Jahon | 09:26 / 27.09.2016
4036
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Turkiyadagi suriyalik qochqinlarning har biri uchun oyiga 30 yevrodan to‘lab boradi

Yevropa Ittifoqi Turkiyada bo‘lib turgan suriyalik qochqinlarga har oyda 30 yevrodan to‘laydi (100 lira). Welt nashri xabariga ko‘ra, bu mablag‘lar qochqinlarga yordam dasturi doirasida elektron kartalar orqali o‘tkaziladi.

"Bank kartalari qochqinlarning odatiy hayotga qaytishida yordam beradi. Bu choralar haddan tashqari yomonlashgan qochqinlar muammosini oz bo‘lsada yengillashtiradi", deyilgan Yevropa Ittifoqining gumanitar yordam va inqiroziy boshqarmasi komissari Xristos Stilianidisning bayonotida.

Bundan oldinroq Stilianidis ma'lum qilgandiki, Yevrokomissiya Turkiyadagi suriyalik qochqinlarga yordam sifatida 348 mln dollar ajratiladi.

"Qochqinlar bu yordam orqali farzandlarini ishga emas, maktabga yuborishlari mumkin bo‘ladi", degandi yevrokomissar.

Nashrning qayd etishicha, dasturning ishga tushirilishi oktabr oyiga belgilangan. Bu YeIning Turkiyaga qochqinlar masalasida 2016-2017 yillarda ajratadigan 3 milliard yevrolik yordamining bir qismi bo‘ladi. Dastur Qizil yarimoy jamiyatining Turkiyadagi bo‘limlari yordamida amalga oshiriladi.

Bundan oldinroq Stilianidis dastur ijrosi nazoratda bo‘lishi va "bir yevro ham boshqa maqsadlarda sarflanmasligi"ni aytib o‘tgandi. Shu bilan birga u bu nazorat qay tariqa amalga oshirilishiga oydinlik kiritmagan.

YeI ma'lumotlariga ko‘ra, Turkiyada ayni vaqtda 3 milliondan ortiq suriyalik qochqinlar joylashgan.

Mavzuga oid

E`lonlar