shanbadan beri Rossiya turli xildagi 277 ta hujumkor dronlarni uchirgan. Ulardan 155 tasi reaktiv turdagi dronlar boʻlib, ular yuqoriroq parvoz qiladi va urib tushirish qiyin.
Qozogʻiston mudofaa vaziri ishdan olindi
Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev yakshanba kuni Dauren Kosanovni mamlakat mudofaa vaziri lavozimidan ozod qildi. Bu qaror Mangʻistov viloyatida qozogʻistonlik harbiy xizmatchilar bilan yuz bergan fojiadan 3 kun oʻtib qabul qilindi.
24-sentabr kuni Kaspiy dengizi qirgʻogʻida Qozogʻiston Harbiy-dengiz kuchlari mashgʻulotlari chogʻida 17 nafar harbiy suvga tushib, kuchli shamol ularni ochiq dengizga olib ketgandi. Uch kishi qutqarildi, qolgan 14 kishi halok boʻldi. Halok boʻlganlar 19 yoshdan 23 yoshgacha boʻlgan.
Oʻsha kunning oʻzida Qozogʻistonda umummilliy motam eʼlon qilindi. Holat yuzasidan 3 ta modda boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilib, tergov olib borilmoqda. Tergov doirasida Qozogʻiston Qurolli kuchlarining besh nafar mansabdori qamoqqa olindi.
Qozogʻiston mudofaa vazirligining yangi rahbari etib general mayor Aydos Mirzaxmetov tayinlandi. Bungacha u Qozogʻiston Qurolli kuchlarining Maxsus operatsiyalar kuchlariga qoʻmondonlik qilgan.