Jurnalist O‘tkir Jalolxonov o‘z kinotaqrizida o‘zbek kinoixlosmandiga jahon kinosi namunalaridan birini tavsiya etadi.
Ish kuni oxirlaganda odam shunchalik charchab ketdiki… Ish charchatmadi, qayoqqa qarasang, portlagan, yongan, o‘ldirilgan. Yomon xabarlardan odamning miyasi portlab ketay deydi. Tun yarmiga yaqinlashib qolgan, hamon ishxonada edim. Hayot go‘zalliklarini unutayozgan xayolimga yordam berar deb Google’ga murojaat qildim. Yangiliklar bo‘limini tanlab, qidiruv maydoniga qadrdon ismni yozdim: Juzeppe Tornatore. Google shunday katta xushxabar berdiki, hamma yomon narsalar yoddan ko‘tarildi: Juzeppe Tornatore yangi film ishladi. Asar (bu ijodkorning har bir kinosi asar degulik) bir oycha ilgari rus tiliga o‘girilgan ekan. U haqida yozilgan ikki qator gapning o‘zi qanchalik ajoyib ekanini ko‘rsatib turardi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Axir uni “Juzeppe aka” ishlagan-ku! Shu kundan halovat qochdi. Na ishda unum bo‘ldi, na yurish-turishda. Film xayoldan ketmadi. Ruscha nomi “Dvoye vo vsellennix” (La Corrispondenza). Ikki-uch kundan keyin topdim. Hayajon bilan ekranga tikildim va … Anchadan beri yaxshi kino nima ekanini unutib qo‘yganim uchun qalbim orom topdi. Shunday ijodkorlar borligiga shukur. Har qanday asari san'atni bezab turadigan kinochilar bor ekani ne'matdir-da?! “Pianinochi haqida afsona” (Bosh rolda Tim Rot o‘ynagan), “Hammasi ko‘ngildagidek” (Bosh rolda Marchelo Mastroyani), “Malena” (Bosh rolda Monika Beluchchi), “Yangi Paradizo kinoteatri” va “Eng yaxshi taklif” kabi ajoyib filmlari ko‘ngillarga kirib borgan Juzeppe Tornatorening bu galgi filmi xayol, muhabbat va xotiraning yoqimli xuruji haqida…
Kimnidir sog‘insagiz‑da, uni ko‘rishga imkon bo‘lmasa, yolg‘izlikni xohlaysiz. Iloji bo‘lsa, suv jildirab turgan yoki mashinalarning shovqini uzoqdan eshitilib turgan qop-qorong‘u daraxtzor. Yurak faqat bir narsani xohlaydi: o‘ylashni, xayol surishni. Sog‘ingan insoningiz haqida kulib, yig‘lab, yer tepinib, osmonga, yulduzlarga qarab o‘ylagingiz keladi. Xuruj qiladi… Xayol xuruj qiladi, xotiralar, insonni kul qilib yuboradigan qarashlar xuruj qiladi. Mana shu xotiralardan ajralib qolishni tasavvur eta olasizmi? Doim yoningizda bo‘lishini istaganingiz, sevganingiz, ko‘z ochib ko‘rganingizga aylanmasa‑yu, uni faqat ko‘zlarni yumib ko‘rsangiz, xotiralardan bo‘lak u bilan bog‘laydigan hech narsangiz bo‘lmasa… Oxir-oqibat, mana shu xotirotlardan ham ayrilishni tasavvur eta olasizmi? Bu juda og‘irku?!..
Filming bosh qahramoni yoshgina, chiroyli qiz (Juzeppe akaning filmlarida uzoqdan ko‘rinib ketadigan ayol ham chiroyli bo‘lishiga alohida e'tibor beriladi). U filmlarda murakkab sahnalarni ijro etadi. Xullas, kaskadyor. Qizning sevgilisi yoshi undan ancha katta bo‘lgan fizik olim. Doim safarlarda, konferensiyalarda yuradi, lekin qizni bir soniya ham yodidan ko‘tarmaydi. Unga har kuni videoxabar yuborib turadi. Qizni shunchalik yaxshi biladiki, u qachon nima qilishi‑yu, uyg‘onganda qanday qiliqlar qilishigacha yoddan biladi. Har kuni kutilmagan syurprizlar qilib, qizni xursand qiladi.


















